🔍

Article

AMIR TEMUR DARVOZASI

By Pardaboy Tojiboyev, G‘allaorol tumani. • in 1993

Tarixchilar uni [Amir Temur]ga aloqasi yo‘q deyishmoqda...
Bu yo‘lgi ta’tilni $$Samarqand$$ davlat dorilfununining professori, tarix fanlari doktori [Nurboy Abirqulov] bilan sanatoriyada birga o‘tkazdik. Domla bilan o‘zaro suhbatlarimiz mavzusi o‘z-o‘zidan tarixga borib qolganini sezmay qolar edik.

U kishi G‘allaorol tumanidagi Xo‘jakabut qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetgan, tarix fani bo‘yicha yirik mutaxassis sanaladilar. “Dunyo ostonadan boshlanadi” deganlaridek, domlaning zavji kelgan chog‘i o‘zining qishlog‘i hamda uning tarixi haqida gapirib ketardi. Ayniqsa, shu qishloq hududidagi qabristondagi toshga yozilgan bitiklar unga tinchlik bermasdi.

— Toshdagi yozuvlarni uqitish uchun arabchani biladigan bir necha mullalarni olib keldim, lekin tishlari o‘tmadi. Bu yozuv sanskritcha, yo‘qsa o‘rxun-enasoy bitiklari bo‘lsa kerak! Naysi bir o‘tkinchi fotiҳ bu yozuvni qoldirgan bo‘lsa ajabmas.

Professorning bu gapi meni juda g‘alati holatga soldi. Qarang, bitta tosh bizni qanday chuqur xayollarga cho‘mirtirmaydi. Bu hududlardan kimlar o‘tmagan, deysiz. Yo‘llari Buyuk Ipak yo‘liga tutash bo‘lgan joylar axir?

Tilsiz, zabonsiz yozuvlar... Bugun ularni o‘qish uchun bizda bilim yetishmaydi.

— O‘rxun-enasoy bitiklari dedingizmi?
— Ha, — dedi gapini salmoqlab hamyurtim Nurboy aka. — Bu yerda bir paytlar shunday yozuvlar bo‘lgan. Guvohi mana, Temir darvozamiz.
— Axir bu Amir Temur nomi bilan bog‘liq nom-ku? O‘rxun-enasoy yozuvlari VI–VII asrlarda bitilmaganmi?
— Yo‘q, — dedi Nurboy aka, — bu darvozaning Temurga hech bir aloqasi yo‘q. O‘rxun-enasoy bitiklari temur-qopug‘ deb yuritiladi. Ishonmasangiz manbalardan o‘qishingiz mumkin.
— Unda Temurlang nom-chi?
— Bu turk xalqini, Amir Temurni, o‘zbekni haqorat qilish uchun qo‘llangan atama. Bilasiz-ku, tirikligida kuchi yetmaganlar o‘lgandan keyin nomini bulg‘ab yurishadi. “Rashidovshina” degan nomni ham chiqarishdiku!

Shu payt ko‘z oldimga Temir darvoza keldi. Biz bu chopnasiz, kishini hayratga tushiradigan darajani necha yillardan beri ma’nosiga tushunmay “Temurlang” deb atab kelaveribmiz. Bilib-bilmay buyuk bobomizni haqorat qilibmiz. Bu darvozada Hazrat Ulug‘bekning, himmatli Abdullaxon II ning dastxatlari borligiga e’tibor ham bermabmiz. Beayb Parvardigor, bandasining vujudida kamchilik bo‘lishi mumkin.
Lekin meni bir narsa g‘oyat xafa qildi. Aytilishicha, Amerika prezidenti Ruzveltni kolyaskada olib yurishgan ekan. Germaniyaning buyuk shoiri Xaynrix Xayne falaj bo‘lgan. Balzak cho‘loq bo‘lgan, lekin ularning nomlariga gavdasidagi kamchiliklar qo‘shib aytilmagan.

Men olimning taklifi bilan respublikamizning G‘afur G‘ulom nomli nashriyotida 1986 yilda chop etilgan “Nadimgi hikmatlar” kitobini o‘qib chiqdim. Kitob Nasimxoja Rahmonov tomonidan nashrga tayyorlangan. O‘rxun bitiklarining Kul Tigin bobidagi shunday so‘zlarga ko‘zim tushdi:

“...Lashkar tortib to‘rt tarafdagi xalqni butunlay bosib olganlar, butunlay tobe qilganlar. Boshi borning boshini egib, ta’zim qildirishganlar, tizzasi borni cho‘kkalatganlar. Sharqqa — Qadirqangacha, g‘arbga — Temir darvozagacha o‘rnashganlar. Nadirkon bilan Temir darvoza orasida xo‘jayinsiz, urug‘ hokimiyatisiz, cheklanmagan yerga ega bo‘lib, asl turk shu tarzda yashar ekan. Ular dono xoqon ekan, bahodir xoqon ekan, vazirlari ham dono va botir bo‘lgan bo‘lishi kerak, beklari ham, xalqi ham to‘g‘ri ekan...”

Bu gaplarning bir tomoni G‘allaorol tumaniga ham tegishli ekanini o‘ylab, ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. Tuman hududidagi tarixga oid vayronalar, bitiklar boy o‘tmishimizni eslatib turibdi-da, axir. Tarixda o‘qiganlarim, moziydan esayotgan saboqlar kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

Xayolimdan Amir Temur davrida qurilgan qo‘rg‘onlar o‘ta boshladi. Temir darvozadan keyingi birinchi qo‘rg‘on Ko‘kgumbaz deb ataladi. Undan bugungi kunda nomu nishona bo‘lmasa-da, daliliy ashiyolari eslatib turadi. Keksa kishilarning aytishiga qaraganda Ko‘kgumbaz nomi Sohibqironning nomi bilan bog‘liq. Qishloq o‘rtasida joylashgan tepalikda bir paytlar mahobatli gumbaz bo‘lgan. Bahor chog‘larida quyosh nurida ko‘m-ko‘k bo‘lib yaltiragan.
Shunga nisbatan Ko‘kgumbaz qo‘rg‘oni deb atashgan. Uni Amirning churrollangan askarlari qo‘riqlagan. Do‘st kelsa dorulsaltanatga quchoq ochib kuzatib qo‘ygan, dushman kelsa sherday olishgan. Qazilgan paytida yer tagidan chiqadigan sopol siniqlari, bo‘yalgan g‘isht parchalarimiz fikrimizni to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi.
Shunda Amir Temur bobomizning o‘gitlaridagi so‘zlarni maroq bilan o‘qiging kelib qoladi: “Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona qursinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar...”

Buyuk Sohibqironning so‘zlarida hech bir mubolag‘a yo‘qligini qurdirgan qo‘rg‘onlari isbotlab turadi.
Ko‘kgumbazdan so‘ng hozirgi Sarbozorda qurilgan Ko‘shsaroy qo‘rg‘oni, Qizil qo‘rg‘on, Xonimqo‘rg‘on... Bu qo‘rg‘onlarning tizimini Samarqand shahriga borguncha davom ettirish mumkin, biroq men G‘allaorol hududida o‘zi yo‘q, nomi borlari haqida so‘z yuritmoqchiman. Aytilishicha, eng mahobatlisi Xonimqo‘rg‘on ekan.

Xalq tilida Bibixonim — asli ismi esa Saroymulkxonimning shuhratini kim bilmaydi, deysiz. Temuriy shahzodalarni tarbiyalagan, ularning qalbiga temurona e’tiqodni solgan bu xotunni Ulug‘bek ham juda e’zozlagan. Ulug‘ malika deb shuhrat qozongan Bibixonim ham o‘z qo‘rg‘onini G‘allaorol hududida qurdirgan ekan. Aytilishicha, malika Sohibqiron yurishlaridan qaytayotib shu yerda hordiq chiqarib, bir-ikki kun dam olgan va yoqib qolib qo‘rg‘on qurishni taklif qilgan.
Hozir ham o‘sha qo‘rg‘onning vayronalari bor. Kishini o‘ylantiradigan joyi — qo‘rg‘on g‘alla ekiladigan yerlarga o‘rtada joylashgan. Uni haydaladigan yerga aylantirmaslik kerak. Katta tarixni o‘z vujudida saqlab turgan bu xarobani asrab qolsak, avlodlarimiz oldidagi burchimizni bajargan bo‘lamiz.

Xayol ko‘zi bilan qarasangiz “Nega qo‘rg‘onlar buzilib ketgan?” degan savol ko‘ndalang bo‘ladi. Axir Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarda o‘sha davrlarda qurilgan minoralar, qo‘rg‘onlar asrlar bilan yuzma-yuz bo‘lib turibdi-ku! Bu qo‘rg‘onlarning buzilishidan manfaat bormi? Bor ekan-da, istilochilar tariximizni yo‘q qilish uchun yaratilgan osori-atiqalarga taram-taram bo‘lishgan.

Oq podshoning suygan general-gubernatorlaridan biri fon Kaufmanning oldiga borgan mahalliy xalq vakiliga aytgan gaplarini bir eslang:
— Samarqandning osori-atiqalari qulayapti, ularni ta’mirlaylik, tiklaylik...
— O‘sha sen aytgan osori-atiqalar qanchalik tez qulsa, shuncha yaxshi, xalq o‘zining kimligini bilmaydi, — deb ko‘rsizlik bilan javob bergan general-gubernator.

Afsus, bu minoralarni Peterburgga jo‘natishning imkoni bo‘lmagan, yo‘qsa hozir o‘sha tomonlarga borib ko‘rib kelarmidik...

Gurjilarda tarixga oid bo‘lsa, toshni ham baxmalga o‘rab qo‘yish rasm ekan. Bizda-chi? Nomi boru o‘zi yo‘q qo‘rg‘onlar haqida bitta suhbatda kifoyalanib bo‘ladimi? Faqat o‘tmish bilan yashamasakda, vaqti-vaqti bilan xalqimiz kechmishlarini eslab qo‘ysak deyman.

Total words

831

Unique words

627

Annotated anthroponyms

2

Toponyms

1

TTR

0.755

Hapax

530

Distribution

Top frequency chart

Dataset