🔍

Article

«SO‘M-KUPON» ERTANGI KUNGA ISHONCH UYG‘OTMOQDA

By M. Muqimov, «Xalq so‘zi» muxbiri • in 1994

$$Samarqand$$ markazidagi «Yopiq bozor»ni bu yerdagi narx-navoning «barometri»ga qiyoslash o‘rinli. Chunki shahar­ning turli bozorlarida bir mahsulot narxi har xil bo‘lsa-da, ammo ularning o‘rtacha bahosini shu yerda aniqlash mumkin. Bu faqat mening emas, balki ko‘pchilik xaridor va sotuvchilarning ham fikridir.

Bu yerda bo‘lgan kishi o‘z pulimiz mavqei nechog‘lik mustahkamlanib borayotganligini yaqqol his etadi. Bu faqat bozorda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari narxiga tegishli emas. Qolaversa, bu yerda anchagina tijorat do‘konlari ham joylashgan. Rubl­lar bosqichma-bosqich muomaladan chiqarilayotgan kunlar ichida nihoyatda ko‘tarilib ketgan narx-navo ham «so‘m-kupon»lar ishga tushgach, darhol pasaya boshladi.

Keling, misollarga murojaat etaylik. 1 noyabrda bir kilogramm kartoshka narxi Samarqand bozorlarida 1000 so‘mni tashkil etdi. 30 noyabrda bu raqam 1500 so‘mga yetdi. «So‘m-kupon»lar to‘la muomalaga kirgach, 500–600 so‘mga tushdi. Yoki go‘shtni olib ko‘raylik. Noyabr oyining oxirida bir kilogramm go‘shtning narxi bozorda 15000 so‘mga tenglashdi. Lekin bugungi kunda samarqandliklar uni 4000 so‘mda xarid qilishi mumkin. Shuningdek, sabzi, anor, mayiz, sholi ham keyingi kunlarda arzonlashib ketdi.

— Odamlarda o‘z «so‘m-kupon»imizga nisbatan ishonch paydo bo‘ldi, — deydi viloyat hokimining o‘rinbosari A. Umarov. — Albatta, pul almashish chog‘ida narx-navoning ko‘tarilishi tabiiy hol. Buni hozirgi sharoitda boshqa davlatlar misolida ham ko‘rib turibmiz. Lekin mamlakatimiz rahbariyatining juda oqilona ish tutgani, rubl­larni bosqichma-bosqich muomaladan chiqarib va bir «so‘m-kupon» qiymatini bir rublga teng deb belgilagani odamlarni ijtimoiy muhofazalashning muhim omili bo‘ldi. Ana shu narsaning o‘zi kishilarda eng avvalo, ular manfaatini ko‘zlanayotganiga ishonch tug‘dirdi. Viloyatning turli shahar va qishloqlariga borganimda, odamlar bilan muloqotda bo‘lganimda bunga ko‘p marta tan berdim. Ayniqsa, «so‘m-kupon»larni muomalaga kiritish jarayonida respublika hukumati qabul qilgan qarorlar, jumladan, ish haqining ancha oshirilgani kishilar ko‘nglini chulg‘ayotgan bezovtalikka barham berdi.

Men bozorda eski tanishim, bulung‘urlik dehqon Po‘lat aka Qosimovni uchratib qoldim. U ra’y aylab narx-navoni kelib ta’rifladi:

— Bozorga kartoshka olib keluvdim, — deydi Po‘lat aka. — Har kilosini 500–600 so‘mdan sotdim. Lekin o‘tgan haftaga nisbatan narxlar ancha tushibdi. Ishqilib, bundan keyin ham shunday bo‘lsin. Hatto tijorat do‘konlarida ham narx keskin pasayibdi. Dastlabki bozorlarida kiyimlik bir zestkani uch yuz ming so‘mga ham olib berolmagan edim, bugun o‘shaning o‘zini to‘qqiz ming so‘mga oldim. Eh, ishqilib, shunday bo‘lsin, uka. Hali rasmana pulimiz chiqsa, bundan ham arzonlashib ketar...

Ha, bugun «so‘m-kupon»imiz asta-sekincha oshib, Samarqand bozorlaridagi narx-navoni tobora pasaytirmoqda. O‘z pulimizning qadr-qimmati ko‘tarilishi esa odamlarda ertangi kunga ishonchni mustahkamlmoqda.

Total words

357

Unique words

282

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

1

TTR

0.790

Hapax

234

Distribution

Top frequency chart

Dataset