To‘la huquqiy davlat qurish xalq xo‘jaligini boshqarish, mulkiy va nomulkiy xarakterga ega bo‘lgan munosabatlarni tartibga solishda huquq normalaridan to‘g‘ri foydalanishning davlat tomonidan kafolatlanishini taqozo qiladi. Parlamentimiz o‘tgan sessiyalarda 120 tadan ortiq respublikamizning ichki va tashqi xo‘jaligi mexanizmining huquqiy asoslarini ta’minlovchi qonun qabul qildi.
Oliy anjumaning o‘n uchinchi sessiyasi xalq xo‘jaligining huquqiy asoslari bilan bog‘liq bir qancha qonunlar va ilgari qabul qilingan qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar (ular xalq xo‘jaligini bosqichma-bosqich bozor iqtisodiyotiga o‘tkazishda o‘zining mahsuldorligi bilan ajralib turadi)ni qabul qilishi bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Qonunlarning har bir moddasini ishlab chiqishda jamiyatimizning iqtisodiy asosini tashkil etadigan mulkchilik shakllariga katta e’tibor berilib, har bir tashkilot, korxona va muassasalarning mulkiy, shaxsiy huquqlarini himoya qilishga, jamiyatimiz kelajagini belgilab berishi lozim bo‘lgan xususiy, jamoalararo va kommunal mulkka hamda davlat va umumiy mulk huquqining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Loyihalarni xalq muhokamasiga qo‘yish va uni matbuotda e’lon qilish qonunlarning sifati va mazmuni hamda mohiyatini yanada yuqori darajaga ko‘tarmoqda.
Shaxslarning or-nomusi, qadr-qimmati, jamiyatda tutgan o‘rni, o‘zining sub’ektiv, boshqa shaxslarga o‘tkazilmaydigan va berib bo‘lmaydigan huquqlarining kafolatini ta’minlash va buzilganlarini tiklash — qonunlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Ha, haqiqatan ham Parlamentimiz ko‘plab qonunlarni qabul qildi, ammo barcha tarmoqlar, sohalar va jabhalar e’tiborga olindimi yoki endi qanday qonunlarni qabul qilish lozim?
Eng avvalo, barcha e’tiborni jamiyatning iqtisodiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratish lozim. Bizning fikrimizcha, ana shularni inobatga olib quyidagi qonunlar ishlab chiqilsa, maqsadga muvofiqdir.
Korxona, tashkilot, muassasalar, birlashma va assotsiatsiyalar, shirkat tashkilotlari, jamoat birlashmalari va fuqarolar o‘rtasida tuzilgan hamda tashkilotlarning bir-birlari bilan tuzgan shartnomalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun mulkiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qonunga tobora zarurat sezilmoqda. Chunki har bir yuridik yoki jismoniy shaxs faoliyatining huquqiy oqibatlarini belgilab beruvchi element — bu mulkiy javobgarlikni o‘tash, to‘lash va o‘z mulki asosida javob berishidir. Vaholanki, mulkiy mustaqillik fuqarolik-huquqiy munosabatlarida qatnashish uchun o‘ziga biriktirilgan.
Mulkdorlikni hamda to‘la xo‘jalik yuritish huquqiga ega ekanligini yoki operativ boshqarish huquqining subyekti ekanligini bildiruvchi munosabat bo‘lsa, mustaqil mulkiy javobgarlik esa yuridik shaxs bo‘lib hisoblangan tashkilotlarning o‘ziga tegishli va o‘ziga biriktirilgan mulki asosida javob berishini bildiradi.
To‘g‘ri, barcha qabul qilingan qonunlarda mulkiy javobgarlik ko‘rsatilgan-ku, deyishlari mumkin. Ammo mulkiy javobgarlik har bir sohaga, tarmoqqa, tashkilot va korxona hamda muassasalarga, mulkchilik turlariga va xo‘jalik yuritish shakllariga qarab har xil asosda qo‘llaniladi.
Mulkiy javobgarlik qonun asosida o‘rnatilishi yoki tuzilgan shartnomada ham ko‘rsatilishi mumkin. Lekin shartnoma asosida vujudga kelgan mulkiy javobgarlik qonunlarda ko‘rsatilgan javobgarlik miqdoridan oshib ketmasligi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonunida fuqarolik huquqi predmetining bir qismini tashkil etadigan shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilishga, ya’ni shaxslarning or-nomusi, qadr-qimmati, izzati, obro‘yi kabi umuman mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan huquqlariga hamda mualliflik, ixtirochilik, ratsionalizatorlik takliflari, intellektual boyliklari (ijodkorlik) bilan bog‘liq munosabatlarining rivojlanishiga katta e’tibor berildi va davlat huquqi tomonidan himoya, muhofaza etilishi kafolatlandi.
Lekin bu huquqlarni jamiyat munosabatlariga qo‘llashda o‘ziga xos xususiyatlar mavjud. Masalan, muallif asarining nomini (ismi, otasining yoki buvasining ismini) ko‘rsatgan holda yoki ko‘rsatmasdan, taxallus yoki anonim tarzda nashr etish, asarning daxlsizligi, ixtironing yoki ratsionalizatorlik takliflarining muallifi bo‘lish yoki gonorar (moddiy mablag‘, pul) olishda fuqaro, yuridik shaxs, kasb-korning sha’ni va qadr-qimmatini pastga uradigan munosabatlar yuzaga kelishi mumkin. Ana shu ko‘plab huquqlarni tartibga solish, ularni himoya etish uchun alohida qonun qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Va bu qonunning nomi «Intellektual mulk to‘g‘risida»gi yoki «Shaxsiy munosabatlar to‘g‘risida»gi qonun deb atalishi o‘z mazmuniga munosib bo‘lardi.
O‘zbekiston mustaqil davlatining o‘ziga xos xususiyatlari va yutuqlaridan biri dastlabki qabul qilingan qonunlarda ham «mahalla mulki»ga katta e’tibor qaratildi va bu «O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasida o‘z mazmunini to‘liq topdi. Ayniqsa, XIII sessiyada «Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib kuchga kiritilgandan keyin mahalla mulkining mohiyati yanada kuchaydi. Ana shu mavjud bo‘lgan huquqiy normalarni qonun sifatida aks ettirish, ularni mujassamlashtirish va bir tizimga keltirish uchun «O‘zbekiston Respublikasida mahalla (shaharcha va qishloq, ovul) mulki to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish lozim.
Bizning fikrimizcha, eng avvalo, o‘zini o‘zi boshqarish organlari qurgan, sotib olgan yoki qonunda belgilangan tartibda ularga berilgan jamoat ob’ektlari, sotib olgan transport vositalari, xo‘jalik anjomlaridan tashqari mahallaning to‘y, tavalludlar o‘tkazadigan joylarga, barcha turdagi marosimlarni ta’minlovchi oziq-ovqat mahsulotlari, mevalar, ichimliklar, gullar, umuman, mahalla ahamiyatiga ega bo‘lgan mahalla ob’ektlari tomonidan boshqariladigan kichik korxonalarga, o‘z mol-mulkiga ega bo‘lishi ham nazarda tutilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Respublikamiz aholisining ko‘pchiligi jismoniy mehnat kishilaridir. Ayniqsa, mehnat huquqiy munosabatlarini, ta’tilga chiqish va uning turlari, maqsadli ta’til, haq to‘lanmaydigan ta’til, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni farzandlikka olgandan so‘ng beriladigan ta’til va boshqa ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning mehnat ta’tillarini tartibga solish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasida ta’til to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinsa, barcha turdagi ta’tillarni huquqiy tomondan to‘liq kafolatlash imkoni paydo bo‘lardi.
Ba’zi sobiq Ittifoq respublikalarida Davlat nazorati va bojxona qo‘mitalarining a’zolari ham qonunlarni, Prezident farmonlari va farmoyishlarini, Oliy Kengash qarorlarini va boshqa davlat hokimiyati va ijro etuvchi organlarining qabul qilgan qarorlarini, normativ hujjatlarini turmushga tatbiq etishni qonuniy, ijtimoiy adolat tamoyili asosida qo‘llash va unga itoat etish bo‘yicha qasamyod qabul qiladilar. Chunki Davlat nazorati va bojxona qo‘mitalarining a’zolari faoliyatlari davlat nomidan amalga oshiriladi va nihoyatda jiddiylikni, rasmiylikni, mas’uliyatlilikni talab etadi. Bizda ham ana shu masalani o‘ylab ko‘rish lozim. Chunki bu faoliyatni amalga oshirish Prezidentimizga, davlatimizga, xalqimizga bo‘lgan sadoqatni ifodalaydi.
Jahon mamlakatlarining eng demokratik va so‘nggi yutuqlaridan foydalanib ishlab chiqilgan Konstitutsiyamiz asosida qonunlarni qabul qilar ekanmiz, ularning turmush bilan bog‘liq bo‘lishini, xalqimizning buyuk madaniyatini e’tiborga olish, milliy ma’naviyatni rivojlantirish asosida ishlab chiqishni ta’minlash maqsadga muvofiq bo‘lur edi.