🔍

Article

KUNIGA 6 TONNA UN TEJALMOQDA

By Po‘lat Gadoev,«Xalq so‘zi» muxbiri. • in 1995

Do‘konlarda sotilayotgan bulka va shirmoy nonlar, katta-kichik kulchalar, shakarpazlik mahsulotlarining qay tarzda ishlab chiqarilishini ko‘pchilik bilmaydi. Nonlar qanday tayyorlanadi? U nimlar evaziga vujudga keladi? Bu sohada qanday muammolar mavjud? Muhbirimizning «Qarshinon» sanoat-ishlab chiqarish birlashmasining rahbari [Namoz RASHIDOV] bilan suhbat ana shu mavzuga bag‘ishlandi.

— Non ishlab chiqarish jarayoni anchagina murakkab, — dedi u. Tegirmondan nonvoyxonaga keltirilgan un hamirga aylantirilib, tandirga yopilishi bilan shirmoy, patir nonlar hosil bo‘lavermaydi. Bir qarashda oddiygina ish bo‘lib ko‘ringan bu jarayonda nonvoy bilan mutaxassisning qanchadan-qancha mehnat mashaqqatlari, aql-zakovati yotibdi. Tayyorlanayotgan har bir non turining o‘ziga xos texnologiyasi mavjud. Ushbu texnologiyani esa non tayyorlash qiyinchiliklarini o‘z boshidan kechirgan kishigina tushunishi mumkin.

Qarshi shahrida zamonaviy non ishlab chiqaradigan korxona ishga tushirilganiga besh yil bo‘ldi. Uning tsexlariga eng mukammal un saqlanadigan, hamir qoradigan asbob-uskunalar, non pishirishga mo‘ljallangan yuqori quvvatli pechlar o‘rnatilgan. Korxonamizda o‘ndan ziyod turdagi nonlar, shakarpazlik mahsulotlari, turli shirinliklar, makaron tayyorlash uchun katta imkoniyatlar bor.

Birlashmamizga Muborak shahridagi, Bahoriston tumani markazidagi har biri kuniga 3–4 tonnadan non tayyorlaydigan zavodlar ham qaraydi. Keyingi ikki yilda Qarshi stansiyasi, shahardagi Oydin uy-joy majmuida va Tollimarjon GRESi bunyodkorlarining Nuriston shaharchasida kichik non ishlab chiqaradigan korxonalar foydalanishga topshirildi.

Avvallari, ayniqsa, shahar oilalari kuniga kamida 1–2 tadan bulka non xarid qilishardi. Bu nonlarning bir qismi iste’mol qilinmasdan qolib ketardi. Har bir bulkaning vazni 100 grammga kamaytirilgach, tashlab yuboriladigan nonning bir qismini tejab qolishga erishdik. Faqat shu hisobga har kuni 6 tonna unni iqtisod qilish imkoniyatlari yaratildi.

Yakshanba va shanba kunlari aholining aksariyat qismi dam oladi. Ana shu kunlari non sarfi keskin kamaymoqda. Chunki, xonadonlarning sohiblari o‘z uylarida turli taomlar, pishiriqlar, qo‘lbola nonlar tayyorlashib, do‘konlarga murojaat etishmaydi. Biz buni ham hisobga olib, dam olish kunlari nisbatan kam miqdorda non pishirishga e’tibor berayotirmiz.

Bundan bir necha yil muqaddam Qarshi non korxonasida pishirilgan bulka nonlarning sifati talabga javob bermasdi: kechqurun xarid etilgani ertalab pordon bo‘lib qolardi, do‘konlarda ko‘plab qismi sotilmay qolib ketardi. Keyingi 4–5 yil mobaynida bu yerda tayyorlanayotgan bulka nonlar ham Muborak, Beshkent shaharlarida pishirilayotgan nonlardan qolishmayapti. Bunga qanday erishildi?

Sifatli non dasturxon ko‘rki, farovonlik nishonasidir. Qadimda har bir el va elat madaniyati, fanining qanchalik yuksakligini o‘sha joyda nonning qay darajada sifatli pishirilganiga qarab baholashgan ekan. Inson hayotining asosiy manbalaridan biri — nonning tayyorlanishi, pishirilishi har bir xalqning turmush darajasi qandayligini, madaniyatini namoyish etib turadi. Shu sababdan ham non tayyorlashdek sharafli ishga yengil-elpi yondashish mumkin emas. Korxonamizda talay jihozlar yangilandi, nonvoylarning malakasi oshirilmoqda. Shunday qilib, bulka nonlarning sifati ancha yaxshilandi.

Ilgari do‘konlardan ko‘plab non korxonaga qaytarilar, uni maydalab, tortib, qaytadan hamirga qo‘shib yuborish mumkin edi. Lekin, biz bunday qilolmasdik. Chunki, qaytgan nonlar achib qolardi, u esa hamirga qo‘shilishi bilan tayyorlanadigan non sifatiga salbiy ta’sir etardi.
Hozir ham ayrim kunlari ba’zi do‘konlardan 5-10 ta bulka non korxonaga qaytariladi. Biz ulardan omilkorlik bilan foydalanamiz. Maydalab, xamirga aralashtirib yuboramiz yoki hushta’m qotgan nonlar tayyorlaymiz.

Qarshi nonining dovrug‘ini oshirayotanlarning nomini tilga olib o‘tsangiz.

Kombinatimiz ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Robiya Musurmonova, xamirni qoliplash tsexi ishchilari Muhabbat Rasulova, Mahfirat Abdieva, usta nonvoylar Botir Bo‘riev, Jumanazar Saidov, non tsexining ustasi Shuhrat Samadov kabi jamoa mehnatiga katta ulush qo‘shayotgan kishilarning el dasturxoniga sifatli nonlar yetkazib berish borasidagi sa’y-harakatlarini ibrat qilib ko‘rsatish mumkin. Ularning har qanday sharoitlarda ham samarali mehnat qilib, sifatli nonlar yopilishiga hissa qo‘shayotganliklari tahsinga loyiq.

Nonvoylarimiz qisqa vaqt ichida 600 grammli bulka nonlar tayyorlashga o‘tdilar. Ular to‘rt qirrali bulka nonlar tayyorlash bilan birga, «Toshkent» deb atalgan dumaloq nonlar hozirlashni ham o‘zlashtirib oldilar. Buning uchun maxsus qoliplar buyurtma qilishga to‘g‘ri keldi.

Qarshi temir yo‘l stansiyasida, Oydin uy-joy majmuida, yuqorida aytilganidek, «Issiq non» kichik korxonalari tashkil etdik. Ularga chet ellardan sotib olingan, 12 turdagi non ishlab chiqarishga mo‘ljallangan jihozlar o‘rnatilgan. Ushbu korxonalar huzurida do‘konlar ham ishlab turibdi. Shu yerning o‘zida non tayyorlanadi va sotiladi. Bundan korxonamiz ham, aholi ham katta manfaat ko‘rayapti. Pishirilgan non uzoqqa tashib borilmaydi, transportdan, yonilg‘idan tejaymiz.

— Joylarda non isrofgarchiligiga qanday barham berilayapti? Ishlab chiqarishdagi muammolarga ham to‘xtalsangiz?

Eng katta muammolardan biri unni qop-qanorsiz tashishga o‘tishdan iborat edi. Ana shu vazifani bekamu-ko‘st amalga oshirdik. Kerakli xomashyo maxsus mashinalarda tashib olinmoqda. Bunda qoplarga zarurat qolmaydi, qoplardagi tashishga nisbatan ancha tejamkorlikka erishiladi. Har bir qopda o‘rtacha 30 gramm un qolib ketgan taqdirda ham yilliga 10 tonna unni isrof qilar ekanmiz.

Keyingi yillardagi ish tajribamizdan ma’lum bo‘ldiki, aholining sifatli non bilan ta’minlanishi uchun turar joylarning o‘zida kichik-kichik «Issiq non» korxona-do‘konlarini vujudga keltirish katta samara beradi. Ana shu yo‘ldan borib, Kasbi tumanida shunday do‘konni ochish arafasida turibmiz. Tumandagi Alisher Navoiy nomli jamoa-shirkat xo‘jaligi boshqaruvi raisi Zikriyo Asrorovning sa’y-harakati tufayli korxona uchun imorat tiklandi. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘payib bormoqda.

Korxonalarimizda non tayyorlash bilangina cheklanib qolmayapmiz. Qandli diabet bilan og‘rigan, semizlikdan, yurak, oshqozon xastaliklaridan nolib turadigan kishilar uchun ham maxsus nonlar hozirlanmoqda. Bundan tashqari, shakarpazlik mahsulotlari, turli milliy shirinliklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan tsexlarimiz bor. Ikki yil bo‘ldiki, lag‘mon-makaron ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

— Birlashma korxonalarida xizmat qilayotgan kishilarni ijtimoiy himoyalash yuzasidan qanday choralar ko‘rilmoqda?

Bizda 300 ishchi-xizmatchi faoliyat ko‘rsatadi. Ularni har tomonlama himoyalash, muhtojlarga, kam daromadli xodimlarga, ko‘p bolali oilalarga moddiy yordam berishga harakat qilyapmiz. Qarshi tumanidagi «Qarshi» jamoa-shirkat xo‘jaligi hududida yordamchi xo‘jaligimiz, o‘z tomorqamiz, fermamiz bor. O‘tgan yil har qachongidan ko‘p sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va chorvabop ozuqa yetishtirdik. Dehqonchilik mahsulotlari esa arzon narxlarda xizmatchilarga tarqatildi. Bayram kezlari ishchilarga go‘sht tarqatish ham an’anaga aylanmoqda.

Non — rizq-ro‘zimiz. Uni e’zozlash bilan inson o‘z madaniyati takomilini yana bir bor namoyish etadi. Nonni xor qilgan xor bo‘ladi, uni aziz tutgan aziz. Allomalarimizning ushbu hikmatlari barchaning yodidan ko‘tarilmasligi darkor.

Total words

874

Unique words

610

Annotated anthroponyms

1

Toponyms

0

TTR

0.698

Hapax

500

Distribution

Top frequency chart

Dataset