Respublika Prezidentining "Angren maxsus industral zonasini barpo etish toʻgʻrisida"gi Farmoniga asoslanib yuqorida koʻrsatilgan investitsiyalar va raqobatbardosh masalalarni ishlab chiqarishni tashkil etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etishda xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga yoʻnaltirish, shuningdek milliy iqtisodiyotning rivojlanishida samarali foydalanish, shu asosda yangi ish oʻrinlari yaratish va amaliy daromadlarni oshirish maqsadida "Angren maxsus industrial zonasi" tashkil etiladi. Farmonga muvofiq, "Angren maxsus industrial zonasi"ni faoliyat yuritish muddati 30 yil qilib belgilandi (bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin). Shu muddat davomida faoliyat yuritadigan korxonalar uchun maxsus soliq tartibi va boshqa imtiyozlar amal qiladi.
Xususan, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, ularning mol-mulkiga solinadigan soliqni, obodonlashtirish va ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan, kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovini, shuningdek Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalarni, respublikada ishlab chiqarilmaydigan loyihalarni amalga oshirish doirasida “Angren maxsus industrial zonasi” hududiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan uskuna, butlovchi buyumlar va materiallar boj to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilingan.
Yuqorida ko‘rsatilgan imtiyozlar kiritilgan investitsiyalarning hajmiga qarab 3 yildan 7 yilgacha, jumladan 300 ming AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha 5 yil, 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganida 7 yil muddatga beriladi.
Farmonga muvofiq, “Angren maxsus industrial zonasi” faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari aniq belgilab qo‘yilgan. Ichki va jahon bozorlarida raqobatbardosh, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun investitsiyalar, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga qulay sharoitlar yaratiladi.
Maxsus industrial zonaga kiruvchi mintaqaning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish ta’minlanadi. Mineral-xomashyo resurslarini yanada chuqurroq qayta ishlaydigan yangi ishlab chiqarishlar barpo etiladi. Maxsus industrial zona va umuman, respublika korxonalari o‘rtasida mustahkam kooperatsiya aloqalari o‘rnatish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida mahalliy xomashyo va materiallar negizida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlari chuqurlashtiriladi.
Transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infrastrukturani jadal rivojlantirish, “Angren logistika markazi” salohiyatini, yuklarni avtomobil va konteynerlarda tashish tizimini yanada yaxshilash, ulardan keng ko‘lamda foydalanish ta’minlanadi.
Bugungi kunda “Angren maxsus industrial zonasi” hududida xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan bir qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritib, belgilangan tartibda soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda o‘rnatish lampalari, metall quvur, texnik moy, ko‘mir briket, elektrod, gips va sanitar-keramika mahsulotlar, pardoz uchun ishlatiladigan g‘isht, keramika g‘isht, omuxta yem hamda ishlov berilgan charm kabi ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.