🔍

Article

TEATR TOMOSHABIN KUTMOQDA

By Zamira Egamberdieva, «Xalq so‘zi»ning jamoatchi … • in 1995

Suhbatdoshimiz $$Hamza nomidagi Davlat akademik drama teatri$$ning etuk aktyori, $$O‘zbekiston xalq artisti$$ [Turg‘un Azizov]dir. Siz u kishini el nazariga tushgan aktyor bo‘lgani uchungina emas, balki [«Alisher Navoiy»], [«Mirzo Ulug‘bek]» kabi klassik spektakllarni sahnada qayta jonlantirgan, shuningdek yaqindagina [Abdulla Qodiriy]ning «Mehrobdan chayon» asarini muvaffaqiyatli sahnalashtirgan iste’dodli rejissyor sifatida ham yaxshi taniysiz.

Turg‘un aka, teatrlarimizning bugungi ahvoli ko‘pchilikka ma’lum, lekin men sizdan o‘zbek teatrining kelajagini qanday tasavvur qilasiz, deb so‘ramoqchiydim.

Suhbatni juda oddiy, lekin javob berish nihoyatda qiyin va murakkab bo‘lgan savol bilan boshladingiz. Nima ham derdim, biz yaxshi yashashga o‘rgangan xalqmiz. Men ham bir kunmas bir kun tomoshabin teatrga qaytadi, chiptalarimiz qo‘lma-qo‘l bo‘lib, zallarimiz ilgari­gidek to‘lib-toshib ketadi, deb o‘zimni ishontirgim keladi. Tomoshabinni teatrga qaytarish boy berilgan imkoniyatni qayta tiklash degan gapdir. Buning uchun javobgar shaxslar, mas’ul tashkilotlar qat’iylik va fidoyilik bilan ish tashkil qilib, bosh-qosh bo‘lishlari kerak, deb o‘ylayman. Buning uchun ozroq ter to‘kish va mushohada qilish kerak, xolos. Bilasizki, san’atkorning ortiqcha mol-dunyosi bo‘lmaydi. Uning to‘plagan butun boyligi xalq orasida topgan obro‘sidir. Biz o‘sha ma’naviy mulkimizni asray bilishimiz kerak.
Masalan, Ikroma Boltaeva katta san’atkor edi. Lekin u kishining vafoti haqidagi xabarni birov bilib, birov bilmay qoldi. Teatr jamoasi Ikroma opa bilan jimgina vidolashdi. San’atkorlarni yaxshi kunlarda har qanday odam eslashi mumkin. Lekin ularni so‘nggi yo‘lga ham izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘yish katta madaniyatgina emas, ma’naviy burchimiz hamdir.

Hamza teatri Yevropa teatrlari bilan belasha oladigan katta san’at darg‘ohidir. Qolaversa, shunchalik katta jamoaning bir necha yildan buyon na bosh rejissyori, na bosh rassomi bor. So‘nggi xulosam shuki, agar biz istiqlolga yuz tutgan shu muborak kunlarda Hamza teatridek xalqimizning katta xazinasini qo‘ldan boy berib qo‘ysak, kelgusi avlod hech qachon bizni kechirmaydi.

Sora Eshonturaeva bilan bir suhbatda u kishi 30-yillarda ham xalqimiz Hamlet, Otello, Dezdimona singari qahramonlarni ham o‘z qahramonlaridek qabul qilganini gapirib berdilar. Xo‘sh, bugungi tomoshabinlarning saviyasi qanaqa? Keling, endi tomoshabin madaniyati to‘g‘risida gaplashaylik.

Bilasizmi, bundan 60-70 yillar ilgari odamlar uchun teatr mo‘’jizadek gap bo‘lgan. Shuning uchun o‘sha yillarda xalq teatr ko‘rish uchun eng chekka qishloqlardan ham ot-aravalarda Toshkentga kelishgan. Men buni tabiiy deb tushunaman. Ayni paytda bugungi aktyorlarning iste’dodini ham o‘sha mashhur san’atkorlarning iste’dodidan kam deya olmayman. Birinchi bo‘lish ham qiyin, ham oson. Qiyinligi shundaki, birinchi bo‘lish uchun jasorat kerak, osonligi shuki, ularning yo‘lida to‘siqlar u qadar ko‘p bo‘lmaydi. Ular birinchi edi, ular Gagarin edi. Gagarindan keyin qancha katta ishlar, qancha tadqiqotlar qilindi. Lekin baribir Gagarin Gagarinligicha qoldi-ku!

Tomoshabin madaniyati masalasiga kelsak bunga juda chuqur yondashish kerak.Men 40 yildan buyon teatrdaman. Har xil tomoshabinni ko‘rdim. Lekin bugungi tomoshabin bilan ishlash rost­dan ham og‘ir. Spektaklga 35-40 yoshlardan o‘tgan tomoshabinlar tushsa, siz aytgan­dek nafas olar-olmay kuzatishadi. Lekin Xudo ko‘rsatmasin, talabalar yoki maktab o‘quvchilari yoppasiga kelib qolsa bormi, zalda qiyqiriq ham, hushtak ham, gap otish ham bo‘ladi. Bir kuni yuqori sinf o‘quvchilari teatrga kelishgandi. «Mirzo Ulug‘bek»ni o‘ynayotgandik. Spektaklning birinchi kartinasidayoq charchab tamom bo‘ldik. G‘ala-g‘ovurni tinchitish uchun bor kuchimizni, bor ovozimizni sarflab o‘ynadik-da! Shunda bu ahvol teatrimizning direktori Yoqubjon Ahmedovning nafsoniyatiga teqdimi yoki farzandlarimizning tarbiyasizligidan xafa bo‘lib ketdimi, har holda o‘zi o‘ynab turgan Temur arvohi kiyimida shartta sahnaga chiqib, bolalarga 3-4 minut dashnom beruvdi, xoh ishon­ing xoh ishonmang, spektakl oxirigacha churq etgan tovush eshitilmadi. Bu teatrning kuchi, san’atkorning, sahna orqali aytilgan so‘zning kuchi edi. Agar teatr qanday dargoh, u yerda odam o‘zini qanday tutishi kerak degan masalalarni farzandlarimizga bog‘cha yoshidan­oq tushuntirib borsak, ehtimol, biz kelajakda juda etuk va madaniyatli tomoshabinlarga ega bo‘larmiz.

Hozir poytaxtga yaqinroq tumanlardan avtobuslar tashkil qilib, odamlarni teatrga olib kelishayapti. Bunga munosabatingiz qanaqa?

— Men bu tajribani qo‘llab-quvvatlash kerak, deb o‘ylayman. Chunki biz qishloqlarga borganimizda spektakllarni butun bo‘y-basti bilan namoyish etolmaymiz. Yoritgichlarimizdan, sahna bezaklaridan to‘liq foydalana olish imkoniyati bo‘lmaydi. Qolaversa, Toshkentni ko‘rish, spektaklni butun bo‘y-basti bilan tomosha qilish ham ma’lum darajada kishi ruhini poklaydi.

— Siz Olim Xo‘jaev, Abror Hidayatov, Shukur Burhonovdek katta san’at darg‘olari bilan yonma-yon ishlash, hamkorlik qilish baxtiga musharraf bo‘lgansiz. Ularning buyukligi asosan nimada edi?

— Ularning buyukligi shunda ediki, bu san’atkorlar bir-biriga tan berishni, qoyil qolishni bilishardi. Biriga biri muxlis edi. Esimda bor, «Bir shaxs masalasi» degan spektaklda Shukur aka bilan men ota-o‘g‘il rollarini o‘ynayotgandik. O‘shanda Olim akam kasalxonada edilar. Ko‘rgani borsam: «Shukur so‘zlarni ashula qilayaptimi?» deb so‘rab qoldilar. Men Shukur Burhonovning mahorati haqida gapirib bersam, «Ha, Shukur baribir SHUKUR-da!» deb qo‘ygandi havas bilan. Yana bir voqeani aytib berishim mumkin. Aleksandr Ginzburg Shillern­ing «Qaroqchilar» asarini asosan Shukur Burhonov uchun sahnalashtirgandi. Lekin «Ilya Muramets»da suratga tushish uchun Shukur akam Moskvaga ketib qolganliklari tufayli Karl Murrni Olim akamga topshirishdi. Repetitsiya paytida Moskvadan qaytib kelgan Shukur aka Karl Murr qiyofasidagi Olim Xo‘jaevni ko‘rib «Olim master-da!» deb hammalarning oldida oshkora tan bergandilar. Vaholanki, bu ikki san’atkor hamkasb bo‘lsalar-da, hayotda u qadar qad­rdon og‘ayni bo‘lmaganlarini xalqimiz yaxshi biladi.

— Turg‘un aka, yanglishmasam, siz 60 yoshga to‘lish arafasidasiz. Men sizni san’atsevar barcha yurtdoshlarimiz nomidan shu qutlug‘ yosh bilan, qolaversa, yangi yil bilan tabriklayman. So‘nggi savolim: yangi 1995 yildan nimalar kutayapsiz?

— Men 60 yoshimda Qirol Lir obrazini o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lib turganimdan juda baxtiyorman. Birdan bir orzum, shu obrazni qiyomiga yetkazib ijro etib elga manzur qilish.

Teatr hamisha tomoshabin kutadi. Yangi yilda tomoshabinlarimiz ko‘payib, san’atkorlarimizning bag‘ri ham, ko‘ngli ham to‘lishini istayman.

Yaxshi niyatlar va yaxshi odamlar sizga hamisha hamroh bo‘lsin. Suhbatingiz uchun rahmat!

Total words

832

Unique words

588

Annotated anthroponyms

4

Toponyms

2

TTR

0.707

Hapax

483

Distribution

Top frequency chart

Dataset