🔍

Article

YO‘LKIRANING OSHISHI – MAJBURIY ZARURIYAT

By L. AHMETOV,O‘zbekiston Jumhuriyati • in 1993

Yangi 1993 yil $$O‘zbekiston$$ uchun burilish yili bo‘lib qolmog‘i kerak. Mustaqil jumhuriyatimiz iqtisodiy sohalarda qo‘lga kiritgan dastlabki yutuqlar aynan shu yili mustahkamlanmog‘i va yanada boyib bormog‘i lozim. Xo‘jalik yuritishning jumhuriyatimizda qabul qilingan boshqariladigan bozor andozasining iqtisodiy va huquqiy poydevorini yaratish ishlari nihoyasiga yetkaziladi. Bu jumhuriyat transport majmuasi va avvalo, sohaning eng ommaviy turi bo‘lgan yo‘lovchilarni tashish avtomobil transportiga taalluqlidir.

Jumhuriyatimizda jami yo‘lovchilarning 80 foizi avtomobil transportida tashiladi. Uning xizmatidan kuniga 6,5 milliondan ziyod kishi foydalanadi. Shahar va shahar atrofi yo‘lovchilarining 86 foiziga avtomobil transporti xizmat qiladi.

Respublika hukumati yo‘lovchilarni tashish avtotransport korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kapital mablag‘ sarflash, avtobuslar qatnaydigon yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, avtovokzal, avto-stansiyalar qurish va ta’mirlash choralarini ko‘rmoqda.

Biroq sobiq ittifoqdosh jumhuriyatlar o‘rtasidagi xo‘jalik aloqalari uzilganligi hamda tashqaridan olib kelinayotgan yoqilg‘i, ehtiyot qismlar, boshqa ashyo va uskunalar narxi keskin oshganligi avtomobil transporti ishiga aks ta’sir ko‘rsatmoqda. Tarmoq korxonalari ilgari ishlab chiqarishga oid va ijtimoiy sohalardagi masalalarni o‘zlari ishlab topgan mablag‘lari hisobidan hal qilaverar edilar. Endi bunday imkoniyatlar yo‘q. Yo‘lovchilarni tashishdan kelayotgan daromadlar sarf-harajatlarni qoplashga arang yetadi. Shahar va shahar atrofi avtobuslarida esa zaruriy bo‘lgan paytda bir yo‘lovchini tashish bir so‘mga tushgan bo‘lsa, yilning uchinchi choragida yo‘lkira bir so‘mga chiqib, bir yo‘lovchini tashish davlatga 4 so‘m 60 tiyingga tushdi. Oxirgi choragiga kelib yo‘lkira 2 so‘mga, sarf-harajat esa 7 so‘m 70 tiyingga chiqdi.

Yo‘lovchilarni tashishga sarflanadigan xarajatlarning oshishi majburiy zarurat bo‘lib, u avtomobil yoqilg‘isi narxi 210 baravar, avtobuslar narxi o‘rtacha 102 baravar, engil taksilar narxi 750 baravar oshganligi sababli yuz berdi.

1992 yilning oxirgi choragida yo‘lovchilarni tashishdan ko‘rilgan zarar 1076 million so‘mga yetdi. Shundan 475 million so‘mi shahar, 592 million so‘mi shahar atrofi avtobuslariga to‘g‘ri keladi. Zararlarga qoplash va iqtisodiy rag‘batlantirish jamg‘armasini vujudga keltirish uchun 1992 yilda jumhuriyat byudjetidan ikki milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi.

Umumiy foydalanishdagi avtotransport tarmog‘ini rivojlantirish masalalari faqat jumhuriyat byudjetidan mablag‘ ajratish yo‘li bilangina hal etilayotgani yo‘q. 1993 yil uchun yuk va yo‘lovchilarni tashishni, sanoat ishlab chiqarishi va aholiga transport-ekspeditsiya xizmati ko‘rsatishni rivojlantirish, harakatdagi avtomobillarni mumkin qadar to‘laroq gaz bilan ishlashga o‘tkazish dasturi ishlab chiqilib, bajarishga kirishildi. Tarmoqda tayyorga ayyorlik kayfiyati yo‘q. Qabul qilingan dasturni amalga oshirish sohani MDH mamlakatlaridan tashib keltiriladigan qimmat yoqilg‘iga qaramlikdan xalos etish, ehtiyot qismlarga, garaj uskunalariga, rezina-texnika buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondirish imkonini beradi. Dasturda nazarda tutilgan choralar xodimlarni o‘zlariga topshirib qo‘yilgan texnikadan yuksak samarali foydalanishdan manfaatdor qiladi. Tarmoqda barpo etilgan tijorat tizimlari avtokorxonalarga zarur ashyolarni o‘rtada turuvchi vositachilarga nisbatan arzonroq narxlarda yetkazib berib, katta yordam ko‘rsatmoqdalar. Biroq avtotexnika, ayniqsa, avtobuslarning o‘zimizda ishlab chiqarilmasligi va erkin bozorning yo‘qligi MDH mamlakatlariga o‘z mahsulotlari narxini osmoniga ko‘tarish imkonini bermoqda, oqibatda davlatning yordamiga tayanishga majbur etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, avtotransport tarmog‘i jumhuriyat hukumati va shaxsan Prezidentning yordamidan amalda ko‘rmoqda.
1993 yil uchun tuzilgan bitimga muvofiq yilning birinchi yarmida Vengriyadan «Ikarus» avtobuslarining o‘ta tanqis ehtiyot qismlarini, Janubiy Koreya va Turkiyadan avtobuslarni keltirish ko‘zda tutilmoqda. Bu tadbirlar yo‘nalishlardagi avtobuslar sonini ko‘paytirib, aholiga transport xizmatini yaxshilash imkonini beradi.

Respublika hukumatining qaroriga muvofiq shu yilning 5 yanvaridan boshlab shahar avtobuslarida yo‘lki­raning 3 so‘mga chiqarilishi va shahar atrofi yo‘lkiraning 1,5 baravar oshirilishi ham yo‘lovchilar tashiydigan avtotransport xizmatini barqarorlashtirishga qaratilgandir. Bu majburiy zarurat bo‘lib, o‘zga chorasi yo‘qdir.

Yo‘lkiraning bu tariqa oshishi ham shahar va uning atrofidagi avtotransport xarajatlarini qoplay olmaydi. Respublika byudjeti har bir yo‘lovchi uchun 4 so‘mdan qo‘shimcha xarajat badalini to‘laydi. Harakatdagi avtomobillarning, ularga ketadigan yoqilg‘i-moylash ashyolarining, boshqa moddiy-texnik resurslarning hozirgi narxini saqlab qolgan va mehnatga to‘lanadigan haqni 25 foiz oshirgan taqdirda jumhuriyat byudjeti 1993 yilda yo‘lovchilarni tashishdan ko‘rilgan zararni qoplash uchun 7,2 milliard so‘m pul ajratishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ayrim toifa yo‘lovchilarning tekin va imtiyozli yurishlarini ham tartibga solish lozim. Bular uchun sarflanadigan bir yillik mablag‘ milliard so‘mdan oshadi. Chunonchi, faqat o‘quvchilarning bepul yoki imtiyozli yurishlari uchungina 237 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflanadi. Qolgan 770 million so‘m mablag‘ xodimlari bepul va imtiyozli yurish huquqiga ega bo‘lgan vazirliklar, idoralar, assotsiatsiyalar, konsern va korporatsiyalar hisobidan qoplanishi kerak.

1993 yilning dastlabki kunlarida yo‘lovchilarni tashish avtokorxonalari jamoalarida yo‘lovchilarni tashish avtotransporti ishini barqarorlashtirish va samaradorligini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash dasturi muhokama qilinib, uni amalga oshirish yo‘l-yo‘riqlari belgilab olinmoqda.

Total words

658

Unique words

459

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

1

TTR

0.698

Hapax

363

Distribution

Top frequency chart

Dataset