Main text: Uni Buxoro, Navoiy, Zarafshonda, Oʻzbekistonning boshqa koʻpgina shaharlarida yaxshi bilishadi. Uni dadil, komsomollarning shijoatli yetakchisi, yetuk, prinsipal partiya xodimi, billur kabi pok inson sifatida bilishardi.
Ittifoq, tomdan tarasha tushgandek [Boʻriyev]ni Shahar partiya komitetining birinchi sekretari lavozimidan ozod qilishdi. [Boʻriyev]ni KPSS a’zoligidan chiqarishdi. Nihoyat [Boʻriyev]ni jazoga hukm qilishdi.
Uni bilgan kishilar bunga ishongilari kelmas, yuz bergan voqeani taassufga loyiq anglashilmovchilik, kurakda turmaydigan xato hisobladilar. Oldindan aytib qoʻya qolaylik: odamlar xuddi shunday deb oʻylanganlarida xató qilmagan edilar. Yaqinda [Ibrohim Kamolovich] partiya a’zoligiga tiklandi. Undan barcha ayblar olib tashlandi. U oʻz ishiga qayta tiklandi. Baribir haqiqat tantana qildi. Halol, pokiza inson va kommunistning nomi oqlandi. Biroq bizning fikrimizcha, bu koʻngilsiz voqeaga nuqta qoʻyishga hali erta.
Shunday qilib, [I. Boʻriyev]ni nimaga jazoladilar va eng asosiysi nima uchun jazoladilar? Yoki savolni boshqacharoq qoʻyadigan boʻlsak, uni jazolash kimga kerak boʻlib qoldi ekan.
1980 yil sentabrida [I. Boʻriyev] Zarafshondan Namanganga asfalt-beton zavodi injenerligiga oʻtqazilishi munosabati bilan oblast yoʻl qurilishi va remonti boshqarmasidan tashib keltirish uchun mashina soʻradi. Bu korxona ana shu boshqarmaga qarardi. Tabiiyki, mashina berishdi va bosh injener xotirjamlik bilan yuklarini tashib oldi. Ammo u sudda shuni bilib oldiki, “u xizmat mavqeidan foydalanib, 6-avtobaza avtomashinasidan shaxsiy maqsadi yoʻlida foydalangan” ekan.
Aybnomaning [Boʻriyev] kiritgan ratsionalizatorlik taklifiga oid ikkinchi moddasi ham butunlay kishini ishontirmaydi. Hukmda bosh injener yana xizmat mavqeidan foydalanib, oʻzi kiritgan ratsionalizatorlik taklifini joriy etishdan koʻrilgan iqtisodiy samara haqida soxta spravka tuzgan va natijada belgilanganidan koʻp mukofot puli olgan, deyiladi. Joriy etilgan ratsionalizatorlik takliflaridan koʻrilgan iqtisodiy samara va ayniqsa mukofot puli qancha berilishini avtor emas, korxonaning tegishli xizmat boʻlinmalari belgilaydi-ku. Bu holda ham hujjatlarga, shu jumladan yangilikni ishlab chiqish va joriy qilishda qatnashgan barcha kishilarga mukofot puli berish haqidagi vedomostga zavod direktori va bosh buxgalteri imzo chekkanlar.
Shuni aytish kifoyaki, yaqinda Respublika Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish ministrligi Namangan asfalt-beton zavodi bosh injeneri kiritgan ratsionalizatorlik taklifini joriy etishdan koʻrilgan iqtisodiy samarani qaytadan hisoblab chiqdi va muallif mukofot tariqasida berilishi lozim boʻlgan miqdordan ikki yarim baravar kam mukofot puli olganligini aniqladi.
Aybnomaning boshqa moddalarini tahlil qilib oʻtirmaymiz. Ularning hammasi yuqoridagi tahlitda. Amalda hech qanday isboti yoʻq gaplar. Lekin qoʻyilgan masala bitta. U aybdor, tamom-vassalom.
Bunday hollarda odatda sud xolis ish koʻrmagan, ishni sinchkovlik bilan pishiq-puxta olib borishni istamagan, barcha “xa” va “yoʻq” larni chuqur oʻylamagan, deyiladi. Ha, bu oʻrinda sud oxirigacha hamma narsani tahlil qilib chiqmadi va taroziga solib koʻrmadi. Sud faqat jazolashi kerak edi, xolos.
Mana endi asosiy masalaga keldik. Uni jazolash kimga kerak edi? SSR Ittifoqi prokuraturasi “kimga kerakligini” toʻgʻri aniqladi.
“Sizga qarshi qoʻzgʻatilgan jinoiy ish, - deb xabar qilishdi u yerdan [I. Boʻriyev]ga. – Pop agrosanoat birlashmasining sobiq bosh direktori [A.Odilov] tashabbusi bilan Oʻzbekiston SSR prokurori huzuridagi nihoyatda muhim ishlar boʻyicha sobiq tergovchisi [A.Aliboyev] yordamida toʻqib chiqarilgan”.
Shuni aytish kerakki, [Odilov]gacha Buxoro oblast partiya komitetining sobiq birinchi sekretari [A.Karimov] bor edi. Hozir aniqlanishicha u sotsialistik mulkni talon-taroj qiluvchilarga homiylik qilgan, pora olgan va mana endi sheriklari bilan jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Oblast partiya konfrensiyalaridan birida oʻsha paytda Zarafshon shahar partiya komitetining birinchi sekretari boʻlib ishlayotgan [I. Boʻriyev] obkom faoliyatida jiddiy nuqsonlar borligini tilga olgan. U oblast partiya komiteti birinchi sekretari Karimovning beodobligini, bu beodoblik koʻpincha qoʻpollikka aylanishini koʻrsatib oʻtgan. Bularning hammasi [Karimov]ga yoqmadi. U oʻzining yakunlovchi soʻzida [I. Boʻriyev]ni “tovbasiga tayantirmoqchi” boʻldi. Agar dokladda Zarafshon Shahar partiya komitetining ijobiy ish tajribasi haqida gapirilsa, yakunlovchi soʻzda hamma narsa oyogʻi osmondan boʻldi: “Zarafshon partiya xodimlari haddan tashqari jizzakilik, tanqidga murosasizlik qilishadi”, deyildi. Soʻngra esa “shu munosabat bilan oʻrtoqlarni butun jiddiylik va prinsipiallik bilan ogohlantirishni istardik” deyildi.
[I.Boʻriyev]ni “tavbasiga tayantirish” obkomning birinchi sekretari qoʻlidan kelmadi. Boʻriyev Toshkentga yoza boshladi. U oʻz maktublarida Buxoroda yolgʻonchilik va koʻzboʻyamachilik avj olayotganligini, oblastda ma’lumotlarda koʻrsatilganidan ikki baravar koʻp paxta ekilayotganini, shu yoʻl bilan rekord hosil olinayotganini ma’lum qildi.
Biroq vaziyat boshqacha edi. Uning xatlarini Toshkentdan qayerga joʻnatishdi? Siz kimga deb oʻylaysiz? Xuddi [Karimov]ning oʻziga yuborishdi. [Karimov] esa Zarafshon shahar partiya komiteti birinchi sekretarining “oʻjarligini” yaxshi bilardi. [Boʻriyev]ning obkom birinchi sekretari betiga qarab: “sen poraxoʻr va tovlamachisan, shuning uchun sen bu yuksak lavozimni egallashga haqqing yoʻq” deb aytgan soʻzlari [Karimov]ning sabr kosasini toʻldirib yubordi.
Hamma ham obkomning birinchi sekretariga dadillik bilan shunday gaplarni aytishga jur’at qilolmaydi, desak fikrimizga qoʻshilarsiz. Buning ustiga [Karimov] oʻsha paytda shon-shuhrat choʻqqisida edi. [Boʻriyev] esa shunga jur’at qildi. Shu voqeadan soʻng uni Zarafshon Shahar partiya komiteti birinchi sekretarligidan ozod qildilar.
Endi [Odilov] haqida. Aslida uning kimligini endilikda respublikada yaxshi bilishadi. Bu kishi uzoq yillar mobaynida uyalmay-netmay beorlarcha davlat mulkini oʻgʻirlab keldi. Har qanday pastkashlikdan qaytmadi. Odamlarning qadr-qimmatiga tajovuz qilishgacha borib yetdi. Taqdiri nima boʻlgani ham ma’lum. Odilov hibsga olindi va jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Ammo u paytda sovxoz ishlab chiqarishining yirik tashkilotchisi va omilkor rahbari sifatida nom chiqargandi. Respublikada u haqida bundan boshqacha gap aytishmas edi.
Xoʻsh, qanday qilib Boʻriyev Odilovga qora ishlarni qilishida toʻsqinlik qilishi mumkin edi? Axir u Buxoro oblastining Zarafshonida, boshqasi esa Namangan oblastining Popida boʻlsa?! Ular ish yuzasidan ham bir-birlariga goʻyo aloqalari yoqdek… hozir tushuntiraman.
[Boʻriyev] Shahar partiya komiteti sekretarligi lavozimidan ozod qilingach, biz hozir bilganimizdek, Namangan asfalt-beton zavodining bosh injeneri boʻlib ishlay boshladi. Ana shu paytda [Odilov Boʻriyev]ga, oʻzi aytgandek, sanoat boʻyicha (birlashmada sovxozlardan tashqari zavodlar ham bor edi) oʻrinbosar boʻlishga zoʻr berib koʻndirishga urindi. Ular bir necha marta uchrashishdi. Uzoq suhbatlashishdi. Shunda [Boʻriyev] koʻz oʻngida iflos, uzil-kesil buzilgan va jamiyat uchun gʻoyatda xavfli odam turganligini tushunib yetdi. Oblast prokuraturasi [Odilov]ga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻaganda [Boʻriyev] yordamidan ham foydalandi.
Hamma hademay ashaddiy jinoyatchi ustidan sud boshlanadi, deb kutardi. Lekin sud boʻlmadi. Jinoiy ishni imi-jimida yopib yuborishdi. Shundan soʻng [Boʻriyev]dan uzr soʻrab xat yozishni talab qila boshladilar. Biroq [Boʻriyev] soʻzida turib oldi: [Odilov] jinoyatchi va u ertami kechmi, baribir sud oldida javob berishi kerak.
Ana oʻshanda [I .Boʻriyev] ustidan jinoiy ish toʻqib chiqarildi. Prokuratura organlarida isbotlanganidek, bu ish [A. Odilov] tashabbusi bilan toʻqilgan edi. [Odilov] fosh boʻlishidan qoʻrqardi….
Qabihlik jazolandi, adolat tantana qildi. Xoʻsh shunday ekan, nima uchun “ nuqta qoʻyishga hali erta”? buning boisi bor. SSR Ittifoqi prokuraturasidan Boʻriyevga yozilgan xatda quyidagi satrlarni oʻqiysiz: “[A.Odilov] va [A.Aliboyev] qamoqqa olindilar va ular qilgan jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Ayni paytda ishni soxtalashtirishda aybdor boʻlgan va sizning gʻayriqonuniy ravishda jazolanishingizda aybdor boʻlgan boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi masala hal etilmoqda”. Xoʻsh, bu masalani hal qilish uchun qancha vaqt kerak? Buning ustiga mazkur “aybdorlar”ni topish unchalik qiyin emas. [Aliboyev]dan boshqa [Boʻriyev] ishini olib borgan tergovchilar yaxshi ma’lum-ku. Aybnomani kim tasdiqlaganligi ma’lum-ku. Tabiiyki, uni sud qilgan va ayblanuvchi hamda uning advokati noroziligini qabul qilmagan ham malum-ku!
Sofdil, vijdonli kishi nomiga dogʻ tushirish, uni jinoyatchilarning qora kursiga oʻtqazish uchun anchagina kuch-gʻayrat sarflagan partiya a’zolari nima uchun chetda qolishlari kerak? Bu oʻrinda men Namangan oblast partiya komitetining sobiq xodimlari [F. Boymirzayev], [V. Sumskiy], [Y.U. Zemlyakov]ni, oblast yoʻl qurilishi va remonti boshqarmasining sobiq boshligʻi [U. Imomnazarov]ni shu boshqarmaning bosh injeneri [N. Lutfiddinov]ni, asfalt-beton zavodi direktori [R. Maqsudov]ni koʻzda tutyabman. Ular tergovda va sudda oldindan bichib toʻqilgan yolgʻon guvohliklarni berishgan. Buning uchun ulardan birontasi jazolangani yoq.
…Biz [Ibrohim Kamolovich] bilan necha bor suhbatlashganmiz. Undagi umidbaxshlik, adolat tantanasiga ishonch quvontiradi. U hech qachon oʻz ishining oqibati qanday tugashiga shubhalanmagan. Bundan boshqacha boʻlishi ham mumkin emas edi, deydi u xotirjamlik bilan.
U qanchalik aziyat chekdi, qanchalik koʻngli ranjidi. Ammo gʻazabnok boʻlmadi, dilgirlik kayfiyatiga berilmadi. Otasini urushda, bobosini bosmachilarga qarshi janglarda yoʻqotgan bolalar uyining sobiq tarbiyalanuvchisi [Ibrohim Kamolovich] kuch va gʻayratga toʻla. U bundan buyon ham kommunistlarga xos ishonch va sadoqat bilan partiya va xalq ishiga xizmat qilishga tayyordir.
Total words
1,210
Unique words
738
Annotated anthroponyms
46
Toponyms
0
TTR
0.610
Hapax
554
Distribution
Top frequency chart
Dataset