🔍

Article

O‘RNINI TOPGAN O’RINBOY

By Mansur Ahmedov,«Xalq so‘zi» muxbiri. • in 1993

$$Nukus shahri$$ga kiraverishda qad rostlagan muhtasham korxona binosi hech kimni loqayd qoldirmaydi. Bu — $$Qoraqalpog‘iston – Turkiya qo‘shma loyihasi$$ asosida bunyod etilgan katta to‘qimachilik kompleksidir.

$$Qoraqalpog‘iston$$ poytaxtining 60 yilligi tantanalarida ishtirok etish uchun kelgan Respublika Prezidenti Islom Karimovning dastlab shu yerga tashrif buyurganligi va ishlarning borishi bilan tanishganligi ham bejiz emas. Xalq xo‘jaligi uchun juda muhim bo‘lgan mazkur inshoot 1993 yilning ko‘klamida o‘zining dastlabki mahsulotlarini chiqara boshlaydi. Eng quvonarlisi shundaki, ushbu kompleksda xom ashyo qayta ishlanadi va tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Yangi yil arafasida goh turkiyalik, goh italyalik mutaxassislar bilan muzokara qilib, ba’zan esa qo‘li ishchining qo‘liga tegmay ishlayotgan quruvchilarga «hormang» aytib, bosh qashishga ham vaqt topolmayotgan kompleks bosh direktori O‘rinboy Madiyorov bilan suhbatlashdim.

O‘rinboy og‘ani nafaqat o‘zimizda, balki boshqa respublikalarda ham talabchan va tadbirkor rahbar sifatida yaxshi tanishadi. U mehnat faoliyatini qurilishda oddiy ustalikdan boshlagan bu kishi, qator yillar mobaynida turli lavozimlarda ishladi. O‘ttiz uch yoshida Respublika yo‘l qurilish vaziri bo‘ldi va bu sohani 11 yil boshqardi. Evaziga... ommaviy ur-yiqit davrida Gdlyan to‘raning «Qallibek Kamolovga bir tiyin ham pora bermasdan qanday qilib o‘n bir yil vazir bo‘lib ishlading?» kabi mantiqsiz xarxashalaridan pichoqsiz so‘yildi. Mayli, bu haqida boshqa gal. Hozir esa asosiy mavzuyimiz — kompleks, qo‘shma korxona haqida.

Respublika rahbariyati har holda kadr tanlashda adashmagan edi. Yaqindagina, aprel oyida dastlabki poydevori qo‘yila boshlangan korxona qurilishi bugun tugallanish arafasida.

— Keling, eng avvalo, ertangi kunimizni yorqinroq tasavvur qilish uchun kompleksimiz haqida umumiy tushuncha bersam, – deydi bosh direktor. – Korxonamizda xom ashyoni qabul qilib olishdan tortib, uni tayyor kiyim-kechak va boshqa mahsulot qilib chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayondagi ishlar amalga oshiriladi. Ya’ni paxtani tozalash, chigitdan ajratish, ip yigirish, bo‘yash, to‘qimachilik, bichish-tikish va hokazo ishlar to‘liq bajariladi. Bunga kerakli bo‘lgan jihozlar, uskunalar barisi xorijdan – Turkiyadan va Italiyadan keltirilmoqda. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu yerda tayyor kiyim-kechakdan tashqari tibbiyotda ishlatiladigan maxsus momiq paxtalar ham ishlab chiqariladi.

— O‘rinboy o‘ga, mushtariylarimiz qo‘shma korxonaning ishlab chiqarish quvvatini aniqroq bilishlari uchun raqamlar bilan so‘zlasangiz?
— Yiliga 20 ming tonna paxtani chigitdan ajratamiz. 2050 tonna ip yigiriladi. Mo‘ljalimiz dastlab 6 ming juft tayyor mahsulot — kiyim-bosh ishlab chiqarishdir. Kompleks qurilishining umumiy qiymati — 12 yarim million dollar. Buning 10 millioni faqat uskuna va jihozlar uchun sarflanadi. Har yili 23—25 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Bu — bizning pulda 10 milliard so‘m atrofida bo‘ladi. Demak, korxona bor-yo‘g‘i 2—3 oyda xarjlangan pulni qoplaydi. Natijada Respublikamizning 1200 nafar aholisi ish bilan ta’minlanadi.

Endi sheriklarimiz haqida ham ikki og‘iz aytib o‘tay. «Yazeks» — Turkiyadagi eng katta yigirma korporatsiyadan bittasidir. Uning vitse-prezidenti Nafi Ahmad Yuroqli o‘zining ishbilarmonligi, boy tajribasi va odamoxunligi bilan hurmatimizni qozondi. Vitse-prezidentning Jo‘shqin, Usmon, Rahmon, Ismat ismli yordamchilari bo‘lib, ularning har biri kompleksdagi har xil tarmoqlar bo‘yicha yetuk mutaxassis. Umuman, kompleks qurilishiga katta hissa qo‘shgan 22 nafar italyan va 30 nafar turk mutaxassislaridan bizning yigitlarimiz ko‘p narsa o‘rgandilar.

Hozirgi kunda kompleksimizning paxta tozalash, trikotaj va kiyim tikish fabrikalari, isitish qozonxonalari tayyor bo‘lib, ishlatib ham ko‘rildi.

Kompleksga kirishingiz bilan ip yigiruv va to‘qimachilik fabrikalarida marmar pol va chang yutish kameralarining juda sifatli qurilganligi darhol diqqatni tortadi. Angliyadan keltirilgan 3 ta isitish qozoni bu yerdagi ishlarning to‘xtovsiz borishini ta’minlaydi. Kompleks qoshida yaqinda ishga tushirilgan podstansiya juda katta quvvatga ega bo‘lib, butun boshli bir rayonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

— Qurilishning sifatidan juda ko‘nglim to‘q, – deydi O‘rinboy Madiyorov, – men O‘zbekistondagi, Armanistondagi ko‘pgina qurilishlarga rahbarlik qilganman. Shundan kelib chiqib aytaman-ki, kompleks qurilishining sifati a’lo! Bunda «Qoraqalpoqagrostroy» birlashmasiga qarashli Jo‘ldos Mang‘itboev, Kengesboy Mingtur‘ganovlar boshchiligidagi qurilish tashkilotlari, Inomjon Xolmurodov rahbarligidagi Nukus uysozlik kombinati quruvchilarining mehnati katta bo‘ldi. Ayniqsa, «Qoraqalpoqavtotrans» birlashmasining yuk tashish bo‘limi boshlig‘i Komil Murodov boshchiligidagi haydovchilar og‘irimizni yengil, olisimizni yaqin qilishda o‘zlarining katta xizmatlarini ayamaydilar. Ular yordamida 100 ming kubdan ziyod tuproq va boshqa qurilish materiallari tashib keltirildi.

Hali yana 150 million so‘mlik ish qilinishi kerak. Jumladan, ishchilarimiz qatnovi uchun trolleybus liniyasi kombinat darvozasigacha olib kelinadi. Umumiy yer maydonimiz 450 gektar, shuning 50 gektarida qurilish ketmoqda, qolgan 400 gektarida ko‘kalamzorlashtirish, aloqa tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish, stadion, magazin, bolalar bog‘chasi qurilishi va hokazo ishlar bajariladi. Ishchilarimizning yakka tartibda uy-joy qurishlari uchun ssuda (qarz puli) beramiz.

Mening yana bir mo‘ljalimdagi narsa: o‘zimizda alohida yog‘-moy zavodi ham qurishimiz lozim. Chunki o‘zimiz ajratib olgan chigitni yana allaqayog‘larga jo‘natib o‘tirmay, o‘zimiz yog‘ ishlab chiqarsak, xalqimiz uchun ham, biz uchun ham foydali bo‘ladi.

Direktorning orzulari ko‘p. U jo‘shib, kuyinchalik bilan gapirar ekan, beixtiyor O‘rinboy o‘ga o‘z o‘rnini topganligiga imon keltirdim.

Total words

697

Unique words

530

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

3

TTR

0.760

Hapax

458

Distribution

Top frequency chart

Dataset