Mahalliy sovet deputatlari bilan suhbatlashib, ularning hozirgi kundagi faoliyat- laridan biror narsa yozishni ko‘nglimga tugib yurardim.
Ana shu niyatda Yangiyo‘l rayon sovetining oddiygina binosiga kirib bordik, Bizni yo‘lakning oxirgi xonasida yolg‘iz o‘tirgan 30-35 yoshlar atrofidagi odamga uchrashtirishdi.
– Ismim Alisher, shu yerda referent bo‘lib ishlayman. Nima yordam kerak bo‘lsa, aytavering. Hal etolsam, ko‘maklasharman, - deya qarshi oldi u.
– Rayon xalq deputatlarining ro‘yxatini ko‘zdan kechirsam, degandim.
Alisher Yo‘ldoshev menga saylov mavzem va deputatlarning ismu shariflari qayd etilgan ro‘yxatni berdi.
– Bu yerda sohasi, kasb-kori ko‘rsatilmagan-ku? so‘radim undan.
– Qaysi biri kerak? ro‘yxatdagilarni birin-ketin sanay ketdi. – Bu… raisi, bu… direktori boshlig‘i, bu…
– Nima deputatlikka faqat rahbarlar saylanishganmi deyman?
– Ha endi o‘zingiz bilasiz. Ularning foydasi ko‘proq tegayotgani uchun…
– Kimga?
– Xalqqa-da.
– Rayon soveti deputatlarining umumiy soni qancha?
– Sakson nafar.
– Hech bo‘lmaganda qaysi sohadan qancha deputat saylanganini bilsam bo‘ladimi?
– Buning nima hojati bor? Kerak bo‘lganda hisoblab, aniqlayveramiz, – Nima, saksontagina deputatni bilmasmidik.
– Yaxshi, unda oddiy kolxozchi yoki ishchi deputatlardan birortasini ko‘rsata qoling?
–Bu mavzeda yo‘q, bunisida ham… Bo‘lim yoki brigada boshliqlaridan topib bera qolay? dedi u barmog‘ini roʻyxatga tirab.
– Ular ham kichik bo‘lsayam boshliq-da. Iltimos, qarayvering-chi, balki birorta oddiyroq deputat topilar?
– Bitta-yarimta boru boshqa mavzedan. Juda olisda…
– Unda nachora, brigadir bo‘lsayam, mayli,
– Xo‘p yaxshi, hozir Tojixon Hamrobekovaning oldiga boramiz. Dala shiyponida bo‘lishi aniq.
– Bir yo‘la deputatlarni qaysi masalalar ko‘proq bezovta qilayotganligini ham bilib olsak…
Suhbatdoshim papkadagi qog‘ozlarni titkilay ketdi.
– Mana bu bir kolxoz raisidan tushgan talab. U ham deputat.
Qog‘oz bilan tanishib chiqdim, Xo‘jalikka shifer so‘rabdi…
Referent yana birorta talabnoma topilib qolar degan ilinjda qog‘ozlarni qayta ko‘zdan kechirdi, lekin befoyda…
– Nima, sizlarda deputatlarning talablari ro‘yxatga olinadigan daftar yo‘qmi?
– Ular o‘z ishu tashvishlaridan ortishmaydi. Viloyat Soveti va respublika xalq deputatlarigina kelib turishadi. Unaqa daftar raisning kotibasida turadi.
Xullas, Tojixon opani izlab yo‘lga tushdik. Ikki chaqirimcha yurgach, katta yo‘l yoqasida joylashgan, ko‘rimsizgina ikki xonali uy oldida to‘xtadik. Eshigida katta qulf. Bu brigada shiyponi ekan.
– Afsus, opa ko‘pincha shu yerda bo‘lardilar, Ketdik, – dedi Alisher shunday bo‘lishini oldindan his etgandek.
– Balki so‘rab-surishtirar- miz?…
– Natija chiqishi gumon, deya javob qaytardi u kayfiyati buzilib.
Noiloj hamrohimning orqasidan ergashdim. U sayohatga chiqqandek, sekin odimlardi. Mening esa vaqtim ziq. Ko‘zlagan ishim amalga oshmayotgani uchun ichimni it tirnardi.