$$O‘zbekiston Respublikasi$$ning “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining geografik obyektlarning nomlari bilan bog‘liq qonun-qoidalarning tartibga solish chora-tadbirlari haqida maxsus qaror qabul qilinganiga uch oy bo‘layapti. Davlat qonuni va hukumat qarorining ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatda nima ishlar qilinayapti?
“Toshkent haqiqati” muxbiri viloyat “Yermulk kadastr” xizmati davlat unitar korxonasi bosh muhandisi [Murod Qanixo‘jayev] bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
— Geografik obyektlarga nom berish va zarurat tug‘ilganda qayta nomlash hamda ularning davlat reyestrini yaratish va yuritish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir, – dedi bosh muhandis. – Shu bois Vazirlar Mahkamasining “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan maxsus qarori geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashga oid davlat siyosatini yanada takomillashtirish hamda samarali amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, Bosh vazir raisligida tuzilgan Respublika komissiyasi tarkibi va uning Nizomi, shuningdek, hududiy komissiyalar to‘g‘risidagi namunaviy nizom ushbu qaror bilan tasdiqlangan.
— Davlat qonuni hamda Vazirlar Mahkamasi qarorining mazmun-mohiyati haqida kengroq tushuncha bersangiz.
— Geografik nomlar, jumladan, hududlardagi geografik obyektlar (shahar, shaharcha va qishloqlar, aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari – mahalla, shohko‘cha, ko‘cha, maydon, bog‘, xiyobonlar), transport va muhandislik-texnik infratuzilma obyektlari (temir yo‘l stansiyalari, avtostansiya, vokzal, port, pristav, ko‘prik, razyezd, yo‘l, kanal, suv ombori, to‘g‘on, dambalar), tabiiy obyektlar (daryo, ko‘l, muzlik, tekislik, tog‘, tog‘ tizmalari, cho‘l, vodiy, dala, muhofaza qilinadigan tabiiy hudud, konlar va foydali qazilma joylari) nomlarini qat’iylashtirishda o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlariga, mahalliy aholining bergan ma’lumotlariga, hududiy komissiyalarning takliflariga, toponimika sohasi mutaxassis olimlarining ilmiy tavsiyalariga tayanib ish ko‘rish lozimligi qarorda ta’kidlangan.
— Viloyatimizda davlat qonuni va hukumat qarorining ijrosi qanday kechayapti?
— Ushbu qonuniy hujjatlar talablari asosida viloyatda geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash ishlarini tartibga solish maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilingan. Shuningdek, manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda xodimlaridan, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillaridan, fan va madaniyat arboblaridan, ekspert-mutatassislar, tegishli sohalarda maxsus bilimga ega bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash viloyat komissiyasi tarkibi va uning Nizomi tasdiqlangan.
Ushbu nizomga muvofiq, geografik obyektlarning $$O‘zbekiston$$ xalqining tarixiy-madaniy merosi va ma’naviy-etnik qadriyatlari bilan bog‘liq nomlarini saqlash, ularni qayta nomlashga yo‘l qo‘ymaslik, obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-og‘aynichilik, xizmat lavozimini suiiste’mol qilishga chek qo‘yish, xalqimizning milliy an’analari va mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan nomlar bilan atash va qayta nomlashni, shuningdek, bir ma’muriy hududda bir nechta obyektga bir xil nom berishni bartaraf etish joylardagi hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilangan.
— Viloyat, shahar va tuman komissiyalari zimmasidagi bu ijtimoiy-siyosiy vazifani qanday bajarishyapti?
— Bugungi kunda viloyat hamda hududiy komissiyalar hukumat qarorini bajarish yo‘lida bir qator amaliy ishlar qildi. Xususan, $$Yuqori Chirchiq, Piskent, Parkent tumanlari va Bekobod, Angren, Chirchiq shahar hududiy komissiyalari$$ geografik obyektlarni xatlovdan o‘tkazishni to‘liq yakunladi.
— Yaqinda viloyat hokimligida “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, Geodeziya va kartografiya milliy markazi qoshidagi Respublika Toponimika xizmati vakillari hamda viloyat, shahar va tuman komissiyalari a’zolari ishtirokida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalasiga bag‘ishlab o‘quv-amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Tadbirda asosan nimalar haqida so‘z bordi?
— O‘quv-mashg‘ulotlari jarayonida geografik obyektlarga nom berish va qayta nomlashda qanday talablar asosida ish ko‘rish lozimligi haqida keng va chuqur tushunchalar berildi. Jumladan, berilgan nom geografik obyektga xos va mos belgilarni o‘zida aks ettirishi zarurligi, shuningdek, mahalliy aholining fikrini hisobga olish kerakligi uqtirildi.
Yana bir muhim shart shuki, tayinlanadigan nom ko‘pi bilan uchta so‘zdan iborat bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, geografik obyektlarga odamlarning ism-shariflarini berishga oid tartiqlarda yo‘l qo‘yilmasligi kerak. O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk shaxslar bundan mustasno, albatta. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi doirasida viloyat, shahar va tumanlarga, bir nechta turdosh geografik obyektlarga bir xil nom berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Geografik obyektlarning nomlarini o‘zgartirishga faqat ularning maqsad va vazifalari keskin o‘zgarganda, ayrimlarining tarixiy nomlarini tiklash zarur bo‘lganda, belgilangan nomi qonun hujjatlari talablariga javob bera olmay qolganida, bir nechta turdosh obyektlarning nomlari bir xil bo‘lgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.