🔍

Article

IZLAGAN IMKON TOPADI.

By Nigora O‘ROLOVA, “Toshkent haqiqati” muxbiri • in 2025

Yurtimizda "Kambag‘allikdan – farovonlik sari" davlat dasturi ijrosi, shuningdek, mahallalarda hokim yordamchilari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mikroloyihalar, xonadon tomorqalaridan samarali foydalanish, uy sharoitida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida qilinayotgan ishlar bugun ko‘pchilikning diqqat markazida.

Yuqori Chirchiq tumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan press-turda aynan shu masalalarga e’tibor qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman bo‘yicha o‘tgan yilda 2 ming 357 ta oilani kambag‘allikdan chiqarishga erishilgan. Ayniqsa, “Sayxunobod” tajribasi asosida har bir mahalladan 5 tadan jami 265 ta kam daromadli xonadonlarga 2 mlrd. so‘mlik loyiha paketlari yetkazib berilishi natijasida 295 nafar aholining bandligi ta’minlandi. Hokim yordamchilari bilan birgalikda 43,6 mlrd. so‘m kredit hisobiga 1 ming 707 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 2 ming 458 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Joriy yilda ham bu boradagi sa’y-harakatlar qamrovini yanada oshirish reja qilingan. Xususan, mahallalarda 2 mingta mikroloyihani amalga oshirish uchun 50 mlrd. so‘m kredit yo‘naltirish kutilmoqda.

Jurnalistlarning ilk manzili “Markaziy” mahallasida yashovchi [Erjon Abdukarimov] xonadoni bo‘ldi. Bu oila 4 yildan buyon "Shampinyon" navli qo‘ziqorin yetishtiradi.

– Bir mavsumda to‘rt marotaba hosil yig‘ib olamiz, qolgan vaqtda uni parvarishlash bilan shug‘ullanamiz, – deydi [E. Abdukarimov]. – Ochiqchasiga aytganda, dehqonchilik tavakkalchilik asosiga quriladi. Ishni boshlash va o‘rganish uchun 3 ming dollarga yaqin mablag‘ sarfladik. Harakatimiz o‘z natijasini berdi. Hozir bozorda qo‘ziqorinning narxi 40–45 ming so‘m. 5 sotix maydonda qo‘ziqorin yetishtirishni uddasidan chiqqan odamning yillik daromadi 100 mln. so‘mdan ortishini o‘z tajribamizdan bildik.

Hududni aylanar ekanmiz, qishning chillasida ham ishbilarmon dehqonlarning hosili g‘arq pishganini ko‘rib, ko‘zimiz quvondi. Misol uchun, “Saksonota” mahallasida yashovchi [Otabek Aljanov] tomorqasidagi 5 sotixli issiqxonada 15 yildan beri qulupnayninng xaridorgir navlarini yetishtirib keladi.

– Shu kunlarda qulupnay hosilga kirgan, har 5–6 kunda terib olayapmiz, – deydi [O. Aljanov]. – Ichki bozorda o‘rtacha 200 ming so‘mdan 350 ming so‘mgacha sotayapmiz. Bundan tashqari, ko‘chatchilik bilan ham shug‘ullanamiz. Qulupnay ko‘chatlarini boshqa dehqonlarga ham tarqatamiz. Yillik daromadimiz 40–50 mln. so‘mni tashkil etadi.

Mazkur mahallada 3 ming 500 nafardan ortiq aholi yashaydi. Hududning asosiy drayveri chorvachilik va dehqonchilik bo‘lib, oxirgi paytlarda aholining shu yo‘nalishlarda bandligini ta’minlash choralari ko‘rilayapti.

– O‘tgan yili 37 nafar fuqaroga turli yo‘nalishlarda 390,5 mln. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi, – deydi hokim yordamchisi [Talgat Serikbaev.] – Ular orasida asalarichilik, issiqxona, ishlab chiqarish, ta’lim, tikuvchilik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida faoliyatini boshlaganlar bor. Shuningdek, 5 nafar ishsiz fuqaro bepul o‘quv kurslarini yakunlab, o‘zlarini band qilishdi. “Ayollar daftari”da turgan 6 nafar fuqaroga subsidiyalar asosida tikuv mashinasi olib berildi. Hozirgi kunda ular tikuvchilik bilan shug‘ullanib, daromad topishmoqda.

Total words

385

Unique words

305

Annotated anthroponyms

5

Toponyms

0

TTR

0.792

Hapax

255

Distribution

Top frequency chart

Dataset