Yaqinda o‘z milliy mustaqilligini qo‘lga kiritgan $$O‘rta Osiyo$$ va $$Qozog‘iston$$ respublikalarining ayni 1991 yildan umidlari katta. $$O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston respublikalari davlat rahbarlari$$ning ayni yilning dastlabki kunlari $$Toshkent shahri$$da bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ana shu orzu-umidlarning ro‘yobga chiqishi yo‘lida o‘zaro hamkorlik eng maqbul vosita ekanligini isbotlovchi tabarruk muhim qadam bo‘ldi.
Chunki sobiq imperiyaning qog‘ozda o‘ylab topilgan «planli taraqqiyot» asoratlaridan hech qaysi yangi mustaqil davlat bir hamla bilan qutula olmaydi. Lekin bu hol o‘sha imperiyani ayrim ulug‘ davlatchi shovvozlar aytayotgandek, qayta tiklabgina murod hosil qilinadi, degani emas. Sababi, hech bir milliy mustaqillik iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlikni inkor etmaydi. Faqat hamkorlik bahosida uning vujudiga daxl qilinmasa bo‘lgani.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston davlat rahbarlarining Toshkent uchrashuvi ilgari-gilaridan keskin farq qiladi. Ya’ni, kelgusida bu mintaqadagi davlatlarning yangi — Markaziy Osiyo Hamdo‘stligi (MOH) barpo etilishi uchun zamin hozirlandi. Iqtisodiy va moliyaviy sohalarda yanada hamkorlik qilish, o‘zaro kelishilgan holda siyosat yuritish, yagona boj qoidalarini va soliq tizimlarini ishlab chiqish, narxlarni belgilash kabi omillar bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida bu davlatlar aholisini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishda qo‘l keladi, iqtisodiy tanazzuldan chiqishga yordam beradi, pulning bundan ham qadrsizlanib ketishi oldini oladi. Sababi, bu mintaqadagi xalqlarning taqdiri ko‘p jihatdan ana shu hamkorlikning qay darajada yo‘lga qo‘yilishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki o‘zini sobiq SSSRning vorisi deb e’lon qilgan Rossiyaning pul hamda narx-navo bobida boshqa respublikalar bilan hisoblashmay yuritayotgan siyosati Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga ham halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun mintaqadagi davlatlar manfaatlariga mos keladigan, ularning iqtisodiyotini tashqi ta’sirdan bemalol himoya qila oladigan siyosatni ishlab chiqish vaqti yetdi. Chunonchi, sharoit davlatlarning o‘z valyutasini muomalaga kiritish masalasini qayta-qayta kun tartibiga qo‘ymoqda.
Bu mintaqa o‘z tabiiy boyliklari jihatidan ham, iqtisodiy potensialini hisobga olganda ham dunyodagi har qanday mamlakat bilan bemalol raqobatlasha oladi.
Kuchlarni birlashtirish va yangi Hamdo‘stlik barpo etishdan yana bir muddao — tarkib topayotgan bozor munosabatlari sharoitida bevosita mazkur mintaqa kelajagiga daxldor Orol va Kaspiy dengizlari muammolarini hal etish zaruratidir. Imperiyadan meros bo‘lib qolgan bu halokatli muammoni hech bir respublika o‘z holicha hal qila olmaydi. Buni yaxshi anglab yetgan davlat rahbarlari besh respublika ishtirokida qo‘shma jamg‘arma tuzish va u bevosita halokat zonasida joylashgan shaharlarda faoliyat ko‘rsatishi lozimligi hususida kelishib olganlari ulug‘ ishning boshlanishi bo‘ldi, deb umid qilish mumkin. Kaspiy dengizi muammosini hal etishga manfaatdor tomonlardan Eron va Rossiyani jalb etishga qaror qilindi.
Yana muhim muammolardan biri qo‘shni Tojikistondagi fuqarolar urushiga chek qo‘yish va uning oqibatlarini tugatish borasida ham shoshilinch choralar ko‘rish zarur. Bu qo‘shni respublikaning izdan chiqib ketgan iqtisodiyotini tiklash, urush kulfatlarini tortayotgan tojik xalqiga insoniylik yordami ko‘rsatish borasida ham rahbarlar yakdillik ko‘rsatishdi. Mustaqil respublikaning hududiy yaxlitligini buzishga hamda ichki ishlariga boshqalarning aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik mintaqadagi osoyishtalik va o‘zaro ishonchni ta’minlashning garovi bo‘lib qoladi.
Qisqasi 55 million kishi yashaydigan mintaqada tarkib topayotgan bozor munosabatlarini o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Ularni o‘zaro muvofiqlashtirish iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish hamda Markaziy Osiyo Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning yuk tashishda eng arzon va qulay vosita — dunyo suv yo‘llariga tezroq chiqish imkonini beradi.
Buning uchun tarixi, dini va madaniyati bir bo‘lgan xalqlarni yanada yaqinlashtirish zarur. Shu maqsadda tarkib topajak Hamdo‘stlikning davlatlararo yangi ro‘znomasi Olmaota shahrida, Markaziy teleradiokompaniyasi Toshkent shahrida va boshqa tuzilmalari qo‘shni qardosh respublikalar poytaxtlarida joylashadigan bo‘ldi. Bu butunlay qayta tiklanajak iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar uchun mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasiz.
Yangi Hamdo‘stlik tuzishdan maqsad bozor iqtisodiyotiga o‘tish qiyinchiliklarini yengishda mintaqadagi yangi imkoniyatlarni ishga solish borasida hamkorlik qilishdir. Bu birinchi navbatda Qozog‘istonning g‘allasi, xom nefti, O‘zbekistonning paxtasiga bo‘lgan mintaqa xalqlarining ehtiyoji qondirilishi zarurligini bildiradi.
Yangi tarkib topayotgan Hamdo‘stlik bilan MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga kelsak, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalari hech qaysi davlat yoki Hamdo‘stlik bilan mavjud aloqalarni uzmoqchi yoki qayta ko‘rib chiqmoqchi emas. MDH davlat rahbarlari uchrashuvlari chog‘ida imzolangan hujjatlar yoki ikki tomonlama shartnomalarda ko‘zda tutilgan iqtisodiy, siyosiy va madaniy hamkorlik davom ettirilaveradi. Bu sobiq SSSRni tiklash kerak, degan puch da’volarga asos bo‘la olmaydi. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov bot-bot takrorlayotganidek, tarixni ortga qaytarib bo‘lmaydi. U hamisha ilgarilab boraveradi.
Kuni kecha Toshkentda o‘tgan bu uchrashuv ham xalqlarimiz hayotida muhim voqea, oldinga tashlangan jasur qadam bo‘lib qolajak.