🔍

Article

IZLAGANGA IMKON TOPILADI

By Ismoil Boboyev, iqtisodchi muhandis • in 1994

EKI USIMLIK YO‘GI VA XAMIRTURUSH ISHLAB CHIQARISHNI KO‘PAYTIRISHNING OMILLARI XUSUSIDA
Jumhuriyatimiz xalq xo‘jaligi tarmoqlarida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, respublika byudjeti muvozanatini tiklash va uni rivojlantirish sohasida ishonchli yo‘ldan bormoqda. Zero, Rossiya davlati rahbariyatining moliyaviy masalalarda o‘zlari imzo chekkan shartnomalarga amal qilmasliklari, bizning iqtisodiy yo‘nalishimizga mos kelmaydigan shartlarni oldinga surishlari respublikamizda iqtisodiy va moliyaviy masalalarga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishga undayotir. Bu hol ayni chog‘da xalq xo‘jaligining ichki imkoniyatlarini yangi yo‘nalishga burishni va uning ochishni yangi qirralarini taqozo etmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XIII sessiyasida quyidagi masalalarga alohida jonkuYarlik bilan to‘xtalib o‘tdi: agrar sektorning imkoniyatlarini kuchaytirish va tez kunlarda yuqori natijalar berishini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish tartibini qayta ko‘rib chiqish, ishlab chiqarishni takomillashtirish, ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish, eksport quvvatiga ega bo‘lgan korxonalar qurilishigagina sarmoya ajratish, bevosita bozor infratuzilmasini yuzaga keltirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni ko‘paytirish bilan bog‘liq tarmoqlar tizimini shakllantirish va hokazo.

Men bir mutaxassis sifatida shulardan biri – agrar sektorning imkoniyatlarini kuchaytirish, qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish tartibini qayta rejalashtirish, oziq-ovqat sanoatini uyg‘unlashtirish, tarmoqlar va korxonalarning bir-biriga xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar yetkazib berish masalasi haqida o‘z taklif-mulohazalarimni bildirmoqchiman.

Respublikamizda har yili 3,6 million tonna chigitdan o‘simlik yog‘i olish imkoniyati bor. Biroq sanoatda 2 million tonna chigit qayta ishlanayapti, xolos. Sababi – xom ashyo yetishmayotir. Ustiga ustan, 100 kilogramm chigitdan olinadigan yog‘ning salmog‘i 18,9–26,8 kilogramm o‘rniga 15–17 kilogrammni tashkil etmoqda. Haroratning past kelishi oqibatida chigit pishib yetilmayapti, unda yog‘ moddasi yetarli darajada yig‘ilmayapti. Xom ashyo ehtiyojini qoplash maqsadida esa chet mamlakatlardan, hatto Amerika qit’asidan soya keltirilmoqda. Uning bir tonnasi 308 dollarga tushmoqda. Vaholanki, bizda yog‘li urug‘lik va don yetishtirish uchun yetarli imkoniyat mavjud. Chet­dan olinadigan soya doniga sarflanadigan valyutaga esa neft va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash uchun uskunalar xarid qilib, bu boradagi muammolarni hal etish mumkin.

Buning uchun nima qilish kerak? Paxtani almashlab ekishda beda va boshqa ekinlar o‘rniga yeryong‘oqdan foydalanish lozim. U beda kabi yerin tabiiy azot o‘g‘iti bilan oziqlantiruvchi, unga dam beruvchi dukkakli o‘simliklar turkumiga kiradi. Ishlov berishga qulay, novdasi va qobig‘i chorva uchun to‘yimli ozuqa. Bir gektar yer­dan o‘rtacha 15–20 sentner hosil yetishtiriladi. (1949 yili Toshkent viloyatidagi Jdanov nomli jamoa xo‘jaligida bu ko‘rsatkich hatto 40,7 sentnerni tashkil etgan). 100 kilogramm yeryong‘oqdan esa 50–56 kilogramm yog‘ olish mumkin. Uning Toshkent-11, Toshkent-32, Perzuvan-46/2 navlari mavjud bo‘lib, 90–120 kunda pishib yetiladi. Chiqindisi esa qandolatchilikda, non mahsulotlari tayyorlash va muzqaymoq ishlab chiqarishda asqotadi.

1992 yili “Ozoziqovqat xomashyo” respublika ta’minot birlashmasiga qandolat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish niyatida korxonalardan 2652 tonna tozalangan yeryong‘oq yetkazib berish haqida talabnoma tushgandi. O‘sha yili “Oznosptayyorlovsavdo birlashmasi” ahol­idan 4631 tonna yeryong‘oq xarid qilgan bo‘lsa-da, ehtiyojni ta’minlash uchun Xitoy va Vyetnamdan shunday mahsulot olindi. Bu hol hozir ham davom etmoqda. Demak, tarmoqlar ishini uyg‘unlashtirish lozim. Shunda chetdan soya keltirishga ehtiyoj bo‘lmaydi, qariyb 5 ming tonna yeryong‘oqni respublikadan tashqariga chiqarish mumkin bo‘lardi.

Kungaboqarning 100 kilogrammidan ham 50–57 kilogramm o‘simlik yog‘i olinadi. Bu ekinning hosildorligi gektar hisobiga 15–23 sentnerni tashkil etadi. 105–124 kun oralig‘ida pishib yetiladi. Uning uch xil navi bo‘lib, bir savatchasida 600–1200 dona urug‘ bo‘ladi. Bir tup g‘ozapoyada esa 308–310 ta chigit to‘plansa-da, yeryong‘oq va kungaboqarga nisbatan yog‘ berish salmog‘i past. Ko‘rinadiki, ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanilsa, o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabni qondiribgina qolmasdan, balki eksport quvvatiga ham ega bo‘lamiz.

Yana bir muammo bu– xamirturush xom ashyosi masalasi. G‘allani tejashda va sifatli non ishlab chiqarishda uning o‘rni beqiyos. Rivojlangan mamlakatlarda bug‘doy naviga qarab besh–olti turdagi xamirturush ishlatiladi. Bizda esa faqat bir xili ishlatilgani bois mahsulot sifati ko‘ngildagidek emas. Hozirgi kungacha Ukrainadan keltirilayotgan xamirturush (potoka melasa) qand-nashaqar chiqindisi hisoblanadi. Uning bir kilogrammi 660–850 rublga sotib olinmoqda. Chakana savdoda esa bu ko‘rsatkich 1500 rublga teng.

Respublikamiz non sanoatining xamirturushga bo‘lgan yillik talabi (aholining ehtiyojini ham qo‘shib hisoblaganda) 7,5–10 ming tonnani tashkil etadi. Ayni kunlarda atigi 3–3,5 ming tonna xom ashyo keltirilmoqda. Shuning uchun suyuq xamirturush tayyorlanib, unga shakar ishlatilmoqda. Bu taqchil mahsulotni iqtisod qilishning chorasi bormi? Bor, albatta. Konserniga qarashli korxonalarda har yili 280 ming tonna uzumdan 16 ming tonna sharbat va 264 ming tonnaga yaqin vino ishlab chiqarilsa-da, 12–15 foizi chiqindi sifatida tashlab yuboriladi. Agar uning 10 ming tonnasi o‘zimizda qayta ishlansa, xamirturush masalasi hal etiladi. Muhimi, katta mablag‘ va mashaqqatlar evaziga chetdan keltiriladigan bug‘doy isrof bo‘lmaydi, sifatli non mahsulotlari tayyorlanadi. Xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi esa qondiriladi.

Total words

691

Unique words

473

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.685

Hapax

363

Distribution

Top frequency chart

Dataset