🔍

Article

DENOVLIKLAR

By ISMAT XUDOYOR, TOJIDDIN RAZZOQ, «XALQ … • in 1995

$$Denov$$ dedingizmi, darrov uning bozori, tadbirkor va hunarmand xalqi yodga tushadi. Denovda bozor, asosan, juma va yakshanba kunlari bo‘ladi. Bozor bo‘lganda ham juda katta bozor bo‘ladi. Tumanat odam ko‘chalarga sig‘may ketadi: yeru ko‘kin odam bosganday tuyuladi. $$Denov$$da sotilmaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Yakshanba kuni odamlar erta tongdan piyoda, eshak, ot yoki mashinada Hisor va Bobotog‘ etaklaridan asta-sekin shahar tomon oqib kela boshlaydi. Qo‘y, echki, mol sotib, uning puliga shahardan ul-bul xarid qilib, yana qadrdon go‘shalari tomon ravona bo‘lishadi. Denov bozoriga u yog‘i Tojikiston, bu yog‘i Turkmanistondan ham odamlar kelishadi.

Eskilardan qolgan bir gap bor: «Qaysi joyning qanday kun kechirayotganligini bilmoqchi bo‘lsang, uning bozoriga kir». Denovda hozir go‘sht 14-15 so‘m. 16 so‘mga suyak­siz lahm joyidan kesib berishadi. Olmaning hamma turidan bor: sibiryanka, xuboni, zolotoykrem... ularni tojikistonliklar olib kelishgan. Bir kilosi 7-8 so‘m atrofida. Uch-to‘rt donasi bir kilo keladi: yirik-yirik... Uzum... qishning chillasida ham sotiladi, og‘izga solsangiz qarsillaydi. Anor Denovning o‘zida bo‘ladi dehqonchilik. Shuning uchun anor bozorda kech bahorgacha sotiladi.

Denov xurmoning koni. Kuzning o‘rtalarida Denovda xurmo osmonga yog‘ilganday bo‘ladi. Ertagi mevalar ham dastlab Denovda «pishadi». Bozorning quruq mevalar rastasiga boqib hayron qolasiz: pista, bodom, mayiz, yong‘oq, sho‘rdanak, eryong‘oq... Toshkentdan ancha arzon. Quruq mevalar ham Denovning o‘z mahsuloti: shu yerda yetishtirilgan.

Denov nonlari... Samarqand nonining ta’rifi dunyoga ketgan. Shahrisabz nonlari ham undan qolishmaydi. Qiziq, Amir Temur Shahrisabzda tug‘ilib, Samarqandda saltanat qurgan. Ilohi yaqinlik, o‘xshashlik yo‘qmi kan?... Samarqand nonining ta’rifini hali hech kim o‘rniga keltirib aytolmagan. Nega Samarqanddan boshqa joyda aynan shunday non tayyorlasholmaydi, degan savolga hali hech kim tayinli javob bermagan. Lekin biz samarqandlik bir otaxon­ga shunday deb savol berganimizda u muxtasar qilib: «Hamma gap suvi bilan o‘tida», deb javob qaytargandi. Ana shu gapda jon borga o‘xshaydi. Shahrisabzliklar non pishirishda samarqandliklardan qolishmaydi: nonini yesang, darrov Samarqand yodga tushadi.

Denovliklar tayyorlagan non respublikada uchinchi o‘rinda turadi. Bozorga qaysi vaqt kirmang: kech-asrdami, erta-bomdoddam i, issiq non tayyor turgan bo‘ladi.

Hech kim qiy­madan denovliklar kabi kabob pishira olmasa kerak. Kabobpazlar shunchalik ustasi farangki, yonidan o‘tib qolgudek bo‘lsangiz, qornigiz to‘q bo‘lsa ham, sizni o‘tqazib, ikki-uch juft kabobidan egizib, hisob-kitob qilib keyin jo‘natib yuborishadi.

Denov bozorida O‘ratening sabzisi, Xorazmning guruchiga xaridor ko‘p. Shaharning Hisor tog‘iga qaragan tomonida eski bir qal’a bor edi. Uni denovliklar XVIII-XIV asrlarda bunyod bo‘lgan, deyishadi. U bir paytlar Denov bekligining qarorgohi bo‘lgan ekan. Jangu-jadal va asrlar to‘zida u (paxsa devordan tiklangan emasmi) ancha to‘kilib qolgan. Yaqin-yaqinga qadar shu yerda qal’aning ichida mol bozori bo‘lardi. Tijoratga yo‘l ochilgandan keyin Denov bozori torlik qilib qoldi. Mol bozorini Denov shahrining shundoq yonidan oqib o‘tadigan Qizilsuv bo‘yiga ko‘chirishdi. U avval toshloq, ko‘rimsiz joy edi. Tekislab, beton quyilgandan keyin binoiydek bozor bo‘ldi. U hozir to‘rt qismga bo‘lingan: qo‘y-echki bozori alohida, mol, mashina va ot bozori alohida. Eski mol bozori o‘rni esa xorijiy mamlakatlarda tayyorlangan mahsulotlar sotiladigan joyga aylantirildi.

Denov shahri markazidagi bozor ham hozir qaytadan ta’mirlanmoqda. Shahar hokimi Abduolim Bo‘rievning aytishiga qaraganda, ushbu bozor yaqin yillar ichida butkul yangilanadi. Hozir bozorning kun chiqish tarafida qurilish ishlari ketayapti. Dastlab burungi ark darvozalariga o‘xshash katta darvoza qurildi. Uning yonidan qatorasiga do‘konlar qad rostlayapti.

«Bozor atrofini qo‘li uzun tashkilot, firma va shaxslarga bo‘lib berdik, – deydi Abduolim aka. – Ular shahar qurilishi bosh rejasi asosida o‘zlariga zarur bo‘lgan inshootlar qurishadi. Lekin buning bitta sharti bor: qurilgan binolar, albatta, sharqona va chiroyli bo‘lishi kerak».

Bozorda, asosan, urgutlik va xorazmlik ustalar ishlashayapti. Xorazmliklar ark qurish va darvoza yasashda usta bo‘lishadi. G‘ishtni qoyilmaqom qilib terishda esa urgutliklarning oldiga hali-beri hech kim tusholmasa kerak. Keyingi bir-ikki yil ichida urgutliklar respublikada yaxshi an’anaga asos solishdi. Hozir qaerga qaramang, tijorat do‘konlari, ark va darvozalar urgutliklar qurgan uslubda qad rostlayapti: sharqona va chiroyli.

Denovliklar ham bozor atrofiga «urgutcha» va «xorazmcha» bezak berishmoqchi. Shaharni ayl anib, bu yerda odamlar yaxshi yashashar ekan, degan xulosaga keldik. Shaharda oddiy, shunchaki qurilgan uyni deyarli uchratmaysiz. Denovliklar uy qurishni ham san’at, deb bilishadi. Bir qarich taxta ishlatishsa ham unga, albatta, bezak berishadi. Siz bunday uylarni faqat Samarqand shahri va Urgutda ko‘rgansiz.

Shaharda gaz va vodoprovod suvi kirib bormagan ko‘cha yo‘q. Shahar ichidagi ko‘cha va mashina qatnaydi­gan yo‘llar keng va ravonligi bilan boshqa shaharlardan farq qiladi. Denovda hunarmandchilik ancha taraqqiy etgan. Beshikchilik, sandiqchilik, temirchilik, kosibchilik, duradgorlik... Denovliklarning boy yashashi, yaxshi turmush kechirishi ham ana shundan. Ular tinib-tinchishmaydi: bir tangani o‘n tanga qilmasa, uyqusi kelmaydi.

Denovda 57 ming aholi yashaydi. Yer maydoni 2113 gektar. Denov shahri ishlab chiqargan mahsulot Surxondaryo viloyati sanoatining 35 foizini tashkil etadi. Bu yerda 183 turdagi sanoat mahsuloti tayyorlanadi. Shaharda 10 ta yirik zavod va korxona bor. O‘tgan yilda 131 million so‘mlik hajmda sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Bu 1993 yildagiga nisbatan 33 foiz ko‘p demakdir.

Ishbilarmonlik va tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgandan keyin, qisqa muddat ichida qirqqa yaqin yangi korxona tashkil etilib, mahsulot tayyorlana boshlandi. O‘tgan yilda har bir odam boshiga 3 ming so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Aholiga bir yil davomida 17,5 million so‘mlik xizmat ko‘rsatildi.

Denov shahrida 90 ga yaqin korxona pullik xizmat ko‘rsatadi. Bu esa aholi boshiga 311 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Shaharda oltita transport korxonasi joylashgan. Unda yil davomida qariyb 2 million so‘mlik yuk tashildi. Yalpi daromad bir yilda 31 million so‘mni tashkil etdi. 89 ta maishiy xizmat va savdo nuqtalari fuqarolarga shaxsiy qilib berildi. Qolganlari hissadorlik jamiyatlariga aylantirildi.

Shaharda 113 ta kichik, xususiy korxona, firma, shirk at faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 5 ming 48 kishi mehnat qiladi. Bultur­ning o‘zida 1 ming 537 ta qo‘shimcha ish joyi tashkil qilindi. Ushbu korxonalarda 20 dan ortiq yangi turdagi (gilam, tikuv kiyimlari, to‘qimachilik) mahsulotlar tayyorlanayapti. Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi o‘tgan yillar Denovda ham qurilish to‘xtagani yo‘q. 1994 yilda 17 million so‘mlik hajmda qurilish ishlari bajarildi. 830 o‘rinli yangi maktab, 120 o‘rinli shifoxona, turar joy binolari, «Surxonozikovqatsanoati» qoshidagi sovun tsexi, qandolatchilik mahsulotlari tayyorlaydigan fabrika, salqin ichimliklar tsexi ana shular jumlasidandir. Paxta titish zavodi, 10 ming nuqtali telefonlashtirish tarmog‘i, sport majmuasi, paxta tozalash, qand fabrikalari joriy yilning birinchi choragida ishga tushiriladi.

Denov shahrida 16 ta mahalla bor. O‘tgan yilning boshida mahallalar hamda nogironlarga korxona va tashkilotlar birgalikda 1 million 400 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatdi.

Denovliklar birovning og‘ziga tikilib, bersang yeyman, bermasang o‘laman, deb o‘tiradigan xalq emas. Qanday sharoit yoki davr bo‘lmasin, tezda moslashib, yaxshi yashash va turmush kechirish uchun o‘zlariga yo‘l topa biladilar.

Boqimandalik yomon illat. Uni yenga olgan odam hech kimdan nolimaydi. Nolisa ham o‘zidan noliydi.

Denovliklar ana shunaqa...

Total words

1,013

Unique words

695

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

2

TTR

0.686

Hapax

546

Distribution

Top frequency chart

Dataset