Joriy yilning 9 aprel kuni $$O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi$$ tomonidan "Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida"gi 292-sonli qaror qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarida bir qator yangi tartiblar joriy etildi.
Qarorga binoan, endilikda kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart. Xo‘sh, bu nimaga kerak?
Bu borada, avvalo, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganildi, deydi viloyat IIB YHXB matbuot xizmati rahbari [Rustam Asqarov]. Jahon tajribasida chiroqlarni yoqib yurish yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi isbotlangan.
2016 yil 1 martdan kuchga kirgan yo‘l harakati qoidalarida avtobus va mikroavtobuslar, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport vositalariga kunduzgi vaqtda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish majburiy qilib belgilangan edi. Endilikda bu amaliyot barcha transport vositalariga tegishli.
Chiroqni yoqib kelayotgan transport vositasini piyoda ham, haydovchi ham uzoq masofadan ilg‘aydi, hushyor tortadi. Bu qoida yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.
Kameralar aniqlayotgan qoidabuzarliklar borasida ham ko‘p e’tirozlar bo‘layotgan edi. Anglaganingizdek, gap 5.33 raqami bilan belgilangan to‘xtash chizig‘i to‘g‘risida ketayapti. Kameralar bu holatni ham qoidabuzarlik, deb tasvirga tushirar, haydovchilar esa ko‘pincha: “Mashinam g‘ildiragi to‘xtash chizig‘ini bosmagan, oldingi nuqtasi chiziq ustida turibdi”, deya e’tiroz bildirishar edi. Qarorda bu kabi holatlarga ham oydinlik kiritilganmi?
Qoidalar 41-bandining birinchi xatboshisi quyidagicha qayta tahrir qilindi:
“Svetoforning (reversivdan tashqari) yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini to‘xtash chizig‘i (5.33 yo‘l belgisi) oldida (bunda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak) to‘xtashi lozim”.
Shuningdek, 41-bandning ikkinchi xatboshisi ham yangi tahrirda quyidagicha o‘qiladi:
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari DIHHH bilan kelishilgan holda, yo‘l sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishni ta’minlaydigan hollarda, yo‘llarning ayrim qismlari yoki harakatlanish bo‘laklarida ayrim transport vositalariga harakatlanish tezligini oshirishga va pasaytirishga (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatishga) vakolatlidir”.
Avvalgi tahrirda faqat tezlikni oshirish yozilgan edi. Lekin, transport vositalari harakatining tahlili tezlikni oshirish barobarida uni pasaytirish ham zarur ekanligini ko‘rsatdi. Xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilganda, Yevropaning rivojlangan ko‘plab davlatlarida ushbu tezlik soatiga 50 kilometr etib belgilangan. Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston davlatlarida esa soatiga 60 kilometr etib belgilangan.
Endilikda hokimliklar ayrim yo‘l uchastkalarida tezlikni pasaytirishlari mumkin bo‘ladi. Bu ish, albatta, DIHHH bilan kelishgan holda, yo‘l belgilarini o‘rnatgach amalga oshiriladi.
Shuningdek, 78-bandning ikkinchi xatboshisi ham yangi tahrirda keltirildi:
“Ahori punktlaridagi ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llarda to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.”
Ushbu o‘zgartirish ko‘cha va yo‘llar o‘tkazuvchanligining oshishiga xizmat qiladi.
“Chorrahada harakatlanish” bobining 98-bandi o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng quyidagicha bo‘ldi:
“Aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylana kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega.”
Shu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz...
Buning sababi shundaki, amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”da aylanma harakat tashkil etilgan chorrahada harakatlanish tartibi belgilab berilmagan edi. Shu sababli aylanma harakat tashkil etilgan joylar bir-biridan farq qilardi. Harakatlanish yo‘l belgilariga asoslanib tashkil etilar edi. Shuningdek, ushbu qoidalarning 60-bandida haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi ko‘rsatilgan. Shu sababli, hozirgi kunda aylana bo‘ylab harakatlanayotgan transport vositasi o‘ng tomondan aylana yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi natijasida aylana ichida tirbandlik holatlari yuzaga kelib, kesishmaning o‘tkazuvchanligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Endilikda bu masalaga ham oydinlik kiritildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalaridagi boshqa o‘zgarishlardan ham xabardor qilsangiz?
“Yuk tashish” bobining 162-bandiga quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qo‘shildi:
“(Avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, to‘kiladigan boshqa yuklarni tashishda) yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan bo‘lishi kerak.”
Ushbu bobning 164-bandi ham tahrir qilindi va transport vositasi hamda tirkamalarning uzunligiga oydinlik kiritildi.
Velosiped haydovchilarga taalluqli 168-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish (manoevrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno).” Endilikda velosipedchilar rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanishlari taqiqlanadi. Bu velosiped haydovchilari bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklarning oldini olishga xizmat qiladi.