Aziz vatandoshlar!
Ona yurtimizga Yangi – 2005-yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qoldi.
Shu fayzli oqshomda biz barchamiz bayram dasturxoni atrofida, oila va yaqinlarimiz, yoru do‘stlarimiz davrasida jam bo‘lib, katta hayajon bilan kurantlar sadosini kutar ekanmiz, o‘tib borayotgan yilni xayolan kuzatib qolamiz.
Avvalo, shuni aytish kerakki, biz uchun 2004-yil oson kechgani yo‘q.
Biz shu yil 29-30-mart, 31-iyul kunlari tahlikali voqealarni boshimizdan kechirdik. Mamlakatimiz hududiga suqilib kirgan qora kuchlar, xalqaro terrorizm o‘zining manfur basharasini yana bir karra ko‘rsatdi - begunoh kishilarning hayotiga zomin bo‘ldi.
O‘tgan yil davomida o‘z oldimizga qo‘ygan ayrim mo‘ljal va rejalarimizni ro‘yobga chiqara olmadik. Iqtisodiyotimizning muayyan soha va tarmoqlarida o‘z yechimini kutib turgan ayrim jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda.
Lekin, shularga qaramay, 2004-yil mamlakatimiz uchun omadli, xayr-barakali kelganini e’tirof etishimiz lozim.
Yakuniga yetayotgan yilimiz hayotning barcha sohalarida biz uchun sezilarli darajada yuksalish yili bo‘ldi, davlatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yanada ortdi.
Yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi ham, bizning o‘zimiz ham, mehnatga, atrofimizda ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalarga munosabatimiz ham o‘zgarib bormoqda.
Qishloq mehnatkashlarining fidoyiligi, kulay ob-havo sharoiti va suvning yetarli bo‘lgani paxta, g‘alla va boshqa ekinlardan mo‘l hosil olish imkonini berdi, dehqonlarimizning ro‘zg‘origa daromad, qut-baraka kirdi.
Mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotning izchil o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda, yangi inshootlar va ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda, ijtimoiy tarmoqlar jadal rivojlanib, odamlarning hayot darajasi tobora yaxshilanmoqda.
Bu yil aholining real daromadlari jon boshiga hisoblaganda 15 foizga ko‘paydi, inflyatsiya, ya’ni narx-navoning oshishi esa keskin pasayib, uning o‘sishi 3,7 foizdan oshmadi.
Ijtimoiy tarmoq rivojida – ta’lim va fan, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida ham salmoqli yutuqlarga erishdik. Nuroniy keksalarimiz, davlatning yordami va jamiyat e’tiboriga muhtoj bo‘lgan barcha insonlar haqida g‘amxo‘rlik qilish masalasi avvalgidek doimo diqqatimiz markazida bo‘ldi.
O‘tib borayotgan yilda mamlakatimizda qabul qilingan, 2009-yilgacha mo‘ljallangan yangi - Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturini joriy etishga kirishdik.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning intellektual salohiyati, bilim va kasbiy tayyorgarlik darajasi yuksalib bormoqda.
Bu esa mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining, dunyo hamjamiyatidagi obro‘ va nufuzining mustahkam poydevori va garovi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Sportchilarimizning jahon va Olimpiada maydonlarida ko‘lga kiritayotgan yutuq va zafarlari ham bizni quvontirmasdan qolmaydi.
Poyoniga yetayotgan yil ko‘pchilik uchun haqiqatan ham mehr va muruvvat yili bo‘ldi. Shu munosabat bilan qabul qilingan davlat dasturi doirasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 373 milliard so‘mdan ziyod, jumladan, saxovatli tadbirkorlar va xayriya tashkilotlarining mablag‘lari sarflandi.
2004-yil mamlakatimizning siyosiy hayoti ham muhim voqealar bilan alohida ajralib turadi.
Bir necha kun avval $$Oliy Majlis Qonunchilik palatasi$$ va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda xalqimiz o‘zining siyosiy yetukligi va ijtimoiy faolligi tobora o‘sib borayotganini namoyon etdi, demokratik yangilanish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida tanlagan yo‘limizning to‘g‘riligini yana bir bor tasdiqladi.
Qadrli doʻstlar!
So‘nggi yillar mobaynida amalga oshirgan ishlarimiz, mamlakatimizning bugungi salohiyati, 2005 va keyingi yillarga belgilangan rejalarimiz kelajakka qat’iy ishonch bilan qarashga to‘la asos beradi.
Kirib kelayotgan yangi yil O‘zbekistonda “Sihat-salomatlik yili” deb e’lon qilindi. Biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan ezgu maqsad - davlat va jamiyatimiz, jamoat va tijorat tuzilmalarining, shu muqaddas zaminda yashayotgan barcha insonlarning imkoniyat va salohiyatini el-yurt salomatligi yo‘lida birlashtirish va safarbar etishdan iborat.
Bizning maqsadimiz - farzandlarimizning ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga, tabarruk qariyalarimizning umrlari uzoq bo‘lishi, ko‘p yillar davomida sog‘-salomat hayot kechirishlariga erishish, butun O‘zbekiston aholisining to‘laqonli, sog‘lom turmush tarzi asosida yashashi uchun shart-sharoit yaratib berishdir.
Yana bir masala xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Kelgusi yilda aholining real daromadlarini, iqtisodiyotimizning barcha sohalarida mehnatga to‘lanadigan ish haqi miqdorini, shular qatorida pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalarni, bir so‘z bilan aytganda, aholining turmush darajasini oshirishning asosiy manba va omillarini ko‘paytirishga oldingi yilga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratiladi.
Tabiiyki, biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan ana shu ulug‘vor maqsadlarga erishish uchun belimizni qattiq bog‘lab, sidqidildan mehnat qilishimiz darkor. Yana va yana bir bor ta’kidlamoqchiman - hozirgi murakkab va tahlikali zamonda, O‘zbekiston deb atalgan, biz sevib-ardoqlaydigan, hammamiz uchun yagona bo‘lgan umumiy uyimizda tinchlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, millatlar va fuqarolararo hamjihatlikni saqlash uchun barchamizga bog‘liq vazifalarni bajarishda o‘zimizni ayamasligimiz kerak.
Qadrli yurtdoshlarim!
Mana shu unutilmas, hayajonli lahzalarda barchangizni bag‘rimga bosib, kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan muborakbod etishga ijozat bergaysizlar.
Yangi yil butun xalqimizga, har bir oilaga fayzu baraka, baxtu saodat va omad keltirsin!
Barcha orzu-umidlarimiz ro‘yobga chiqsin!
Yurtimizda doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lsin!
Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz do‘stlar!