Kattaqo‘rgon qurilish mahsulotlari zavodida tayyorlanayotgan pishiq g‘isht sifatidan nafaqat Samarqand viloyatida, balki undan tashqarida ham ma’lum va mashhur. Respublikamizning nisbatan yangi shaharlaridan hisoblangan Navoiy, Zarafshon va Uchquduqda barpo etilgan o‘nlab binolarning qurilishida ham ana shu korxona mahsulotidan foydalanilmagan bo‘lishi mumkin emas. Albatta, bu bir korxonaning muvaffaqiyati va kasbiy mahorati bo‘lgan muhandislar, me’morlar ta’minlaydi. Bu borada Kattano‘rgon qurilish mahsulotlari zavodi faoliyatiga ham tegishlidir.
— Korxona jamoasi uzoq yillar davomida shakllangan, — deydi zavod direktori, viloyat Kengashining deputati Adham Ochilov. — Shu sababli meni bu yerga rahbarlikka tayinlashganda ular bilan ishlash oson ko‘chdi. To‘g‘ri, bir paytlar sobiq ittifoqdagi nufuzli va yiriklar qatorida bo‘lgan tashkilotlardagi kabi ushbu zavodda ham mehnat maromining ozgina bo‘lsa ham buzilishiga yo‘l qo‘yilmasdi. Respublikamiz mustaqillikka erishgach, ilgari bunday korxonadan mo‘may foyda ko‘rib kelgan sobiq markaz ularga kerakli uskuna va texnologiyalarni yuborishni to‘xtatdi. Bu hol bizni ham chetlab o‘tmadi. Lekin mehnat jamoasi ishlab chiqarish ko‘lamini oshirishning yangi-yangi imkoniyatlarini topdi.
Pishiq g‘isht tayyorlash tsexi korxonaning yetakchi bo‘limi hisoblanadi. U yerda uch yuzdan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Bir kunda 175 ming g‘isht chiqariladi. Ilgar bir dona pishiq g‘isht tayyor holga kelgunicha chorlovchi sakkiz soat o‘tadigan texnologik jarayonlar ancha murakkab ekanligini anglash qiyin emas. Korxona hozirgi iqtisodiy qiyinchiliklar davrida ham hech qanday uzilishlarga yo‘l qo‘ymayotganligi tufayli ishchilarning oylik maoshi yuz ming so‘mdan oshadi. Agar barcha mahsulot yuqori sifatli qilib tayyorlansa, maoshining yetmish besh foizi miqdorida mukofot ham olishadi.
Bu yerda tayyorlanayotgan marmar taxtachalarga bo‘lgan talab ham kundan-kunga oshib bormoqda. Shu tufayli zavodda toshlarga ishlov berish tsexi ochildi. Tsex xomashyoni ilgari asosan Go‘zg‘on va Zarbond marmar konlaridan olar edi. Bundan ikki yil muqaddam Karnab tog‘lari etagida bevosita korxonaga qarashli Chingali marmar koni ochildi. Hozir bu kon tsexni marmar bilan to‘liq ta’minlanyapti.
— Biz bir oyda 800 kv. metr marmar tayyorlash imkoniga egamiz, — deydi tsex boshlig‘i Baxtiyor Xayriev. — Ammo mahsulotimizga bo‘lgan talab katta. Bugungi kunda Samarqandda tiklanayotgan Business markazi binosi qurilishi uchun ham mahsulot yetkazib bermoqdamiz. Imom al-Buxoriy me’morchilik majmuida ishlatiladigan materiallar uchun ham buyurtma oldik.
Zavod ishbilarmonlari marmar chiqindisidan ham foydalanishga chorlovchi choralar ko‘rishdi. Tajriba-sinov tsexida ulardan turli xil buyumlar yasashga kirishildi. Yaqin orada Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahridagi savdo buyumlari sotuvchisi do‘konlarda tsexning chiroyli gul ustalari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar xaridorgir bo‘lishi aniq.
Aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida qurilish mahsulotlari do‘koni ochildi. Endi yangi uy-joy tiklagan kishilar taxtachalar yoki milliy bezaklar bilan ishlov berilgan g‘ishtlarni sotib olishlari mumkin.
Kattaqo‘rgon shahrida bir nechta yirik sanoat korxonalari mavjud. Lekin mustaqil ishning boshini tutishga orzumand ko‘pchilik yoshlar aynan qurilish mahsulotlari zavodiga kirishga intiladilar. Buning sabablari esa anchagina. Avvalo, bu yerda ish haqi yuqori, qolaversa uyga muhtojlar ham boshqa joyga nisbatan aynan shu yerda tezroq boshpanaga ega bo‘lishini yaxshi biladilar. Chunki zavod ishchi-xizmatchilari uchun ko‘p qavatli uylar va hovli-kottejlar qurilishi muntazam olib borilyotir.
Men zavod direktoridan ham rahbarlik, ham deputatlik tashvishlari og‘irlik qilmayaptimi, deb so‘radim.
— To‘g‘risi, korxona yumushlarining o‘zi bir rahbarga yetib ortgulik, — deydi Adham Ochilov. — Chunki bizda ish uch smenada tashkil qilingan, zavod tinimsiz ishlaydi. Demak, shanba, bozor kunlari ham ishxonadan xabar olishga majburman. Ammo odamlar ishonch bildirib saylashgan ekan, ularning ishonchini oqlashga intilaman.
Bugungi iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida odamlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beryapmiz. Bunda korxonaning ichki imkoniyatlaridan foydalanayapmiz. Masalan, har oyda zavod 25 ming dona pishiq g‘ishtni shahardagi yordamga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga, nafaqaxo‘rlarga bepul tarqatadi. Shuningdek, shahar hokimiyati qarori bilan 500 ming dona g‘isht mahallalarga imtiyozli narxlarda sotilmoqda.
Korxona jamoasi hozir ham har oyda besh million donadan ziyod sifatli pishiq g‘isht ishlab chiqarib, belgilangan rejalarni oshirib uddalamoqdalar. Ilgari sobiq markaz ko‘rsatmasi bilan tarqatilgan bu zarur qurilish mahsuloti endilikda respublikamizning o‘zida tiklanayotgan turli obyektlarga jo‘natilmoqda.