🔍

Article

“BAGʻRIKENGLIK MENI HAYOTGA QAYTARDI”

By Xasan TOSHXO‘JAYEV, «Xalq so‘zi» muxbiri. • in 2008

Istiqloldan so‘ng mamlakatimmiz sud-huquq tizimida bir qator ijobiy o‘zgarishlar, asrlarga tatigulik tub islohotlar amalga oshirildi. Xususan, jinoiy jazo tizimini erkinlashtirishga doir chora-tadbirlar ulkan ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etdi. Og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarning 75 foizga yaqini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi. Mazkur o‘zgarishlar tufayli sudlarning ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazoni tayinlashi sezilarli darajada kamaydi.

Natijada, bir vaqtlar jinoiy jazolarning ta’minlanishida asosiy o‘rinni egallagan organ — prokuratura odamlar ongida avvalgidek “qoralovchi” sifatida emas, balki fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyachisi, sud esa ilgarigi qamaydigan idoradan jinoyatning oldini oladigan tashkilot sifatida gavdalanadigan bo‘ldi. Eng muhimi, kishilarning huquq-tartibot idoralariga nisbatan ishonchi ortdi. 2001-yilda Prezidentimiz Islom Karimovning bevosita tashabbusi va g‘oyalari bilan “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning qabul qilinganligi bu borada olib borilayotgan ishlarning tamal toshi bo‘ldi, deyish mumkin. Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi tufayli 2006-yil hamda joriy yilda sud xukmi e’lon qilingan shaxslarning qariyb 70 foiziga nisbatan jamiyat va oiladan ajratish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llanildi. Bu raqamlar istiqloldan oldingi yillarga taqqoslanganda, juda katta tafovutni ko‘rsatishi ham mamlakatimizda inson manfaatlari — oliy qadriyat ekanligini yaqqol isbotlaydi. Shuningdek. iqtisodiyot sohasidagi 8 turdagi jinoyatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplangan taqirda, aybdorga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishi to‘g‘risida qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urib, qilmishidan pushaymon chekayotgan hamda o‘z aybini yuvish istagidagi shaxslarga Vatan va jamiyat ravnaqi yo‘lida halol mehnat qilib, xatolarini tuzatishlari uchun imkoniyat yaratib berdi.

Ularni jamiyat va oilasidan ajratmasdan qayta tarbiyalash, shu bilan birga, yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplash imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Jinoiy jazolarni liberallashtirishning mantiqiy davomi va eng asosiysi, albatta, Prezidentimizning 2005-yil 1-avgustda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi Farmonidir. Unga qadar faqat ikkita jinoyat uchun o‘lim jazosi belgilangan bo‘lib, bu ham kechirimlilik, bag‘rikenglik hamda mehr-shafqat singari fazilatlarni hamisha ulug‘lovchi xalqimiz uchun sira mos emasdi. Yurtimizda o‘lim jazosining bekor qilinishi mamlakatimizda insonparvarlik tamoyiliga qat’iy rioya etilishini yana bir karra tasdiqladi. Joriy yilning 30-noyabrida Prezidentimiz taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n besh yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaror ham mazkur tamoyilning o‘ziga xos ko‘rinishdir. — O‘ylamay, nojo‘ya ish qilganim bois panjara ortiga tushgandim, ~ deydi toshkentlik Iskandar. — Hayotning, ozodlikning qadrini ana endi angladim. Mana, davlatimiz biz kabi adashganlarga muruvvat ko‘rsatib, muddatidan oldin ozodlikka chiqarildim. Endi bundan buyon faqat va faqat halol yo‘l bilan kun kechirishga, qayta jinoyat qilmaslikka o‘z-o‘zimga so‘z berdim. Ochig‘i, bu mening qayta tug‘ilishim bo‘ldi. Bag‘rikenglik meni va menga o‘xshaganlarni hayotga qaytardi. Insonparvarlik va mehr-shafqat tamoyilining amaldagi ijrosiga bundan ziyod baho berish mumkinmikin?

Total words

427

Unique words

330

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.773

Hapax

278

Distribution

Top frequency chart

Dataset