🔍

Article

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. KARIMOV nutqi

By I.A. KARIMOV • in 1992

Aziz do‘stlar, birodarlar!
Avvalambor, Siz azizlarga, Sizlar orqali butun xalqimizga menga bildirgan ishonchingiz uchun samimiy rahmatlar aytaman.
Mana, 1992-yilga katta ishonch, umid bilan qadam qo‘ydik, Ana shu umid va ishonchning zamini nima? Bu savolga javob berish uchun bosib o‘tilgan yo‘lga, kechagi kunimizga nazar solish kerak, Ayniqsa, 1991-yildagi siljishlar, tarixiy, unutilmas voqealar zamirida Oliy Kengash bilan birgalikda iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy va siyosiy sohalarda qilgan ishni eslatib o‘tmoqchiman,
Shu jumladan ayrim ishlarimiz bor.
Birinchi, Ma’naviy hayotimizda uyg‘onish yuz berdi. Tarixni tikladik. Ona tilimizni angladik. Ulug‘ bobolarimiz ruhini shod etdik. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir singari xalq jigarbandlarining nomi, izzat-ikromi, hurmati o‘z joyiga qo‘yildi.
Udumlarimiz, qadriyatlarimizga qaytdik. Yurtimiz ga Navro‘z kirib keldi. Ramazon, Qurbon hayitlariga yetdik.
Dinga munosabatimiz o‘zgardi. O‘rtadagi tushunmovchilik, qarama-qarshilik aniq yo‘qoldi. Buning o‘rniga hamkorlik, hamjihatlikka o‘tdik.
Oshkoralik, demokratiya yo‘lida birinchi, lekin dadil qadamlar qo‘ydik.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘zligimizni angladik. Aniqroq qilib aytsam, o‘zligimizga qaytdik. Xalqimizda milliy g‘urur uchun belni bog‘lab, do‘ppini bostirib yurish uchun zamin yaratdik.

Ikkinchi, siyosiy yo‘lda burilish bo‘ldi. Necha yillik orzu-umidlarimiz ro‘yobga chiqdi, Mana shu yerda sizlar bilan Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildik. Keyin Mustaqillik qonunini e’lon etdik. O‘shanda xalqimizning xohish-irodasi ifoda qilinganini 29-dekabrda o‘tkazilgan referendum isbotlab berdi.
Mustaqillik bizga nima berishini bilardik. O‘z taqdirimiz, farzandlarimiz kelajagini o‘zimiz hal etish imkoniga ega bo‘ldik, O‘z yerimiz, boyliklarimizga sohiblik qila boshladik. Qisqa vaqt ichida mustaqillikning ne’matlarini tatib ko‘rdik.
Mustaqillik tufayli dunyoga, jahonga chiqdik. Qariyb yuz yildan beri yopib qo‘yilgan chegaralar ochildi, vatandoshlarimiz bilan yuz ko‘rishdik
Qisqa qilib aytganda, jahon jamoasi O‘zbekistonni, bizning vatanimizni quchoq ochib qabul qildi.
Dunyo xaritasida endi katta harflar bilan «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yiladigan bo‘ldi.
Hozirgacha dunyoning o‘ttiz mamlakati O‘zbekiston Respublikasini tanidi, tan oldi. Turkiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Hindiston, Xitoy singari yirik davlatlar ana shular jumlasidandir. Bu ishonch ruhimizni ko‘tardi, kelajakka yo‘limizni ochib berdi.
Sobiq ittifoq doirasidagi mustaqil respublikalar bilan ham qayta qurish davrida uzilgan rishtalarni bog‘ladik. Yaxshi munosabatlar o‘rnatdik. Rossiya, Ukraina, Belarus va boshqa jumhuriyatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamladik.
O‘rta Osiyo Respublikalari va Qozog‘iston qondosh-qarindosh qo‘shnilarimiz bilan yanada yaqinroq bo‘ldik.
Bugun shuni komil-ishonch bilan aytishim mumkinki, mustaqil davlatlar davrasida O‘zbekiston o‘zining o‘rnini egalladi, O‘zbekiston tenglar aro teng bo‘ldi! Ana shuning o‘zi ham umid yulduzidir.

Uchinchi. Iqtisodiy sohada burilish boshlandi. Faqat 1991-yilning o‘zida bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun bir qancha ish qildik. Sizlar bilan mulkchilik, tadbirkorlik, chet el mamlakatlari bilan savdo-sotiq hamda investitsiyalar haqida va boshqa qanchadan-qancha qonunlar qabul qildik. Iqtisodiy erkinlik, korxonalar, xo‘jaliklarga erkinlik, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, shaxsiy tomorqa egalariga yordam berish bo‘yicha farmonlar chiqardik.
Qarang, shaxsiy mulk paydo bo‘ldi. Tijorat rivojlana boshladi, Xorijiy mamlakatlar ko‘magida qo‘shma korxonalar ko‘paymoqda. Bank sistemasi bo‘ylab ham jahonga chiqildi.
Dunyo ishbilarmonlari uchun yurtimizda sharoit yaratdik. O‘zbekiston o‘zining oltin xazinasiga ega bo‘ldi. Xalqini o‘zi boshqarish va boqish masalasini O‘zbekiston o‘zi hal qila boshladi, Oddiy fuqarolarga, har bir oilaga o‘z rizq-ro‘zini ta’minlashga ko‘mak berishda birinchi qadamlarni qo‘ydik. Bugun respublikamizda, shaharda ham, qishloqda ham dadil harakat yo‘li ochildi. Ertangi kunga umid bor, bu esa o‘z samarasini albatta beradi.
To‘rtinchi. Ijtimoiy adolat o‘z joyiga tusha boshladi. Odamlarni mehnati natijasidan rozi qilish yo‘li tutilmoqda. Muhtoj, ko‘p bolali, qarovchisiz qolgan oilalarga, qariyalar va yoshlarimizga yordam qo‘li cho‘zildi. Faqat kuni necha qabul qilingan farmon bilan qanchadan qancha talabalar, salomatlik posbonlari, zahmatkash muallimlarning tashvishlarini biroz bo‘lsa-da yengil qildik. Odamlar yer oldilar. Qurilish uchun imkoniyat berildi. Bir yilda 700 ming yangi oila, xonadon paydo bo‘ldi. Buni faxrlanmasdan aytish mumkin emas.
O‘zini adolatli deb kelgan, lekin adolatsiz bo‘lgan markaz O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga qancha tamg‘a bosmadi, qancha malomat toshlari otilmadi.

Lekin mahkam turib adolatga erishdik. O‘zbek nomini badnom qilish harakatlariga zarba berdik. Bugun mana shu minbardan Sizlarga yorug‘ yuz bilan aytamanki, «paxta ishi» bilan qamalganlarning hammasi afv etildi!
Menga ana shu xayrli, xosiyatli ishlar umid bag‘ishlaydi!

Beshinchi. Xalqimizga ming rahmat aytmoqchiman: fuqarolar va millatlar o‘rtasidagi totuvlik, tenglik, osoyishtalikni saqlab, mustahkamlab turishibdi, Dini, e’tiqodi, millatiga qarab ajratish falokat ekanligini, ofat ekanligini, u hammani jarga qulatishini odamlar tushunib olishdi. Shuning uchun ham ularga yana bir karra rahmat deyman.
Aziz do‘stlar! Qilingan ishlar haqida Siz xalq vakillari, butun el-yurtimiz oldida hisob berarkanman, boshlagan xayrli qadamlarimizga asoslanib, avvalambor xalqimizni hozir boshidan kechirayotgan katta qiyinchiliklar, sinovlardan chiqaradigan yo‘l to‘g‘risida, odamlarimizning umidini, ishonchini oqlaydigan farovon va erkin hayotga erishish uchun eng muhim chora-tadbirlar haqida bugun gapirishimiz kerak.
Men mas’uliyatni his qilib, xalqim oldidagi, uning kelajagi oldidagi javobgarlikni anglab, o‘z siyosatimni yana bir marta Siz bilan kelishib olmoqchiman. Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldan boramiz? Uning yo‘nalishlari nimalardan iborat?
Birinchidan. Yuzaga kelgan vaziyatni, bugungi hayotni hisobga olib, xalqimiz iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash chorasini kutayapti. Eski tuzum asorati, kasofati tufayli bugun xalqimiz og‘ir ahvolga tushib qoldi. Uni yorug‘ hayotga yetkazish hozirgi kundagi eng asosiy na dolzarb vazifalarimizdan biridir.
Adolat nuqtayi nazaridan qaraganda ham ko‘p bolali oilalar, nogironlar, bozor iqtisodi zarbasi ostida qolganlar, o‘zini o‘nglab ololmayotganlar, xullas yordamga, madadga muhtojlarni Prezident o‘z panohiga olishi shart deb hisoblayman.
Xalqni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Bu sohada talon tizimi saqlab turiladi. Unga rioya qilish ustidan qattiq nazorat o‘rnatiladi.

Ichki bozorni himoya qilish maqsadida kupondan foydalanamiz. Sir emas, ayrim respublikalarda erkin narxlarga o‘tilishi, chegaralar yo‘qligi tufayli bizda ham narx-navo osmonga chiqib ketayapti. Shunga qaramasdan biz kun kechirish uchun eng zarur mahsulotlardan 12 xilining narxini avvalgi holida ushlab turishga qaror qildik. Non, un, shakar, moy va hokazolar shular jumlasidandir.

Bolalarimiz uchun eng kerakli kiyim-kechaklardan yetti xilini esa talon tizimiga kiritdik va byudjet hisobidan ko‘mak beradigan bo‘ldik. Albatta, bular birinchi qadamlar. Gap shundaki, ana shu tutumni yo‘qotmaymiz va davomini ko‘ramiz, davlat kafolatini beramiz. Lo‘nda qilib aytganda, O‘zbekiston bozor iqtisodiga o‘tishda o‘z yo‘lini tanlab olgan va bu yo‘ldan qaytmaydi.
Uning asosiy mazmuni va shiori: xalqimizni, birinchi navbatda kambag‘al va muhtoj kishilarni, onalarni himoya qilmasdan, bunga davlat kafolatini bermasdan bozor iqtisodiga o‘ta olmaymiz!
Bir toifa odamlarning cheksiz boy bo‘lib, yana bir tofadagilarning g‘arib, gado, qashshoq bo‘lishlariga yo‘l ko‘ymasligimiz kerak.
Narx-navo siyosatini oylik maosh bilan chambarchas bog‘lab qo‘yamiz, Maqsadimiz yaqin kunlarda o‘rtacha oylik maoshni ming so‘mga yetkazishdir. Shuning uchun hamma imkoniyatlarimizni ishga solishimiz zarur.
Ikkinchidan. Tinchlik, totuvlik, osoyishtalikni saqlash Prezidentning bosh vazifasidir. Prezident tinchlik, totuvlik qo‘rg‘onining me’mori bo‘lishi kerak deb hisoblayman.
Qayerdaki tinchlikka putur yetsa, xalq osoyishtaligi xavf ostida qolsa, o‘sha joyda Prezident posbon bo‘lishi darkor.
Hozirgi davrda xalqimizni katta tashvishga solayotgan narsa – bu jinoyatchilikning o‘sishidir. Shu sababli bugun O‘zbekistonning bu illatga qarshi kurash dasturi ustida ishlayapmiz. Odam o‘ldirish, talon-torojlik, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, chayqovchilikning har qanday ko‘rinishiga barham berish choralarini ko‘ramiz. Buning uchun qat’iy intizom talab etiladi.
Huquq-tartibot mahkamalarini mustahkamlash bilan birga ularga ko‘mak berish ham kerak. Ularning mehnatini qadrlash yo‘li bilan birga obro‘larini oshirish lozim. Xalq deputatlari, jamoatchilik, mahalla komitetlari, qariya otaxonlar ularga jinoyatchilik yo‘lini to‘sishlarida yordam berishlariga muhtojmiz.

Xalq ochlikka, nochorlikka, hamma narsaga chidashi mumkin, lekin bilib qo‘yinglar, adolatsizlikka chidamaydi!
Uchinchidan. Fuqarolar va millatlararo tinchlikni saqlash.
Millati, dini, e’tiqodidan qat’i nazar har bir kishining shaxs va vijdon erkinligi ta’minlanadi. Uning millatiga, tiliga va madaniyatiga hurmat ko‘rsatiladi. Xudo ko‘rsatmasin, bir yigit yiqilsa, ona yiqiladi, ota yiqiladi, oila motamga botadi, qishloq yig‘laydi. O‘n yigit yiqilsa-chi? Yuz yigit yiqilsa-chi? Axir ba’zi mintaqalarda milliy nizolar tufayli kelinchaklar beva qolmoqdalar, onalar «bolam!» deb faryod chekayaptilar. Yo‘q! Bunga yo‘l qo‘yish mumkin emas va yo‘l qo‘ymaymiz ham!

Aziz do‘stlar!
Nima kerak bo‘lsa ayting, hammasini qilib beramiz. Lekin, aziz onalar, opa-singillar, otaxonlar, do‘stlar, ukajonlar, men Prezident bo‘lsam ham sizdan tiz cho‘kib so‘rayman, iltimos qilaman: shu masalada yordam qiling!
Axir Qur’oni karim ham do‘stlikka, birodarlikka chaqiradi, nizo chiqarishni qoralaydi.
Janjal chiqqan yurtning xudosi ham undan yuz o‘tirar ekan. Shu sabab baraka ham, rizq-ro‘z ham nasiya bo‘lib qolarkan.
Bu yo‘lda. tinchlik, totuvlik yo‘lida bizni Olloh taoloning o‘zi qo‘llasin, madadkor bo‘lsin!

To‘rtinchidan. Oyoq-qo‘li bog‘langan kishi qanoti singan qushdir. Erkinlik esa taraqqiyotning yakkayu yagona yo‘lidir. Shu sababdan mening yana bir muhim maqsadim erkinlik berish va ana shu erkinlikni muhofaza qilishdir. Birinchi galda tadbirkorlikka, korxonalar va xo‘jaliklarga erkinlik berishdir.
Ularni har qanday tazyiqdan qutqaramiz. Mulkchilikning barcha shakllariga teng sharoit va imkon yaratiladi. Ajnabiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatiladi. Qo‘shma korxonalar ko‘payadi. Yurtimizga chet el sarmoyasi jalb etiladi. Zamonaviy texnologiyani olib kirish yo‘lidan boramiz.
Xalqimizni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun, umuman xalq xo‘jaligimizni tanglikdan chiqarish siyosatini tadbiq qilishda, avvalambor, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga ustivorlik berishimiz zarur.
Pirovardida bular peshtaxtalarni to‘ldiradi, dasturxonimiz to‘kin bo‘ladi!

Beshinchidan, Ma’naviy hayotimizda boshlangan ishlarni davom ettiramiz. Oshkoralik ta’minlanadi. Matbuot, radio, televideniye vositasida odamlarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga erishish tadbirlarini ko‘ramiz. Bu yo‘ldagi hamma to‘siqlar, tazyiqlar olib tashlanadi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida madaniyat, san’at, adabiyot og‘ir ahvolga tushdi. Ularni iqtisodiy zarbadan asrab qolishni Prezident o‘z bo‘yniga olishi kerak, deb hisoblayman.
Tarixga, merosimizga munosabatni amaliy izga ko‘chirish lozim. Ya’ni darsliklardan tortib oddiy o‘quv kitoblarigacha haqiqat yozilishi shart. Bu bizning ota-bobolarimiz ruhi oldidagi qarzimizdir!

Oltinchidan. Kelajak bugundan boshlanadi. Hozir tarbiya masalasiga e’tibor qilinmasa, kelajak boy beriladi. Tarbiyadan hech narsani ayamaymiz!
Ma’naviy va axloqiy poklanish, imon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat va shu kabi chinakam insoniy fazilatlar o‘z-o‘zidan kelmaydi. Hammasining zaminida tarbiya yotadi.
Shu boisdan tarbiyachilarga, o‘qituvchilarimizga, o‘quv yurtlari domlalari, professorlariga moddiy va ma’naviy yordamimizni sira ayamasligimiz kerak.
Biz tarbiya haqida o‘ylar ekanmiz, yoshlarning keksalarga hurmati yuksak bo‘lishi taomilini yo‘qotmaylik. Shu nuqtayi nazardan hukumat Vatan urushi qatnashchilarini qaramog‘iga to‘la olishi, himoya qilishi, ularning Xqadrlarini joyiga qo‘yishi shart, deb hisoblayman.

Shu o‘rinda sog‘liqni saqlash masalasini ham aytib o‘tmoqchiman. Davlat bu sohani o‘z qaramog‘ida saqlaydi, moddiy ta’minot bazasini mustahkamlaydi. Biz bu sohada bolalarimiz, ota-onalarimiz taqdiri uchun qayg‘urayotgan fidoyi kishilarni hurmat qilishimiz, ularga ko‘mak berishimiz zarurdir.

Yettinchidan. Jahonga, butun dunyoga olib chiqadigan yo‘limizni kengaytiramiz. Sizlarga ma’lum, taraqqiy etgan mamlakatlar uchta muhim masalaga e’tibor berishmoqda: inson huquqlari, demokratiya va sarmoya uchun kafolat masalasi. Biz ana shu masalalarni e’tiborda tutib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lish choralarini ko‘rayapmiz.

Sizlarga ma’lumki, xorijda ko‘p vatandoshlarimiz yashaydilar. Ularning kelib-ketishlarini yengillatish zarur. Kerak bo‘lsa, erkin kelib-ketish huquqini beraylik! Kerak bo‘lsa, ularga O‘zbekiston fuqaroligini beraylik!

Ularga ko‘p masalalarda suyanishimiz, xayrixohligi, bizga umid ko‘zi bilan qarayotganini hisobga olib ularning ko‘magiga tayanishimiz kerak.

Dunyoga, jahonga chiqadigan yo‘limiz qanchalik yaqin va keng bo‘lsa, bugungi qiyinchiliklarimiz, tashvishlarimiz shu qadar tez yengiladi!

Sakkizinchidan. Biz ko‘p partiyaviylik zamoniga o‘rganishimiz kerak. Bu yuz, ikki yuzta partiya degani emas, albatta. Qolaversa, maqsad partiya-partiya bo‘lib xalqni parchalab yuborish emas. Aksincha, to‘rtta bo‘lar, beshta bo‘lar partiyalar, lekin ular ko‘cha va maydonlarda janjal qilmasdan, mana shu yerda, parlamentda bahslashib, tortishib, xalqqa foydali fikrni qo‘llashga o‘rganishlari kerak.

Biz ongimizni ana shunga moslashtirishimiz darkor. Bu yo‘lda qanday to‘siqlar bo‘lsa olib tashlaylik.

Bundan keyin ko‘p saylovlar bo‘ladi. Ammo bizda saylov paytida guruhlarga bo‘linish, saylovdan keyin esa bir-biridan o‘ch olishdek yaramas illat bor. Bu oxiri yaxshilikka olib bormaydi.

Aksincha bo‘lishi kerak. Nima bo‘lsa ham qiladigan barcha ishlarimiz xalqimizni birlashtirishga, bir yoqadan bosh chiqarishga, hamkorlik, hamjihatlikka olib kelishi kerak.

Biz endi o‘z-o‘zini boshqaruv usulini keng joriy qilamiz. Mahalla, qishloqqacha o‘zini o‘zi boshqarishi, mustaqil bo‘lishi zarur. Faqat bu beboshlik, bo‘ysunmaslik degani emas. Har qanday rahbar, har qanday kengash va har qanday mustaqil kishi xalq oldida, yurt oldida hisobdor, javobgardir degan qoidadan kelib chiqish shart.

To‘qqizinchidan. Eski tuzumlardan bizga nurab, vayron bo‘lgan boshqaruv tizimi meros qoldi. Ana shu vayrona o‘rnida o‘zimizning binoni tezroq tiklashimiz zarur.

Bunda biz nimani ko‘zda tutamiz? Maqsadimiz qanday bo‘ladi? Xo‘jalik, tashkilot, fuqarolarga erkinlik berildi. Demak, ularni tepadan turib boshqarish ortiqcha. Xo‘sh, boshqaruv hokimiyati endi nima qiladi? Xo‘jalik ishlariga aralashmasdan o‘z ishini bajarishi kerak. Ya’ni ishlab chiqarishda salmoqli sharoit yaratib berish, xalqni himoya qilish, adolat, haqiqat o‘rnatish yo‘lini, yetim-yesirlar, nogironlarning boshini silash, kelajak hayotimiz haqida bosh qotirishni o‘zining asosiy vazifasi deb bilishi lozim.

Shu o‘rinda yana bir muhim masalani o‘rtaga tashlamoqchiman. Huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, ko‘zi ham, so‘zi ham qonundir.

Ming afsuski, bizda qonunlarni mensimaslikka, ularni buzishga o‘rganib qolingan. Qonunni buzishga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki qonun xalqning xohish-irodasi! Uni buzgan, mensimagan odam xalqning yuziga oyoq qo‘ygan kishidir.

Biz qonunni hurmat qilish, unga bo‘ysunish, rioya qilish yo‘lidan borsak, istiqbolimiz porloq bo‘ladi. Ana shunga erishish uchun Prezident qonunlarning eng asosiy posboni, himoyachisi bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.

O‘ninchidan. Yuqorida aytilgan va saylov arafasida bayon qilingan masalalarni amalga oshirish uchun Sizlarga, xalq noiblari, millat vakillariga suyanaman. Xalqdan uzoqlashmay, uning orasida tez-tez bo‘lib, dardini, tashvishini o‘z yuragimdan o‘tkazib turishim shart, deb bilaman.
Sizlar bilan birga bo‘lish xalq bilan birga bo‘lishdir.
Xalq bilan birga bo‘lish esa uning hayoti, uning turmushi, uning dardi bilan birga bo‘lishdir!
Xalqqa, yurtga xizmat qilish er kishi uchun, mard kishi uchun, o‘g‘lon uchun sharafli ishdir!
Ana shu sharafga meni loyiq deb bilgan xalqimga qulluq qilaman va u bilan birgaman!
Katta, mas’uliyatli yo‘lda tangrimiz bizga madadkor bo‘lsin!

Total words

1,994

Unique words

1261

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.632

Hapax

972

Distribution

Top frequency chart

Dataset