TARJIMAI HOLIDAN QAYDLAR:Safar Salimoa 1944 yil bahorida 4-Ukraina frontida Ulug‘ Vatan uchun bo‘lgan janglarda og‘ir yaralanib qaytgach, Toshkent huquqshunoslik institutida tahsil oldi. Ish faoliyatini Nershi rayoni prokurori bo‘lishdan boshladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach Qashqadaryo viloyati sud raisligiga saylandi. O‘zbekiston Oliy sudi a’zoligiga saylanguniga qadar Denov, Sariosiyo, Uzun rayonlari bo‘yicha hududiy prokuror, Qashqadaryo viloyati partiya qo‘mitasida ma’muriy organlar bo‘limi mudiri, 1972 yildan e’tiboran qariyb 14 yil mobaynida Toshkent shahar sudi raisi vazifasida xizmat qilgan...
Bu chog‘larni o‘tgan ko‘plar uni taniydi va beixtiyor «E-e, Safar akami? Safar aka halol inson», – degan e’tirof ko‘ngil ko‘chasidan o‘tadi. Mana shu narsaning o‘zigina so‘nggi vaqtlarda odamlarning ayrim huquqshunoslarga nisbatan yo‘qolayotgan ishonchlariga turg‘ak bo‘ladi. Va o‘zingizga dalda berasiz: «Prokuror, sudyalarning hammasi ham insofsiz yo‘qotmagan-ku?»
Olam olam bo‘lgandan buyon to shu kunga qadar uni omon saqlab kelgan o‘z me’zonlari bor. Qadr zamonlar o‘z yo‘lini bosgan, lekin har qanday nochor zamonlarda ham faqat yaxshilik istovchi, tinchlik, haqiqat, ezgulik uchun kurashgan, uni o‘z chalbida deb bilgan insonlar bo‘lgan.
Elning har bir kuni bayram bo‘lsin. Hozirgi o‘tkinchi deb ta’riflanayotgan iqtisodiy qiyinchilik davrida ham odamlar hayotini farahli, g‘uborsiz qiladigan quvonchli damlar bisyor. Shunday go‘zal ayyomlarda dilga yaqin, ezgu ishlari bilan xalq ko‘ngliga yo‘l topa olgan kishilarni yodlab qolamiz. Odatimizni kanda qilmagan holda buyuk voqealarga boy bo‘lgan yilning so‘nggi kunida hamisha odamlar yodloviga sazovor bo‘lib kelgan inson huzurida bo‘lib uning dil so‘zlarini eshitarkanman, uzoq muddat yuqori lavozimlarda ishlagan, ayni paytda sobiq rahbarning aytgan latifanoma so‘zlari («Salimonmi? Hmm... Salimov yaxshi odam-u, lekin o‘ta ketgan chestniy-da») qanday beg‘araz aytilganiga ishonch hosil qildim.
— Men uchun bolalik, yoshlik chog‘larini eslash nihoyatda og‘ir, – deydi Safar aka. – Ota-onadan hali go‘dak chog‘laridayoq yetim qolganman. O‘charchilik, buning ustiga to‘rt yillik hayot-mamot jangi... Bularning hammasi yurakda og‘ir jarohat qoldirgan.
Safar aka chuqur so‘lish olib, hamso‘hbatiga sezilmaydigan darajada sekingina uh tortadi. Keyin o‘ziga-o‘zi gapirganday: «Lekin o‘sha paytlarda insofsiz, yomon odamlar ko‘p edi», deb qo‘shadi. Garchi oldindan tayyorlab qo‘yilgan savollarim ko‘p bo‘lsa-da, indamayman. Shundan so‘ng xotiralar jonlanadi.
— Keling, men sizga bir-ikkita voqeani aytib beraman. Lekin bu zinhor gazeta uchun emas. O‘zingizga kerak bo‘lib qolar, – deydi u va hikoyasini boshlaydi:
— Urushdan og‘ir yarador bo‘lib qaytgan yillarim yaxshi odamlarning maslahati bilan qiynalib bo‘lsa-da, Toshkent Davlat huquqshunoslik institutiga o‘qishga kirdim. O‘sha paytlari institutdan beradigan stipendiya kun ko‘rishga ham yetmasdi. Voy aytganimday, uyda yordam yo‘q. Nima qilish kerak? O‘ylab-o‘ylab, darsdan keyin temir yo‘l vokzaliga chiqib ketdim. Maqsadim – hammollik qilib yon pul ishlash edi.
Shunday qilib desangiz, kutib turgandim, poyezd kelib to‘xtagach, mening ro‘paramdagi vagondan bir basavlat polkovnik tushib kela boshladi. Yuklari ham o‘ziga yarasha ekan. Uni kutib oluvchilarning aksariyati ayollar bo‘lganligi uchun ancha mehnat qilishga to‘g‘ri keldi. Xullas, hamma jomadonlarini mashinaga joylab bo‘lgach, u menga bitta yuz so‘mlik uzata turib (o‘sha vaqtlarda bir bo‘lak non to‘rt so‘m bo‘lgan), iyagimga bint bilan o‘ralgan jag‘imga ishora qilib: «Nima bo‘lgan?» dedi. Men urushda o‘q og‘zimga tekkanligini gapirib berdim. U bir oz turib qoldi-da, o‘zi bilan uyiga borishligimni aytdi.
Uyida turli xil yeguliklar bilan yasalgan dasturxon atrofida o‘tiribmiz-u, mening tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi. Xayolim uchul ertalabdan beri och-nahor yotgan xonadosh o‘rto‘g‘imga ketaverishga javob so‘radim.
O‘sha kech uyga bir bo‘lak non, bir hovuch konfet, yuz so‘m pul bilan qaytganimni ko‘rgan do‘stimning yig‘lab aytgan so‘zlari hanuz qulog‘imda jaranglab turadi: «Sen bularni o‘g‘irlab kelgansan. Hammasini qaytarib olib kel, o‘sha yerga tashlab kel. Jon o‘rtoq, och bo‘lsak ham tinch yashaylik».
Safar aka muloyimgina kulib qo‘shadi. So‘ng: «Bular urushdan keyingi yillar voqeasi. Hammasi o‘tib ketdi. O‘shanday qiyinchiliklarni yenggan xalqimiz uchun bugungi vaqtdagilar hech gap emas», deb hikoyasini tugatadi. Men esa qarshimdagi insonning irodasiga, boshidan qancha og‘ir savdolar kechsa-da, uzoq yillar poytaxt sudi raisi vazifasida halol xizmat qilganiga qoyil qolib so‘rayman:
— Bilasizmi, nafaqat siz ishlagan o‘sha damlarda, balki hamma davrlarda ham haqiqat uchun kurash oson kechmagan. Ayniqsa, siz xizmat qilgan davrda ma’muriy-buyruqbozlik usuli eng avj olgan pallalar bo‘lgani uchun sizga ham biron-bir tazyiq o‘tkazishga urinishlar bo‘lganmi?
— Qisqasini aytganda, meni balo-chazolardan hamisha mana shu HALOLLIK qutqarib kelgan. Agar inson o‘zining pokligiga ishonar ekan, qiyinchiliklar hech gap emas. Kunlardan bir kun: «Telefonda sizni Sharof Rashidovich yo‘qlayaptilar», deb qo‘ng‘iroq qilishdi. Telefon go‘shagini ko‘tardim. «Safarjon, mening oldimga falon kishi falon masala bo‘yicha kelgan ekan. Hozir u kishini sizning oldingizga yuborsam, ishi bilan o‘zingiz tanishib chiqsangiz», dedilar rahmatlik. Bir oz vaqt o‘tib, qo‘shib qo‘ydilar: «Yana Markazkom birinchi kotibi telefon qildi», deb o‘zingizga jabir qilib qo‘ymang. Hammasi qonun bo‘yicha bo‘lsin, xo‘pmi». Bu gaplar menga bir umr ibrat bo‘lgandi.
Hamsuhbatim uzoq vaqt jim qoldi. Men uni anglashga harakat qilaman. Navoiy viloyatining olis qishlog‘idan kelgan ko‘zlari chaqnagan o‘smirning poytaxtga qo‘ygan ilk qadami... Oradan yillar o‘tib uning huddi mana shu shahardagi obro‘-e’tiborli, ta’sirchan kishilardan bo‘lishi... Balki mana shu xayoli bir zum yodiga tushgandir? Axir «ayyom kunlari yorug‘ xotiralar» eslanadi-ku.
Men Safar aka kabi insonlarni nafaqat bayram kunlari, balki mavridini topib mudom yo‘qlash, ularning suhbatini olish zarurligini anglab, ketishga chog‘lanaman.
«Yangi yil xalqimiz uchun ijobiy, omadlar yili bo‘lsin, yoshlarimiz hayotida yorug‘ kunlar mo‘l bo‘lsin», – deydi u. Yaxshilik istovchi insonga men ham shuni tiladim. Yo‘lda ketar ekanman xayolimda uning chiroyidagi so‘zlari charx uradi: «Halollik – haqiqatning ustuni hisoblanadi».