Nechog‘lik pishiq-puxtaligi jamoat nazoratining ta’sir kuchi hamda barcha bo‘linlardagi moliya-boshqaruv idoralarida ishga chuqur mas’uliyatli yondashilishi bilan belgilanadi.
Byudjet mablag‘lari soha va tarmoqlarning barqaror moliyalashtirishining asosiy omilidir. “Byudjet tizimi to‘g‘risida”, “Davlat byudjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida”gi qonunlar va yurtboshimizning “Davlat byudjetining g‘azna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu jarayonda yangi bosqichlarni boshlab berdi.
– Byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ko‘zda tutuvchi bu qonun va qarorlar talabchanlik bilan bajarilmoqda, – dedi “Toshkent haqiqati” gazetasi muxbiri bilan suhbatda viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i [Davron Xo‘jiyev]. – Zero, byudjet mablag‘i – davlat, jamiyat, xalq boyligi. Uning har bir so‘mi qadrli. Shuni nazarda tutib, byudjet tashkilotlarining ish bajaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va tovar yetkazib beruvchilar bilan shartnoma hisob-kitoblari, mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirmoqdamiz. Shartnomalarning maqsadga muvofiqligi, sarf-xarajatlar qanchalik oqilona belgilanganini ustidan monitoringlar o‘tkazilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilmoqda, asossiz xarajatlarning oldi olinmoqda.
– G‘azna ijrosini ta’minlashning ahvoli qanday?
– G‘azna ijrosiga o‘tish o‘zini oqladi. Sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida amalga oshirilgan islohotlar byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlamoqda. Ilgari byudjet muassasalari belgilangan me’yorlarga rioya qilmay, no‘rin sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘yardi. Hatto, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va boshqa suiiste’molliklarni sodir etish uchun “darchalar” mavjud edi, desak yanglishmaymiz. G‘azna ijrosi tizimiga o‘tish bilan ahvol o‘zgardi. Endi maqsadsiz sarf-xarajatlarga “yo‘l” berilmaydi. Byudjet mablag‘lari belgilangan maqsadlarga va tejamlilik bilan sarflanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi muassasalari xarajatlarini moliyalashtirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda kasb-hunar kollejlarida o‘quv guruhlarini optimallashtirish haqidagi qarorlari ijrosining dastlabki natijalari xususida nima deya olasiz?
– O‘tkazilgan monitoringlar aksariyat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar qatnovi pastligini ko‘rsatdi. Shuni hisobga olib, 21 ta bo‘g‘cha tugatildi, 42 tasi filiallarga aylantirildi. Shu tariqa 260 tadan ko‘proq shtat qisqartirildi. Natijada 144 million 632 ming so‘m byudjet mablag‘i tejaldi.
Yana bir misol. Viloyatimizdagi 121 ta kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan tekshiruvda deyarli barcha bosqich guruhlarida davomat pastligi aniqlandi. Shu sababli 21 ta kasb-hunar kollejida 34 ta guruh qisqartirilib, ikki oyda 47 million 200 ming so‘m tejaldi. Bu mablag‘lar homiladorlik ta’tiliga chiqqan xodimlar va ish haqining oshirilishi munosabati bilan avans to‘lovlariga yo‘naltirildi.
– Aholi turmushini yaxshilashda byudjet mablag‘lari qanday o‘rin tutmoqda?
– Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini byudjet mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoyalash kuchaydi. Avvalo, ba’zi korxonalar inqirozga yuz tutishi oqibatida ishsiz qolayotgan xodimlar byudjet hisobidan ijtimoiy himoyalanmoqda. Umuman, aholi turmushini yaxshilab borish, kasb egallash va malaka oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhtojlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni hal qilish mahallalar tasarrufiga o‘tkazilgani yaxshi samara bermoqda. Chunki, mahalla fuqarolar yig‘inlari har bir xonadonning oilaviy sharoitini yaxshi biladi, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni to‘g‘ri belgilaydi. Bu moddiy yordam chinakam muhtoj oilalarga yetib borishini ta’minlamoqda.
To‘g‘ri, bu borada yuzakichilik, rasmiyatchilik tamoyili tugatilgani yo‘q. Ba’zi mahallalarda ishlayotgan onalarga ikki yoshgacha bola parvarishi uchun ajratilayotgan mablag‘lar to‘la yetib bormayotgan hollarga ham duch kelinmoqda. Vazifa – bunday kamchiliklarning tomirini vaqtida qirqishdan iborat. Buning uchun monitoringni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini keng yo‘lga qo‘yish kerak.
– Byudjet tashkilotlari xodimlari daromadini oshirishda ish haqi asosiy o‘rin tutadi... Ayting-chi, uning turmush darajasini ko‘tarishga ta’siri qanday?
– Aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, byudjet orqali moliyalashtiriladigan idora, tashkilot va muassasalar xodimlarining moddiy ta’minotini yaxshilash hamisha davlatimiz e’tiborida. Respublika Prezidenti qarorlari bilan ish haqlari muntazam oshirib borilmoqda.
Shunonchi, u 2005 yili – 1,44, 2006 yili – 1,32, 2007 yili – 1,5, 2008 yili – 1,51, 2009 yili – 1,34, 2010 yili – 1,32, 2011 yili – 1,27 baravar oshirildi. Respublika Prezidentining 2011 yil 30 dekabrdagi $$“O‘zbekiston Respublikasi$$ning 2012 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2012 yildan boshlab mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining boshlang‘ich razryadi bir daraja ko‘tarildi.
– Har bir sohada intizom muhim o‘rin tutadi. Viloyatda byudjet intizomini mustahkamlash harakatlari haqida gapirib bersangiz.
– Byudjet intizomi keng qamrovli tushuncha. U, bir tomondan, byudjetning daromadlar qismini to‘ldirish, ikkinchi tomondan, xarajatlarni maqsadli yo‘naltirish, har bir so‘mni oqilona sarflash bilan bog‘liq.
Xalq deputatlari mahalliy kengashlari, hokimlik, moliya-soliq va nazorat idoralari byudjet ijrosini tahlil qilib, byudjet intizomini mustahkamlash uchun zarur choralarni ko‘rmoqda. Mahalliy byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlanuvchi barcha muassasalarda monitoring va tekshiruvlar chog‘ida noto‘g‘ri sarf-xarajatlar aniqlanganda byudjetga yetkazilgan zararni qoplash, intizomni buzgan, suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rilmoqda.
Ayni paytda byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanib, ularni tejaganlar rag‘batlantirilmoqda. Iqtisod qilingan mablag‘lar byudjet muassasasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib berilmoqda. Muassasa bu mablag‘larni erkin tasarruf etish huquqiga ega.
Shu tariqa moliya-iqtisodiy islohotlar byudjet tashkilotlarida moliya intizomini mustahkamlash, mablag‘lar sarfini oqilona yo‘lga qo‘yish, rahbar va mutaxassislarda ishning pirovard natijasi uchun ham mas’ullik, ham manfaatdorlikni kuchaytirmoqda.