Mamlakatimizning mustaqil ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lida yana bir dovon oshib o‘tildi. Har bir fuqaro, har bir oilaning baxtu saodati, kelajagi, orzu-intilishlarini ta’minlashda “Mustahkam oila yili” muhim bosqich vazifasini o‘tadi. Yurtboshimiz Bosh Qomusimizning 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma’ruzalarida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi ijrosi bergan samaralarni chuqur tahlil qilib, shu jarayonlarning uzviy davomi bo‘lib qoluvchi “Obod turmush yili” vazifalarini to‘liq ta’riflab berdilar, – dedi “Toshkent haqiqati” muxbiri bilan suhbatda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi bosh mutaxassisi ^^Zulxumor Jo‘rayeva^^. – Ularni amalga oshirishda millatlararo va dinlararo hamjihatlikni, tinch-totuvlikni va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralarining ahamiyati ortib bormoqda. Shuni nazarda tutib, davlatimiz rahbari “Mahalla idorasining, mahallada yashaydigan aholini o‘zini o‘zi boshqarish tizimini, kerak bo‘lsa, ijtimoiy himoyalash tizimini yanada takomillashtirish, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini yanada kuchaytirish, unga yangi huquq va vakolatlar berish bo‘yicha ham keng jamoatchilik ishtirokida amaliy takliflar ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir”, deb ta’kidladilar.
– Shu ma’noda yakunlangan yil mahallalar hayotida qanday iz qoldirdi?
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi dasturiga binoan mahallalarda ma’naviy-axloqiy tarbiya yanada kuchaytirildi. Mahallalarning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari uchun joylarda seminarlar tashkil etilib, ularning malakalari oshirildi, yangi tajribalar bilan boyitildi. Shuningdek, maslahatchilar “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” tizimida ayniqsa samarali ish olib bordilar. Bunda asosiy e’tibor ichki ishlar idoralari ro‘yxatidagi notinch oilalar va shunday oilalardan bo‘lgan o‘quvchilar tarbiyasiga qaratilmoqda. Shu maqsadda ular uchun 1982 ta suhbat va tushuntirish ishlari tashkil etildi. Mehnat muhofazasi va shaxsga qarshi jinoyatlarning oldini olishga doir qonun hujjatlarini tushuntirish maqsadida 61 ta o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Malakali huquqshunoslar, pedagog va ruhshunoslar, vrachlar va sud-huquq idoralari xodimlari, mahalla maslahatchilari bu mashg‘ulotlarga muntazam jalb etildi.
– “Ommaviy madaniyat”ning bugungi xuruji sharoitida targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy ishlarga yangicha talablar qo‘yilmoqda. Shu munosabat bilan joylarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi o‘zgarishlar haqida nima deya olasiz?
– Aholining o‘t o‘g‘ilmlari, urf-odatlar, xususan, “ommaviy madaniyat” xurujlariga beriluvchan qatlamlari bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar yangicha yondoshuv va yechimlarni taqozo etmoqda. Bunda asosiy e’tibor bevosita mahallalarda zararli ta’sirlarga beriluvchan oilalar bilan yakka tartibda tarbiyaviy ish olib borishga qaratilmoqda. Mahalla maslahatchilari, katta hayot tajribasiga ega nuroniylarning suhbatlari yaxshi samara bermoqda. Ayni paytda sog‘lom turmush tarzini, hozirgi globallashuv sharoitida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, aholiga jamonda avj olib borayotgan axborot urushi vositalari va ularning maqsadlari xususida tushunchalar berilmoqda. Shu maqsadda joylarda 287 ta tadbir o‘tkazilib, 42 mingga yaqin tinglovchi ishtirok etdi.
Bundan tashqari, shahar va tumanlarda ichki ishlar bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 38 ta jamoatchilik guruhi “Yoshlar va siyosat”, “Yoshlar, ularning huquq va burchlari”, “Voyaga etmaganlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish”, “Sog‘lom muhit – ma’naviy barkamollik asosi”, “Ogohlik” singari
mavzularda 120 dan ortiq davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazdi. Jamoatchilik guruhlariga jalb etilgan faollar mahallalarda reydlar o‘tkazib, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning oldini olishga harakat qilmoqdalar. 708 ta reyd davomida yoshlar tarbiyasini buzuuvchi internet-klublar faoliyatiga chek qo‘yildi. 8 ta internet-klub rahbariga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi.
– Viloyatimizda “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorlik tizimi shakllanib bormoqda. Bu harakatning dastlabki samaralari qanday?
– Jamoatchilik guruhlari o‘tkazgan reydlar chog‘ida voyaga etmagan 18 bola nazoratsiz qoldirilgani aniqlanib, ota-onalariga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi. Angren, Olmaliq shaharlarida va Qibray tumanidagi oliy o‘quv yurtlari yotoqxonalari doirasida davra suhbatlari, madaniyat arboblari bilan uchrashuvlar, mutaxassislarning savol-javob kechalari tashkil etilmoqda. Profilaktik hisobda turgan 1400 dan ortiq xotin-qiz, voyaga etmagan 177 bola bilan tarbiyaviy ishlar kuchaytirilmoqda. Bu ishlar jarayonida jamoat kengashlariga saylangan o‘qituvchi, shifokor, huquqshunoslarning faol ishtiroki ayniqsa yaxshi samara bermoqda.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish dasturi doirasida o‘tkazilgan “Mahallam tarixini o‘rganaman” ko‘rik-tanlovi “Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!” shiori ostida tashkil etildi. O‘quvchilar o‘z mahallalari tarixini, urf-odat va an’analarni o‘rganishdi. Olmaliq, Angren, Chirchiq shaharlar, Qibray, Oqqo‘rg‘on, Zangiota, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarining ishlari ko‘rik-tanlovda ayniqsa faol ishtirok etdi. Chirchiq shahrining Ahmad Yassaviy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi respublika bosqichida munosib qatnashdi.
Ko‘rik-tanlovlar jarayonida Vatan tuyg‘usini chuqur idrok etish, mustaqil mamlakatimizning munosib farzandlari bo‘lib yetishish istagini kuchaytirdi.