🔍

Article

ZOE KETGAN SABOQLAR “OʻZBEKBIRLASHUV” tarmogʻida yonilgʻidan foydalanishda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmoqda

By S. SALIMOV, O‘zbekiston davlat neft … • in 1992

- Mashina motori buzildi, pechkaning mo‘risi kabi quyuq tutun chiqarayapti. Hech torta olmaydi. Qachongacha bunday bedodlikka chidaymiz, sifatbuzarlarning tanobini tortib qo‘yadiganlar bormi, axir? - Haydovchining jahl bilan aytgan bu gapini sherigi tasdiqladi.

- He, nimasini aytasiz? Kechagina motorni ta’mirlatgan edim, bugun esa yana shu ahvol. Benzin tarqatuvchiga aytsak, aravani quruq olib qochadi, boshliqlarning esa parvoyi falak. Hammasining tili bir shekilli, shuncha mashina ishdan chiqsa ham g‘ing, deyishmaydi…

Toshkent viloyati matlubot jamiyatiga qarashli To‘ytepa avtomobil korxonasi direktori M. Oxunjonov bunday arzu holni eshitaverib qulog‘i pishib ketgan bo‘lsada, haydovchilarning keyingi gapi jon-jonidan o‘tib ketdi. Vaholanki, bunday kamchiliklarga o‘zi aybdor bo‘lgani uchun ham xuruj qilib kelayotgan jahlini ichiga yutdi. Benzin tanqisligi tufayli «R-2» turdagi xom benzinchi sifat ko‘rsatkichlarini tiklamasdan ishlatishga ruxsat bergan o‘zi edida! Mazkur korxonada o‘tgan bir yarim yil ichida qariyb 70 ming litr ana shunday sifatsiz benzin mashinalarga quyib yuborildi. Bunaqada mashinalarning motori tugul o‘zi ham sochilib ketishi hech gap emas. Yetkazilgan zarar esa davlat hisobidan qoplanmoqda.

«O‘zbekbirlashuv» tarmog‘idagi avtomobil korxonalari bevosita aloqalar bilan neft haydovchi zavodlardan «R-2» benzinini ko‘plab olishmoqda. Biroq uning sifati tekshirilmay ishlatilmoqda. Yuqoridagi kabi misollarni boshqa joylardan ham keltirish mumkin, Xususan, Shahrisabz avtobazasida «R-2» xom ashyosi A-76 benzini bilan aralashtirilib yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Oqibatda umuman ishlatish uchun yaroqsiz benzin mashinalarga quyilgan. Bu benzinning sifati tekshirilganda davlat normalari bo‘yicha qoldig‘i 1,8 foiz bo‘lishi kerak edi, amalda 18,6 foizni tashkil etdi. Bunday benzin bilan unaqa-bunaqa mashina yurishga chidamaydi, Leningrad rayon matlubot uyushmasining avtomobil korxonasida esa 16.427 litr benzin shunday yo‘l bilan sifati buzilgani ayon bo‘ldi.

Shu o‘rinda boshqa masala haqida alohida to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi, Mutaxassislarning fikricha, sifatsiz benzin moddiy zarardan tashqari, atrof muhitini jiddiy ifloslantiradi, kishilarning sog‘lig‘iga putur yetkazadi. Avtomobil korxonalari rahbarlari esa benzin topganidan xursand bo‘lib, do‘ppini chambarak qilib yurishibdi. Keltirilgan zarar ularga ari chaqqanchalik ta’sir qilmayapti. 1990 va 1991-yilning besh oyida «O‘zbekbirlashuv» avtomobil korxonalari neftni qayta ishlovchi zavodlardan va boshqa tashkilotlardan belgilanganiga qo‘shimcha ravishda 2.579 tonna xom benzin olishgan. Xom benzinning sifat ko‘rsatkichlari tiklanib ishlatilganiga hech kim kafolat bermaydi. Turgan gapki, yonilg‘i tanqisligi ro‘y berayotgan sharoitda uning sifatini talab darajasiga keltirish haqida bosh qotirib o‘tirishmaydi. Demak, son ming mashinalarning motori ishdan chiqqan, tabiatga, odamlar sog‘lig‘iga zarar yetgan.

«O‘zbekbirlashuv» tarmog‘ida uning avtomobil korxonalarida yonilg‘idan foydalanish masalasi tez-tez tekshirilib turiladi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va nuqsonlar ro‘y-rost ko‘rsatiladi, ularni bartaraf etish yuzasidan qator maslahatlar va yordam beriladi, Ammo tarmoqda yonilg‘idan foydalanishni tartibga solishda, uni hisob-kitob bilan tejab ishlatishda tub o‘zgarishlar bo‘lmayapti, Hamon o‘sha isrofgarchilik davom etmoqda. Neft mahsulotlarini noto‘g‘ri ishlatishga chek qo‘yilganicha yo‘q. Yuqoridagi misol fikrimizning dalili. Har yili tekshirilganiga qaramasdan shu paytga qadar 12 ta tashkilotda yonilg‘idan foydalanishning oddiy qo‘llanmalari yo‘qligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. 13 ta korxonada esa umuman tejamkorlik haqida bosh qotirilmayapti. Tekshirilgan aksariyat tashkilotlarda kamyob neft mahsulotlarini boshqalari bilan almashtirish, resurslarni tejaydigan texnikani joriy etish bo‘yicha ish qilinmayapti.

Afsuslanarli tomoni shundaki, har galgi tekshirishlarda hisob-kitob ishlari qoniqarsiz tashkil etilganligiga jiddiy e’tirozlar bildiriladi, lekin bu kamchiliklarga barham berilmaydi. Masalan, «Uzkomstroymontaj» birlashmasi haydovchilari o‘tgan yili naqd pulga 10.740 litr dizel yonilg‘isi sotib olishgan bo‘lsa-da, bu buxgalteriya hujjatlarida aks etmagan, Shahrisabz avtobazasida oltita KamAZ avtomobili bor. Bu mashinalarga o‘tgan yilida bor-yo‘g‘i 17 tonna dizel yonilg‘isi ajratilgan. Agar bu raqamni taqsimlab chiqadigan bo‘lsak, kuniga har bnr mashinaga 8 litrdan to‘g‘ri keladi. Aprel may oylaridagi yo‘l varaqalari tekshirilib ko‘rilganda birortasida ham yonilg‘i olinganligi haqida ma’lumot yo‘q. Haydovchi D. Ahmedov fevral oyida bir litr ham yonilg‘i olmasdan 1839 kilometr masofa yurgani va 503 litr dizel yonilg‘isini tejab qolganligi qayd qilingan. Demak, bu yerdagi haydovchilar yonilg‘ini o‘z hisobidan olib, mashinadan xohlagan ishida foydalanishadi.

Yonilg‘i-moylash mahsulotlarning qoldig‘ini hisoblash ancha murakkab ish. U o‘z vaqtida e’tibor bilan hisob-kitob qilishni talab etadi. Biroq ko‘p korxonalarda mahsulotning qoldig‘ini hisoblash qoidaga xilof ravishda olib borilmoqda. Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi korxonalarda neft mahsulotlari uchun berilgan pattalarning tartib soni, miqdori hech qayerda qayd etilmaydi. Samarqand avtomobil birlashmasida esa 1190 litr benzin tasdiqlovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilib yuborilgan. Umuman, Samarqand birlashmasida neft mahsulotlarining qoldig‘ini hisoblash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Har oyda mahsulotning miqdori o‘lchanib taftish o‘tkazilishi kerak. Amalda esa buxgalteriya ma’lumotlari asosida hisob chiqariladi. Bu birlashmaning Past Darg‘omdagn kolonnasida amaldagi qoldiq litrlarda hisoblanib, kilogrammlarga tenglashtirilib qo‘yilgan. «O‘zbekbirlashuv»ning 20 korxonasida taftish o‘tkazilganda ancha miqdorda kamomad va ortiqcha mahsulot borligi ma’lum bo‘ldi. 13 ta tashkilotda neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va tarqatish sharoitlari mahsulotni sifat va miqdor jihatidan asralishini ta’minlamaydi. Buning oqibatida yiliga 120 tonna neft mahsulotlari yo‘qotilishi mumkin.

Tekshirilgan aksariyat korxonalarda avtotransport ishini hisobga olish talablarga javob bermaydi, yo‘l varaqlari qoidaga xilof ravishda to‘latilmoqda, qo‘shib yozish hollari davom etayotir. Namangan birlashmasi va uning korxonalarida 10 ming kilometrdan ziyod, Sirdaryo birlashmasi, da qariyb 5 ming kilometr masofa qo‘shib yozilgani ma’lum bo‘ldi. Shovot avtobazasida 93 ta avtomobildan 50 tasi, Hazorasp avtobazasida 104 tadan 16 tasi, To‘rtko‘l avtobazasida esa barcha transport vositalarining spidometrlari nosozligi, buning oqibatida ularning ishini hisobga olish umuman mumkin emasligi aniqlandi. Bundan tashqari, mazkur avtobazalarning haydovchilari mashinalarni o‘z uylarida saqlamoqdalar. Ayniqsa, Jizzax matlubot jamiyatining avtokorxonasida yonilg‘idan foydalanishda jiddiy kamchiliklar sodir bo‘layotir. Hujjatlarda o‘tgan yili va shu yilning 1 choragida 580 ming litr avtobenzin va 77,5 ming litr dizel yonilg‘isi tejab qolingani qayd qilingan. Biroq bu raqamlar ortida haydovchilarning chetdan yonilg‘i olganligi, turli qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yganligi turibdi. Hatto ko‘zni chirt yumib davlat hisobotlarini ham chalkashtirib yuborishgan. Chunonchi, o‘tgan yili yuk avtomobillarining bosib o‘tgan yo‘li 260,2 ming kilometrga kamaytirilib ko‘rsatilgan, Buxoro birlashmasining markaziy avtokolonnasida ham osmondan olib 123 ming litr benzin va 5 ming litr dizel yonilg‘isi tejab qolingani qayd qilingan. Hozirgi sharoitda bu yolg‘on, qalbaki raqamlarning kimga keragi bor?

Tekshirilgan tashkilotlarning hujjatlari ma’muriy organlarga topshirildi. Ularga nisbatan qattiq choralar ko‘riladi. Biroq maqsad jazolash emas, joylarda ahvolni yaxshilashdan iborat. Buning uchun avvalambor «O‘zbekbirlashuv» rahbarlari va mutasaddilari jon kuydirishlari, kamchiliklarning sabablarini atroflicha o‘rganib, zarur saboqlar chiqarib olishlari kerak.

Total words

922

Unique words

626

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.679

Hapax

489

Distribution

Top frequency chart

Dataset