🔍

Article

EL TO’YSA, DAVLAT BAQUVVAT…

By Suhbatdosh:F. Shodmonaliev,«Xalq so‘zi» muxbiri. • in 1994

... Xo‘jalik rahbarlarini issiq o‘rin egasi deguvchilar adashadilar. Uning ortida minglab kishilar bor. Iqtisodiy qiyinchilik sharoitida katta karvonni yetaklash uchun u tinimsiz bo‘lishi, yelib-yugurishi kerak. Xo‘sh, unga deputatlik vazifasi ham yuklatilsa-chi?

Yelkadagi zalvorli yukka yana yuk qo‘shildi, degani. Endi karvonboshining oyoqdan o‘t chaqnashi kerak. Suhbatdoshimiz Shahrisabz tumanidagi T. Sarimsoqov nomli jamoa xo‘jaligi boshqaruvining raisi, viloyat Kengashining deputati Urmonjon Bozorboev. Uning uyqusizlikdan qizarib turgan ko‘zlari, charchash alomati bilinib turgan chehrasini ko‘rib savol beraman:

— Paxta hosildorligi bo‘yicha tumanda birinchi bo‘ldingizlar, uning boisi nimada?

— Mehnatkashlarimiz bir yelka bo‘lib ishlashdi. To‘g‘ri, tabiat o‘tgan yili juda injiqlik qildi. Ammo tanti dehqon aybni hech qachon tabiatga to‘nkagan emas. Shu bois ham bor imkoniyat va tajribani ishga solgan holda mehnat qildik. 730 gektar yerdan 37 sentnerdan hosil ko‘targanimiz boisi ham shunda.

— Lekin burungi yillar?..

— Rejalar o‘lda-yo‘lda qolib ketgandi, demoqchisiz-da? Yashirishning hojati yo‘q, biroz yer chizib qoldik. “O‘rgimchak kana” degan balo-chazoday g‘ozalarga yopirilganda qarshilik qila olmadik. Oqibatda kattagina hosil boy berildi. Qolaversa, 1990 yili xo‘jalikning ikkiga bo‘linib ketganligi ish yuritishda pand berdi.

...Dam olishga ketganimda, ba’zi og‘ziga kuchi yetmaganlar xo‘jalikni ikki bo‘lish taraddudiga tushib qolishibdi. Ayrimlarni ham ketidan ergashtiribdilar. O‘sha paytlarda bog‘ichlar bir oz bo‘shab qolganda edi-da. Xullas, xo‘jalik “G‘alaba” hamda “Qizil yulduz” jamoalariga ajraldi. O‘rtadagi texnika, asbob-uskunalarni ayting. Qiyinchilikning cheki yo‘q: birini topsangiz, ikkinchisi yetishmaydi. Turli ostonalarga bosh urish, kimnidir aka, kimnidir uka deyishga to‘g‘ri keldi. Shunday bo‘lsa-da, biz “tashabbuskorlar”ning es-hushlarini yig‘ib olishiga umid bog‘lab ishlayverdik.

O‘sha yili katta sa’y-harakat bilan xo‘jalikka chetdan 60 vagon yog‘och, 4 vagon tabiiy gaz uchun mo‘ljallangan quvur olib keldik. O‘z-o‘zidan ravshan, “tashabbuskorlar” bo‘linib ishlash foydali emasligini anglab yetishdi. Ular yana safimizga qaytdilar. Yuqorida ta’kidlaganimdek, xo‘jaliklar birlashishi oqibatida tumanimizda eng baquvvat xo‘jalikka aylandik.

— Daromad cho‘g‘ini sarhisob qilindingizmi?

— Albatta, ertangi kun uchun tashlaydigan qadamini o‘ylamaydigan rahbar rahbar emas. Hozirning o‘zida chamalab qo‘ydik. Xo‘jalikka 720 tonna tola hisobiga 1 milliarddan ziyod daromad keladi. Lekin faqat paxtaning o‘ziga yopishib olsak, dehqonni boqib bo‘lmaydi. Shuning uchun qishloqda mayda sanoat korxonalarini ko‘paytirdik.

Men avvallari rahbar odamga deputatlikning nima keragi bor, shundoq ham u odamlar tashvishida yashaydi, deb o‘ylardim. Adashgan ekanman. Bu yog‘ini so‘rasangiz, keyingi yillarda “Vahim” qishlog‘idan yuqoriga saylangan ilk deputatlardanman. Sizning huzuringizga o‘z a’zolaringizdan tashqari saylovchilar ham tez-tez tashrif buyuradigan bo‘lib qolar ekan. Boshqacharoq qilib aytganda, o‘zgalarning tashvishi, dardi insonni yanada teranroq fikrlaydigan, ularning muammolari uchun yelib-yuguradigan qilib qo‘yar ekan.
Oddiygina misol: xo‘jaligimiz kuchi bilan 90 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 210 o‘rinli maktab binosini qurdik. Shubhasiz, ularni deputat bo‘lmaganimda ham rahbar sifatida uddalashim mumkin edi. Mana, davlat budjeti hisobidan 840 o‘rinli maktab binosini tiklayapmiz. Bu ham deputatligim tufayli, deb bilaman. Xuddi shunday sa’y-harakat tufayli Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida savdo do‘koni qurildi, quduq qazilib, ichimlik suvi chiqarildi.

— Urmonjon aka, millionlab so‘mlar haqida gapiryapsiz-u, lekin pul topgandan keyin uni unumli sarflash ham kerak, shunday emasmi?

— Xalq hamma narsani ko‘rib-bilib turadi. Agar ozgina suiste’mollik yoki o‘zlashtirish bo‘lsa, odamlarning rahbardan ishonchi qaytadi. Biz xo‘jaligimiz xonadonlarini to‘la tabiiy gaz hamda ichimlik suvi bilan ta’minladik. Yo‘llarimiz asfaltlandi.

Qishloqda kuz oxirlab, hosil yig‘ishtirib olingach, ayrimlar bahorgacha bekor o‘tirib qolishadi. Bekorchilikdan esa ko‘p narsani kutish mumkin. Kim nima desa-desin-u, choyxonalarimiz shunda asqotadi. Axir gurunglashib o‘tirish, choyxo‘rlikka nima yetsin?! Shu maqsadda 8 ta choyxona qurdik. Va yana ishlab turgan g‘isht zavodimizda yiliga 3 million dona mahsulot tayyorlanmoqda.

— “Arg’amchiga kel quvvat” degan gap bor. Xo‘jalik o‘z a’zolariga qanday yordam ko‘rsatyapti?

— Qo‘ldan berganga cho‘chqayam to‘ymas, deydilar. Davlat tomonidan ajratilayotgan mahsulotlarga ko‘z tikib o‘tirishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir kishiga 500 kilogrammdan 1,5 tonnagacha bug‘doy, 200 kilogrammdan 1 tonnagacha sholi tarqatdik. Bundan tashqari, xo‘jalik hisobidan arzon narxda go‘sht tarqatyapmiz. A’zolarimiz to‘y qilsa yoki biror marosim o‘tkazsa, zarur mahsulotlar bilan ta’minlaymiz.

Xo‘jaligimizda 45 nafar nochor, yordamga muhtoj odam bor. Ularning holidan xabar olish, ko‘mak qo‘lini cho‘zish ham farz, ham qarz. Qolaversa, mustaqillik bayramlari, shuningdek sayillarda 18 joyda, oshxonada osh damlab, elga tarqatamiz.

Yaqinda yana bir chiroyli harakatni boshladik: yangi turmush qurgan kelin-kuyovlarga omonat daftarchasi ochyapmiz. Ajratilgan mablag‘ ularning holiga yarasa, hammamiz xursand bo‘lamiz-da.

— Qishloqda ichimlik suvi bo‘lmasa, yo‘llar asfaltlanmasa yoki boshqa biror yetishmovchilik bo‘lsa, jamoani ayblashga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, o‘sha joyda faqat jamoa a’zolarigina yashamaydi-ku?

— Shu narsasiga do‘ndaman-da. Qishloqda qanday muammo bo‘lsa, jamoa xo‘jaligi elkaga yuk bo‘lib tushaveradi. Vaholanki, hoy, birodar, jamoaning xazinasi ochiq dasturxon emas, degan mard yo‘q.

— Ayrim rahbarlarga hayron qolasiz. Xo‘jalik yerini foydali maqsadlarga ajratsalar, xuddi yeridan ajralib qolganday o‘rinishadi?

— Eskicha fikrlashning oqibati-da bu. Biz qanday chiroyli ish bo‘lsa, ma’qullayapmiz. Yaqinda 28 gektar yer chorvachilikka ixtisoslashgan fermerlarga ajratib berdik. Evaziga ular har gektariga 1 tonnadan go‘sht topshirishadi. Koni foydaku bu! E’tibor bering-a, chorva uchun 400 gektar yerda ozuqa ekinlari yetishtiramiz. Davlatga esa reja bo‘yicha 77 tonna go‘sht topshirishimiz kerak. Masalaning ana shu tomonini olib qaralsa, fermer xo‘jaliklari bizning yukimizni engil qilyapti, boshqa emas. Qolaversa, el to‘ysagina davlat baquvvat bo‘ladi.

Total words

760

Unique words

602

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.792

Hapax

509

Distribution

Top frequency chart

Dataset