Yangi yil shodiyonasi, chindan ham, beistisno butun odamzotga taalluqli umuminsoniy bayramdir. Shu bilan birga, u har bir xonadonni alohida o‘z fayzi bilan yorishtiruvchi, har bir kishining qalbiga surur olib kiruvchi shaxsiy bayramdir.
Yangi yil ayyomi deyilganida «sarhisob» tushunchasi ham yodga keladi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, ushbu bayram onlarida umrimizning yana bir yili ortda qolganligi va yoshimizga yana bir yosh qo‘shilganligini eslab turamiz. «O‘tgan yilda qanday yashadim? Uni qanday natijalar bilan yakunlayapman?» degan savollar kishini hayajonga soladi.
Shunday savollar bilan har birimiz o‘zimizga va yashayotgan Vatanimiz hayotiga ma’naviy taftish nigohi ila qaraydigan bo‘lsak, ko‘nglimiz xotirjam tortadi va hatto o‘tgan yilimizdan mamnun bo‘lishga ham haqlimiz. 2007-yilni biz yaxshi yashadik. U bizdan to‘la-to‘kis rozi bo‘lsa, arziydi. Yilimizning mazmuni va mohiyati ancha boy. Keling, loaqal uning ayrim eng muhim voqealarini bir g‘ururlanib eslaylik. Avvalo, bu yil Prezidentimiz tashabbusi va takliflariga asosan, Ijtimoiy himoya yili, deb e’lon qilindi. Shu maqsadga qaratilgan butun boshli Davlat dasturi asosida ulkan miqyosdagi xayrli, muruvvatli ishlar amalga oshirildi. Bu yilda insonparvarlik, mehr-oqibat, muruvvat, savob, saxovat, muhtojlarga madad hayotimizning bosh qoidalariga aylandi. Bu tushunchalar davlatimiz siyosati mag‘zini tashkil etdi hamda jamiyatning ezgu kuchlarini ro‘yobga chiqardi. O‘tayotgan yilimiz o‘z ezguliklari bilan tarihda zarhal harflar bilan muhrlanishi aniq. Yana bir voqea: mamlakatimiz poytaxti — muazzam Toshkentimiz 2007-yilda xalqaro miqyosda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi. Bu ulug‘ voqea esa, $$O‘zbekiston$$imizning jahondagi obro‘-martabasi o‘tgan yilda yangi bir bosqichga yuqorilaganligini yaqqol isbot etadi. Shuningdek, bu yilda mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan yangilashga va uni ilg‘or xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarishga xizmat qilayotgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Davlat qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining o‘n yilligi keng nishonlandi. 2007 yilda $$O‘zbekiston$$ mustaqilligining sharafli 16-yilligi, mustaqil vatanimiz Konstitutsiyasining 15-yilligi kabi muhim voqealar katta bayramlarga aylandi. O‘tgan yilda yurtimizda yana bir ulkan tarixiy ahamiyatli voqea yuz berdi. Bu — $$O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti$$ saylovidir. Xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidek, chinakam demokratik bir tarzda, erkinlik, oshkoralik va muqobillik sharoitida o‘tgan bu ulug‘ tadbirda Yurtboshimiz [Islom Karimov] yangi muddatga qaytadan $$O‘zbekiston Prezidenti$$ etib saylandilar. Shu tariqa vatandoshlarimiz $$O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi$$, xalqimizni mustaqil rivojlanish yo‘lidan yuksak aql-zakovat, donishmandlik bilan boshqarib borayotgan, mamlakatni tobora obod, xalq turmushini yanada farovonlashtirish yo‘lida betimsol fidoyilik namunalarini ko‘rsatayotgan Prezidentimizga o‘zining chuqur ishonchi va haroratli mehr-e’tiqodini yorqin namoyish etdi.
Yakunlangan yilda xalqimiz, ayniqsa, g‘allakorlar ajoyib g‘alabalarga erishdilar. Masalan, yer yuzida iqlimning sezilarli balandlashib ketganligi, ayrim mintaqalarda qurg‘oqchilik yuz berganligi sababli 2007-yilda dunyoda g‘alla hosili rejadagidan ancha kam bo‘ldi. Biroq O‘zbekistonimizda 6 million 250 ming tonnalik mahobatli don xirmoniga erishildi. Dalalarimiz 3,6 million tonnalik paxta hosilini tuhfa etdi.
2007-yilda, haqli ravishda, «Asr kurilishi» deb faxrli nom olgan 223 kilometrlik $$«Toshguzar-Boysun-Qumko‘rg‘on» temir yo‘li$$ qurilib, ishga tushirildi... Qadimiy va hamisha navqiron Samarqandning 2750-yilligi, Marg‘ilonning 2000-yilligi keng nishonlandi... Eslayversak, o‘tgan yilimizning muzaffar qiyofasini belgilaydigan bunday yutuqlardan yana qanchadan-qanchasini qalamga olishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo aytib o‘tilgan voqealar ham o‘tgan yilning alohida salobatidan va zalvoridan yaqqol dalolat berib turibdi.
Insoniyatda ajib bir tarixiy odat mavjud. Bu odat shuki, yillar muayyan muchal nomlari bilan atab kelinadi. Bunda o‘ziga xos hikmat bor. Boshlanayotgan yangi — 2008-yilimizni Prezidentimiz «Yoshlar yili» deb atashni taklif etdilar va bu taklif butun mamlakatda xursandchiliklar bilan kutib olindi. Buning sababi esa oddiy va ezgudir: davlatimiz rahbari «farzandlarim, bolalarim!» deb alqab kelayotgan, xalqimiz esa o‘zining va ona-O‘zbekistonimizning ishonchi, tayanchi, kelajagi deb sidqidildan umid va mehrini bag‘ishlagan bolalarimiz, yoshlarimiz — jamiyatda katta va hal qiluvchi kuchdir. Endi yoshlarimiz so‘zning chin ma’nosida qudratli, hayotiy omilga va kuchga aylanishi uchun esa ularga alohida g‘amxo‘rlik va e’tibor zarur. Yoshlarga g‘amxo‘rlik, e’tibor, farzandlar tarbiyasi mustaqillik davrida davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15-yilligiga bag‘ishlangan tantanadagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, 2008-yil — Yoshlar yilida bu g‘amxo‘rlik, e’tibor, yoshlar tarbiyasi alohida davlat ahamiyatiga ega bir ishga aylanadi. Nihoyat, 2008-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatimizda o‘lim jazosi rasman bekor qilinganligi to‘g‘risidagi davlat qonuni amalga joriy etiladi. Mana shu teran muruvvatli odimning o‘zi mamlakatimizda Inson — oliy qadriyat ekanligini eng ulug‘ bir darajalarda isbotlaydi. Biz umrimizda o‘z vaqt hisobini boshlashga chog‘lanayotgan Yangi yilning ilk daqiqalarida ko‘nglimizda borini qalamga olib, shunday deymiz;
Assalom, Yangi yil! Ilohim, yaxshiliklar, ezguliklar, tinchlik-xotirjamlik, bunyodkorliklar, fayzu barakalar yili bo‘lib kelayotganing rost bo‘lsin! Bizning Vatanimiz istiqbolini o‘ylab boshlagan ulug‘ ishlarimizga hamkoru kamarbasta bir yilga aylangin. Eng yuksak orzu-armonlarimizning ijobat yili bo‘lib, zamon kahkashonida yaraqlab turgin. Xush kelibsan hayotimizga, xonadonlarimizga, taqdirimizga, Yangi — 2008-yil!