🔍

Article

HAZRATI OLIYLARI

By Abdulhafiz Jalol Marahim o‘g‘li,falsafa fanlari … • in 1991

Na’fni agar xalqqa boshq erur, Balki bu naf o‘zingga
ko‘proq erur. [Alisher Navoiy]. Mana qariyb deyarli olti yildirki, qayta qurish deb atalgan jarayon bizning og‘irimizni yengil qilish u yoqda tursin, aksincha, mamlakatimizdagi vaziyatni o‘ta keskinlashtirib yubordi. Hatto bu so‘zni tilga olishning o‘zi ham odamlarning zardasini qo‘zg‘atmoqda. Vaholanki, u ijtimoiy adolatni, farovon turmushni muhayyo etishni va’da qilgandi. Afsus, hozircha mitinglar, namoyishlar, tashlashlar, milliy to‘qnashuvlar, jinoyatlar va shunga o‘xshash tartibsizliklar, ish hamda beto‘xtovliklardan boshqa narsani bera olmayapti.

Xo‘sh, buning boisi nedir? Nahot qayta qurish shularni ko‘zlagan bo‘lsa?..

Qayta qurishning ibtidosiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, quyidagilarni ko‘rmay hech ilojimiz yo‘q:

1985 yilning aprel oyida jarayonning dastlabki qadami ichkilikbozlikka qarshi “urush” e’lon qilish bo‘ldi. Ammo ichkilik ishlab chiqarish kamaygani bilan odamlarni bunday illatga yo‘liqtiruvchi sabablar ham tugamadi. Natijada ziddiyat keskinlashdi, xolos;
-so‘ng mehnatsiz daromadlarga qarshi salbiy yurish boshlandi. Asosiy e’tibor bozordagi sotuvchilarga qaratildi... Nahotki bozorda sotilayotgan non, qovun-tarvuz va boshqa narsalarni mehnatsiz bunyod etish mumkin bo‘lsa?! Modomiki halol mehnatning asl qadri yo‘q ekan, odamlar nima ham qilardilar. “Daromadli ishning ortidan quvadilar-da!”

Qayta qurish davrida jumhuryatimizda dinga ma’muri choralar vositasida qarshi kurash boshlandi. “O‘zbekistonda islom diniga sig‘inishadi”, degan bahona qo‘l keldi. Kattalarga hurmat-izzat ko‘rsatishni talab etadigan bu din go‘yoki xushomadgo‘ylikni rag‘batlantirarmish. Demak, islom diniga qarshi kurash xushomadgo‘ylik, laganbardorlik, poraxo‘rlik kabi illatlardan halos bo‘lishga olib kelarmish... Xulosani qarang-a! Aslida bunday “ilmiy” bashoratlarning sarchashmasida Markazning o‘zi edi.

Vaholanki, dinga, xususan unga e’tiqod qiluvchilarga qarshi qo‘pol, ma’muriy, g‘ayriinsoniy usullar orqali kurashish hech qachon o‘zini oqlamagan. Islomga e’tiqod qiluvchilar bilan muayyan umuminsoniy qadriyatlar doirasida hamkorlik qilish, ittifoqda bo‘lish din bilan g‘oyaviy murosaga kelish degani emas. E’tiqodli inson jamiyat uchun xavfli hisoblanmaydi. U dinga ishonarkan, demak boshqa narsaga unchalik ishonmaydi. Jamiyatda ijtimoiy adolat yo‘qmi, kishilar uni Xudodan tilaydilar.

Xulosa qilib aytganda, asosiy maqsadga yetib kelgunimizga qadar anchagina dovdiradik. Demokratik sharoit yaratilmas ekan, oddiy haqiqatlarning ham rasmiy siyosat tiliga aylanishi amri mahol. Bo‘lmasa biz yuqorida tahlil qilgan choralarning azaldan muvaffaqiyatsizlikka mubtalo ekanligini tushunish qiyinmidi? Axir bular tarixni materialistik tushunish nazariyasi nuqtai nazaridan oddiygina alifbo-ku!

Biz shu kungacha oqibat bilan sababning o‘rinlarini chalkash talqin qildik. Asosan oqibatlarga qarshi kurashib keldik. Aslida esa sabab aniqlanmasa kasallikning ham tuzalishi mushkul. Demokrit aytganidek: “Biron bir sababni aniqlash Eron taxtiga ega bo‘lishdan ham yuqoridir”.

Barchа muammolarimizning bosh sababini ko ‘ra olmadik, siyosatimizni unga mos ravishda qurmadik. Shu boisdan ko‘zlangan natijalarga erishilmadi.Boshqacha bo’lishi mumkun ham emasdi. Rivoyatlarga qaraganda, Napolon o’zining bosqinchilik urushlarini olib borarkan, barcha mag’lub shaharlarning rahbarlaridan uning kirib borishini zambaraklardan o‘q uzib kutib olishlarini amr qilgan ekan. Bir gal imperatorning hukumi bajo keltirilmabti. Shunda shahar hokimini chaqirib, buni sababini so’rabdi. U 13 ta bois borligini aytibti. Hukumdorni bu hol qiziqtiribdi. Hokim: birinchisi – shaharda zambarak yo’q, debdi. [Napaleon] esa qolgan 12 tani eshitib o’tirishka hojat qolmaganligiga ishora qilgan ekan.

Bizda ham bamisoli shunday holat ro‘y berdi. Qayta qurishga kirishishdan avval hammamizni ezib tashlashi mumkin bo‘lgan binoning chirigan poydevorlariga e’tiborsizlik bilan qaradik. Boz ustiga qayta qurishni erta bahorda boshlash o‘rniga eski, salqib turgan imoratni kech kuzga, qish-qirovli davrga kelib buzib tashladik. Vaholanki, vaqtincha yashab turishga ham joyimiz yo‘q edi. Yangi imorat loyihasi xom xayol bo‘lib chiqdi.

Xo‘sh, binomizning poydevori deganda nimani tushunasiz?

U, avvalo, iqtisodiy, yanayam aniqrog‘i – mulkiy munosabatlardir. Biz qayta qurish to‘g‘risida qancha jar solmaylik, odamlaridan sifatli, samaraliroq mehnat qilishni qancha so‘ramaylik, ish joyidan qo‘zg‘almadi. Hamma narsa “eski hammom – eski tos”ligicha qoldi. Undan ham yomonrog‘i – yomon bo‘lsa ham ish berib turgan narsalardan voz kechdik, yangisini joriy qilmadik. Qayta qurishga da’vatning o‘zi yetarli deb o‘yladik. Shiorlar, qirqilar va hashar yo‘li bilan muddaoga erishmoqchi bo‘ldik. Avvallari shaxsiy manfaatdorlikka qanday befarq qaragan bo‘lsak, shundayligimizcha qoldik. Shu boisdan hozirga qadar qabul qilingan qaror va qonunlarimizning aksariyati havoda muallaqligicha turibdi.

Qayta qurish davrigacha bo‘lgan sharoitda kishilar ishlab chiqarish vositalaridan begonalashgan holda, asosan ma’muriy tazyiq ta’sirida mehnat qilardilar. Jamiyatning ushbu g‘ayritabiiy usuliga tegishli barcha imkoniyatlar barham topdi. Lekin hanuzgacha biz ishchilar va dehqonlarni zavod, fabrika, yer egalariga aylantirish to‘g‘risidagi so‘zlardan nari o‘ta olmayapmiz. Bas, shunday ekan, ishimiz qanday oldinga siljishi mumkin?

Axir g‘oyalar qanchalik maftunkor bo‘lmasin, ular odamlarning bevosita shaxsiy manfaatlari bilan uzviy bog‘lanmas ekan, quruq safsatadan boshqa narsa emas. Marks aytganidek, g’oya manfaatdan ajralgani holda hamma vaqt o’zini sharmandai-sharmisor qilgan.

Odamlar yillar davomida moviy qush ortidan emas, balki bir burda non ketidan quvganlar, ishlab chiqarish tufayli shakllanganlar. Oziq-ovqat, kiyim-kechak ishlab chiqarish, uy-joy qurish inson faoliyatining asosi bo‘lgan. Ishlab chiqarish, ehtiyoj, manfaat odamlarni bir-birlari bilan bog‘lagan. Buning ustiga ijtimoiy mulkning tarixiy shakllari kishilar ijtimoiy birliklarining muayyan ko‘rinishlarini – sinflarni, guruhlarni, xalqlarni, millatlarni va hokazolarni vujudga keltirgan.Lekin bugun insoniyat hamda alohida inson hayotining barcha ko‘rinishlari uchun ularning eniga ham, bo‘yiga ham xos bir narsa bor – uning nomi MANFAAT janobi oliylaridir. Buning maftunkor, jozibali ta’siridan hech kim chetda qolmagan: oddiy dehqon va cho‘pondan tortib shohlargacha, bandadan tortib payg‘ambargacha, ishchidan tortib dahiygacha.Shaxsiyatparastlik ham manfaat, shaxs sifatida o‘z qadr-qimmati uchun kurashish ham manfaat. Shaxsiy manfaat bor, ijtimoiy manfaat hamda ularning turli-tuman ko‘rinishlari bor. Ijtimoiy manfaat shaxsiy manfaatlarning ro‘yobga chiqish shakli bo‘lsa, shaxsiy manfaat ijtimoiy manfaatlarning yuzaga chiqish usulidir.Sotsializmgacha bo‘lgan tarixiy davrlarda (shaxs kindigi qabila bilan uzilmagan ibtidoiy jamoa tuzumi bundan mustasno) mulk egasining manfaati hukmron doiralar manfaatlari umumiy manfaatlar sifatida ilgari surilgan. Ammo ushbu mulkiy munosabatlar jamiyat a’zolarining katta ko‘pchilik manfaatlariga ozmi-ko‘pmi mosligi tufayli ham ijtimoiy yaxlitlikni ta’minlagan.

Manfaatlar mutanosibligining buzilishi iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy inqiroz – tanazzulga olib kelgan. Ushbu ilk tarixiy bosqichlarda aytgan harakatlarning odatda hech kim tomonidan kutilmagan oqibatlari yuz bergan.

Biz shu kunga qadar ijtimoiy manfaatlarni shaxsiy manfaatlarga nisbatan bir yoqlama ustun qo‘yib keldik. Bu hol pirovard natijada byurokratiyaning umumiy manfaatlari sifatida ilgari surilgan g‘arazli manfaatlardan boshqa narsa emasligi ayon bo‘ldi. Shaxsiy manfaat to‘g‘risida fikr yuritganlarni biz “mayda burjua ruhiyati bilan kasallangan”likda aybladik.Vaholanki, [V. I. Lenin] bu sohada yo‘l qo‘yilgan xatolarni tan olgan holda, “shaxsiy manfaatdorliksiz hech narsa chiqmaydi”, degandi. Uning ta’biricha, sotsializm yuzlab yillar davomida boshqalar uchun mehnat qilishdan farqli o‘laroq, endilikda o‘zi uchun mehnat qilish imkoniyatining vujudga kelishidan boshqa narsa emas.

Marksizm asoschilari alohida ta’kidlashadi: hatto xalqlarning birlashishlari uchun ham ularning manfaatlari mushtarakligi talab etiladi. Manfaatlar xilma-xil ekani ma’lum. Ammo ularning asosiylarini, tabiiyki, iqtisodiy manfaatlar tashkil etadi.
Hozir biz yangi Ittifoq shartnomasi loyihasini keng muhokama qilmoqdamiz, unga katta umid bilan qaramoqdamiz. Lekin har qanday narsadan, jumladan Ittifoq shartnomasidan ham, u berishi mumkin bo‘lganidan ortiq in’om kutmaslik kerak. Zеrо, iqtisodiy ko‘priklarsiz ushbu shartnoma oddiy parcha qog‘ozdan boshqa narsa bo‘lib chiqishi mumkin. Jumhuriyatlar, xususan korxonalar o‘rtasidagi, umumiy bozor sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlargina Ittifoqimizning chinakam belbog‘i bo‘la olishka qodir.

Iqtisodiy manfaatdorlik rishtalari yolg‘on, zaif, faqat hissiyotga asoslangan do‘stlikdan ming chandon kuchliroqdir. Quyidagi latifa orqali buni isbotlash mumkin. Ikki do‘st katta ko‘prikdan o‘tib borar ekan, bir yozuvga duch kelibdilar. Unda yozilishicha: “Kimki cho‘kayotgan kishini qutqarsa – 50 so‘m mukofot beriladi”. Do‘stlar kelishibdilar: suzishni bilmaydigan o‘zini suvga tashlaydi, ikkinchisi esa uni qutqaradi, keyin 50 so‘mni bo‘lishib olishadi. Birinchisi o‘zini suvga tashlabdi, ikkinchisi esa uni qutqarishga shoshilmapti. Cho‘kayotgan kishini boshqalar qutqarib chiqibdi. U o‘ziga kelib, do‘stidan so‘rabdi: “Nega ahdimizni bajarmading?” Buning sababi shunda, debdi do‘sti, narirroq borib boshqa yozuvga ko‘zim tushdi: “kimda kim cho‘kib o‘lgan kishining jasadini olib chiqsa – 100 so‘m mukofot beriladi”...

Biz doimo, ayniqsa hozirgi kunlarda haqiqat uchun kurashuvchilarni, ilm fidoyilarini ko‘ramiz. Bularning ko‘pchiligi, ehtimol, samimiy kishilardir. Lekin samimiylikning o‘zi haq bo‘lish uchun yetarli emas. Axir hayotda haqiqatdan, adolatdan, ilmiylikdan ham yuqoriroq, ta’sirchanroq, jozibaliroq narsa bor. Uning nomi – MANFAATDORLIKdir.[V. I. Lenin] o‘zining “Marksizm va revizionizm” asarida shunday iborani keltiradi: “Mabodo geometriya aksiomalari odamlarning manfaatlariga zid bo‘lganida, ular allaqachon rad etilgan bo‘lardi”. Shunday ekan, masala hamma gap manfaatlarni inkor etishda emas, balki ularni jilovlashda, yo‘naltirishda, insoniy ruh bilan boyitishdadir.

Xo‘sh, buning uchun nima qilmoq kerak?

Har qanday jamiyatning iqtisodiy munosabatlari shu jamiyat a’zolarining mulkka nisbatan munosabatlaridan kelib chiqadi hamda xuddi ana shunga monand manfaatlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Demak, biz odamlarning mulkdan, ishlab chiqarish natijalaridan begonalashuvlariga barham berishimiz lozim.

Uning birday bir yo‘li – mehnatkashlarni mulkning haqiqiy egalariga aylantirish. Bu esa, o‘z navbatida, nima ishlab chiqarish, kimga va qanday narxda sotishni ularning o‘zlari tomonidan hal etilishidir. Mulk sohibligi, xo‘jalik xo‘jayinchilik hissi deganimiz bozor bo‘lmasa, quruq gapdan boshqa narsa emas. Bularsiz shaxs erkinligining o‘zi ham xom xayoldir.Faqat mulk sohibigina mulkni avaylashi, asrashi, qo’riqlashi samaradorligini oshirishi mumkin. Hozirchi? Agar zavod portlab ketsa ham ishchining to’pig’iga suv chiqmaydi . Aslida esa agar u ning uyida hatto igna yo’qolsa bormi, bu hol uni jiddiy tashvishiga solgan bo’lardi.

Egasizlik hukm surgan joyda o‘g‘irlik tug‘iladi, o‘g‘irlik qilingan joydan esa qut-baraka ketadi. Hatto zavod direktori, kolxoz raisi ham o‘zini xo‘jayin deb his qilmaydi. Chunki bevosita samaradorlikdan manfaatdor emas...

Odamlarning ariza bilan ishga kirishlari bir tomondan ularning yollanma mehnat kishilari ekanligidan dalolat bersa, ikkinchi jihatdan teng qadr-qimmatlarini yerga uradi, nomustaqil, befarq mavjudotlarga aylantiradi. Agar ular ariza asosida emas, balki sherik, hamsohib sifatida ishlaganlarida, manzara butunlay boshqacha tus olgan bo‘lardi.

Bizda insonga nisbatan munosabatda mahdudlik qilindi. Natijasini ko‘rib turibsiz: hozir go‘yo qilko‘prik turibmiz. Undan o‘tishimiz ana shu manfaatlarni payqab olishimizga, ularni shakllantirishimizga, ularga tayanishimizga bog‘liq.

Jumhuriyatimizda bu borada muayyan ishlar qilinmoqda. Paxtachilik sohasida keyingi paytlarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar – buning yaqqol dalilidir. Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish choralari ko‘rilmoqda, aholining kam ta’minlangan qatlamlari haqida g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Jumhuriyat xalq xo‘jaligi tuzilishida ko‘zda tutilayotgan chora-tadbirlar xalqning moddiy, ayni paytda ma’naviy manfaatlari bilan ham uzviy bog‘liq. Zеrо, faqat ketmon bilan mashg‘ul xalq yuksaklikka, uzoqlarga parvoz qilolmaydi.

Bozor iqtisodiyoti bizga manfaatlar mushtarakligining milliy, ittifoq, jahon miqyosidagi muvozanatini ta’minlovchi omilni beradi. Bozor degan narsa faqat xomashyo ombori bo‘lishlikka chek qo‘yadi. Bozor – yuksak texnologiya, samarali iqtisod, insonning ijtimoiylashuvi, yuksak madaniyatidir.Bozor – iqtisodiy demokratiya, siyosiy demokratiyaning zamini. Bozor – aqlli rasolar, so‘zi bilan ishi birlar, uddaburorlar jamiyatidir. Bozor – milliy mustaqilligimiz vositasi. Bozor – mamlakatimizdagi boshqa xalqlar bilan do‘stligimizning moddiy asosi, insoniyat zotiga mansubligimiz belgisi.Bozor – shaxs manfaatdorligi, erkinligi tayanchi, uning jamiyat bilan, ijtimoiy manfaatlar bilan uzviyligining garovidir. Bozor – jamiyatimizning yuksaklikka parvoziga mustahkam poydevor, ishonchli zinalardir.

Ba’zilar O‘zbekistonda go‘yo yer yetishmaydi, shuning uchun ham uni odamlarga bo’lib berib bo’lmaydi, ya’ni buning zaminida har xil to‘qnashuvlar kelib chiqishi mumkin, deyishadi. Darhaqiqat, yerning kamligi bor gap. Ammo xalqimizning peshonasiga faqat yerda mehnat qilish bitmagan-ku. Ko‘zda tutilayotgan choralar – qishloq xo‘jaligida mashg’ul kishilarni boshqa sohalarga o‘tkazishni ta’minlaydi.

Xulosa: Hamma gap odamlarni mehnatga majbur etishda ularga shioriy davlatlar bilan murojat qilishda emas balkim ularning manfaatlarrini yo’naltirishda. Shunga erisha olmas ekanmiz, u holda biz har qanday axloqiy, diniy, siyosiy, ijtimoiy iboralar, bayonotlar, va’dalar zamirida ma’lum sinflarning, ijtimoiy guruhlar hamda ayrim shaxslarning manfaatlari borligini payqay oladigan bo‘lgunimizcha aldanaveramiz.

Total words

1,663

Unique words

1112

Annotated anthroponyms

4

Toponyms

0

TTR

0.669

Hapax

889

Distribution

Top frequency chart

Dataset