Prezident [I. Karimov]ning «Xususiy tadbirkorlik — tashabbus ko‘rsatish va uni rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni mamlakatimizda chinakam bozor munosabatlarini shakllantirish sari yana bir muhim qadam sifatida kutib olindi. Shubha yo‘qki, u tadbirkorlar faoliyatining kengayishiga, xususiy tadbirkorlikning ishlab chiqarish va xizmat sohasidagi rolini sifat jihatidan yuksalishiga yordam beradi.
Ushbu Farmon har bir fuqaro turmush farovonligini oshirish imkonini beruvchi, umuman davlatning iqtisodiy taraqqiyotiga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Unda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar bandma-band aniq bayon etilgan. Ko‘pchilik tomonidan yuksak baholangan bu hujjat mamlakat aholisini tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida xususiy tadbirkorlikning rolini sifat jihatidan yanada oshirish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Farmonga muvofiq o‘zining ishbilarmonlik qobiliyatini to‘la namoyon etish uchun hammaga, jumladan fermerlar uchun ham imkoniyat bor. Ular hozir respublikada anchagina, ishlari ham chakki emas.
Nafaqat o‘z farzandlari, balki qarindosh-urug‘larini ham birlashtirgan T. Jo‘raboev boshliq fermer xo‘jaligi «Davlatga ham foyda bo‘lsin, o‘zimiz ham to‘kin yashaylik» shiori ostida yerini ijaraga olib ishlamoqda. Biz u bilan Baxmal tumanidagi dalasida emas, Oloy bozorida uchrashib, suhbatlashdik. Ular bu yerga o‘zlarining 30 sotix ijara yerlarida yetishtirgan kartoshkani olib kelishibdi. Jami o‘n tonna sarxil hosil yig‘ishtirib olishibdi. Uch tonnasini jamoa xo‘jaligiga berib, qolganini o‘zlari sotishyapti.
— Oilamiz katta, — deydi T. Jo‘raboev, — to‘qqiz jonmiz. Yaxshi yashash uchun yaxshi ishlash kerakligini tajribadan bilamiz. Qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Masalan, hosilni bozorga olib kelish uchun yollagan mashina haydovchisiga har kilo kartoshka uchun bir so‘mdan haq to‘ladik. Pulimiz ko‘payib, bankdan kredit berishsa yuk mashinasi sotib olamiz. Undan keyin boshqa ekinlarni eksak, qayta ishlaydigan tsex qursak bo‘ladi. Yerimiz qirlik, unumdor. Bu yil bir gektar yerini ijaraga oldik...
Prezidentning Farmoni bunday fermerlar uchun dasturilamal: «Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonalar ro‘yxatga olingan kundan boshlab dastlabki ikki yil mobaynida daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan ozod qilinsinlar...» Oilaviy va oilalararo korporatsiyalarga uyushgan bizning dehqonlarimiz bunday korxonalarni barpo etishlari hech gap emas. Zero, keng imkoniyatlar berilayapti. Ishning ko‘zini bilishlari esa ma’lum narsa.
Farmonning yana bir bandi fermerlar e’tiborini jalb etdi, unda shunday deyilganki: «1995 yilning birinchi choragida dehqon (fermer)lardan va xususiy korxona egalardan qishloq xo‘jalik va sanoat mahsulotlarini xarid qiluvchi va doimiy ishlaydigan ulgurji ixtisoslashtirilgan bozorlarni tashkil qilsinlar». To‘g‘rida, kun bo‘yi bozorda o‘tirgandan ko‘ra, mahsulotni bir yo‘la va yana durust bahoda sotgan ma’qul emasmi!
Bir so‘z bilan aytganda ushbu Farmon aynan ishchan kishilarga qaratilgandir. Ulardan faqat tashabbus, dalillik talab etiladi, xolos. Bunday sa’y-harakatni rag‘batlantirish vazifasini esa davlat o‘z zimmasiga oladi.