🔍

Article

UMR O‘TKINCHIDIR KARVON SINGARI

By Abdunabi Rahimberdi • in 1991

Salkam bir asr umr ko‘rgan Ibrohim otaning to‘ng‘ichi qab­rini quchoqlab boladek ho‘ngrab-do‘ngrab yig‘lagani, titrab-qaqshab tilovat qilgani hanuz ko‘z o‘ngimdan ketmaydi: «Meni tep­kilab-tepkilab ko‘marsan devdim, bolaginam! Bu qanday ko‘rgilik... Ey xudo, shafqatingni dariğ tutmay, o‘g‘limning o‘rniga mening jonimni olsang bo‘lmasmidi...» Ojiz ko‘zlarini samoga tikib zorlayotgan muysafidning fig‘oni hech kimni befarq qoldirmadi. Mozorga yig‘ilgan kattayu kichik marhumni tanigan ham, tanimagan ham yig‘ladi, kuyindi.

Otalar yig‘lamasinlar ekan. Ular nido qilsalar, ona zamin kulfatdan titrarkan, qushlar navosi, soy­ning sharqirashi, xullas hayot deya atal­mish tiriklik dunyosi bir zum tinib, olam yig‘lashiga ishon­dim o‘shanda.

Mana bir yilki, Uktam Usmonov safimizda yo‘q. Do‘stlar davrasida uning beg‘ubor qah-qahasi eshitilmaydi, «Sovet O‘zbekistoni» yo‘laklarida salobatli qomati ko‘rinmaydi. Na iloj, shoir aytganidek umr o‘tkinchidir. Biroq umrning umr­dan farqi bo‘ladi. Shundaylar borki, o‘zlarining bir tutam hayotlari mobaynida ba’zilar­ga uch-to‘rt kishining umrini qo‘shib berganingda ham eplay olmaydigan ishlarni qilib ulguradilar. Zahmatkash yozuvchi, pokiza inson Uktam Usmonov ana shundaylar toifasiga mansub edi. U o‘ttiz yildan oshiqroq ijodiy faoliyati davomida roman-u qissalar, hikoya va ocherklar, tarjimalar, bosh­qa badiiy-publitsistik asarlari­dan kutub javoni yaratib ulgurgan edi. Jurnalistlardan biri uning tob­uti boshida: «Uktamjon birgina “Girdobi” romani bilan o‘ziga haykal qurib ketdi», deganda ming karra haq edi.

Haqiqiy san’atkorning, xususan yozuvchilarning taqdiri o‘zgalarnikidan farq qiladi. Ular el tanib, tan olgan kundan boshlab xalq xizmatkori­ga, yaratgan asarlari esa yurt mulkiga aylanadi. Hali Andijonlik dehqonning, Xorazmlik sohibkorning, Leninobodlik paxtakorning va Sariosiyolik cho‘ponning bir necha avlodi «Kishan»ini o‘qib, o‘zbek xalqining yaqin o‘tmishida yuz bergan fojialarni idrok etadi. Hali XXI asrda yashovchi s­ibirlik o‘rmonchi oldidagi gulxan taftidan emas, Usmonov satrlaridan ko‘tarilgan O‘zbekiston quyoshi haroratidan bahra oladi. Xitoyligu hindistonlik ham, yevropoligu amerikalik ham u bilan hamsohbat bo‘lib, o‘zbekning dilini, dilkashligini, halolu pokizaligini, beg‘ubor orzu-umidlarini anglaydi.

Mashoyixlar «O’ldingu o‘chding» deyishadi. Bu gapni san’atkorlarga tatbiq qilib bo‘lmas. Zero, haqiqiy san’atkor uchun jismoniy o‘lim nis­biy tushuncha, xolos. Yozuvchi dunyodan o‘tsa ham uning ruhi, nomi asarlari orqali minglab kitobxonlar qalbiga ko‘chadi. Adibning siymosi asarini qo‘lga olgan har bir o‘quvchi ko‘zi o‘ngida gavdalanadi va unga o‘zining dardu hasratlari, quvonchu tashvishlaridan hikoya qila boshlaydi. Oybek nomidagi Jumhuriyat Davlat mukofoti sohibi Uktam Usmonov ham ana shundaylardandir.

Hayot deb atalgan katta yo‘lda yo‘lovchi ko‘p. Har kimning manzili boshqa, yo‘l esa bitta. Shu bois biz, yo‘lovchilar taqdir taqozosi bilan turli toifadagi, turli xislattagi odamlarga hamroh bo‘lamiz. Ulardan goh ranjiy­miz, goh quvonamiz. Yaxshi yo‘ldosh qalbimizda shirin xotiralar qoldiradi. Men tengdosh va qurdoshlarimdan Uktam Usmonovning yoshlarga g‘amxo‘rligi haqida ko‘p eshitganman. «Pravda» gazetasida tajriba o‘rganib yurgan paytimda bunga o‘zim guvoh bo‘ldim. O‘shanda rahmatli «Sovet O‘zbekistoni» muharriri sifatida endigina ish boshlagan edi. Bir kuni azon-da soat oltilar chamasi uzundan-uzun qo‘ng‘iroq tovushidan uyg‘onib ketdim. Telefon qilgan Uktam Usmonov edi.

— Ocherking yaxshi, tabriklayman. Bo‘sh kelma, nima kamchilik bo‘lsa, tortinmay aytaver. Bilib qo‘y, vazifang — o‘zbek jurnalistining boshqalardan kam joyi yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yish. Tushundingmi? Xayr, ko‘rishguncha...

«Pravda»ning maqolam chiqqan sonida navbatchilik qilib, keyingina uyquga ketganim bois hamon ko‘zlarim yumuq, haligi jarangdor, quvnoq ovoz xuddi tushimda eshitilganday tuyulardi. Uktam aka ocherkni xuddi o‘zlari yozgandek quvonar edilar.

30-40-yillardagi, boringki ikki-uch yil ilgarigi qatag‘onlarni eslang. Qora mushuklar xalqimizning ne-ne asl farzandlari ustidan san­rab o‘tishmadi, deysiz. To‘g‘ri, mushuk beozor, biroq uning fojiasi bevafo­ligida, o‘zidan o‘zgasini o‘ylamasligida. Uktam Usmonovning dargohini bu shakkok hayvon nesib o‘tmadi. Unga ko‘z tegdi, qattiq ko‘z tegdi-da, bag‘rini zanj, nafasini qisib, yuragini urishdan to‘xtatdi. Afrika safari tiriklikdagi so‘nggi sayru sayohati bo‘ldi, oradan ko‘p o‘tmay abadiyat yo‘lini tutdi-da, ketdi. Ortida mungli chehralar, namlangan kipriklar, intizor ko‘zlar, tirik bevayu yetimlar armon ila qolaverishdi.

Men ham shular qatoridaman. Uzilmas qarz, zalvorli burch, ayriliq yuki yelkamda tegirmon toshiday zil-zambil turibdi.

Total words

564

Unique words

491

Annotated anthroponyms

0

Toponyms

0

TTR

0.871

Hapax

449

Distribution

Top frequency chart

Dataset