Shu kunlarda $$O‘zbekiston Respublikasi$$ mudofaaga ko‘maklashuvchi $$"Vatanparvar" tashkiloti$$ning viloyat kengashi navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘tgan besh yil davomida tashkilot o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni qay darajada bajardi? Hisobot davrida qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Qanday yangiliklar joriy etildi?
Muxbirimizning ushbu savollari yuzasidan viloyat kengashi raisi Karim Vahobov quyidagilarni so‘zlab berdi:
O‘tgan besh yil davomida mamlakatimiz, qolaversa, viloyatimizda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohalarda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi, keng ko‘lamda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Respublika mudofaaga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkilotining viloyat kengashida ham ijobiy siljishlar ro‘y berdi. So‘zsiz, o‘tgan vaqt ichida viloyat kengashi va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyati yanada mustahkamlandi.
Bunda, ayniqsa, "Vatanparvar" tashkiloti Markaziy kengashi rayosati hamda viloyat hokimining "Toshkent viloyati 'Vatanparvar' tashkiloti kengashini tashkil qilish va viloyatda yoshlar bilan ommaviy vatanparvarlik tadbirlarini, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari haqida"gi qo‘shma qarorlari qabul qilingani katta turtki bo‘ldi.
Viloyat kengashi shu qaror asosida alohida tashkilot sifatida shakllandi, har tomonlama rivojlandi. Mustaqil faoliyat yurita borib, viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘sha boshladi. 2011-yilga kelib, yalpi daromad 2007-yildagiga nisbatan qariyb ikki yarim baravar ortdi. Mamlakat Qurolli Kuchlariga mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan maktablar, klublar faoliyati takomillashdi, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami kengaydi, sport va boshqa to‘garaklar nufuzi oshdi.
Hozirgi kunda viloyatda 15 ta shahar, tuman kengashi va 2 ta avtomobil maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan davrda "Vatanparvar" tashkiloti viloyat kengashida boshlang‘ich tashkilotlarning o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida ham muayyan ishlar qilindi. Ayniqsa, Markaziy kengash rayosatining boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yagona tartibda amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan ko‘rsatmalari asosida viloyat kengashi boshlang‘ich tashkilotlarga faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar yukladi.
Bugungi kunga kelib, boshlang‘ich tashkilotlar 55 taga, a’zolar qariyb 5287 nafarga, a’zolik badallari esa 58 million 255 ming so‘mga etdi. Ushbu mablag‘lar [Nizom] talablari asosida yo‘naltirildi. 2007-yil bilan taqqoslaganda, a’zolik badali har bir a’zoga o‘rta hisobda 85 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2011-yilda 10 ming 350 so‘mga to‘g‘ri keldi.
Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish masalasida Qibray, Piskent va O‘rta Chirchiq tumanlari kengashlarida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulotlar yaxshi samara bermoqda. O‘quv-seminarlarda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarini tashkil etish hamda bolalar sportini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashilmoqda.
Kengashimiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish haqida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ichki ishlar idoralari hisobida turgan voyaga yetmaganlarni otalikka olib, yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda.
Ayni paytda joylardagi "Vatanparvar" tashkilotlari 55 ta kam ta’minlangan va yordamga muhtoj oilalar bolalarini otalikka olgan. Ularning aksariyati jinoyat yo‘liga adashib kirib qolgan va ichki ishlar idoralari hisobida turuvchi bolalardir. Shunday bolalardan 1200 nafari joylardagi sport to‘garaklariga jalb qilindi.
"Biz farzandlarimizni milliy tabiatimizga yot va zararli ta’sirlardan himoya qilishimiz, ularni hayotga, atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalar bilan daxldorlik hissi bilan yashaydigan, mustaqil fikrlaydigan, imon-e’tiqodli, barkamol insonlar etib tarbiyalashimiz lozim. Yoshlarimiz qalbida sog‘lom hayot tarziga intilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini bolalikdan shakllantirishimiz zarur", — deb ta’kidlaydi davlatimiz rahbari. Ushbu muhim vazifalarni amalga oshirishda barcha jamoat va nodavlat tashkilotlari qatori "Vatanparvarchilar" ham bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar.
Bugun yoshlarimiz qanday qadriyatlar sari intilmoqda, qanday o‘y-xayollar bilan yashamoqda — biz bunga aslo loqayd va befarq qaramasligimiz kerak. Ota-ona, ustoz-murabbiy, etakchi-rahbar sifatida bu jarayonni chetdan kuzatishimizga haqqimiz yo‘q.
Ma’lumki, har yili mamlakatimizda "Vatan himoyachilari kuni" tantanali nishonlanadi. Shu munosabat bilan har yili 14-dekabrdan 14-yanvargacha o‘tkaziladigan "Ommaviy harbiy-vatanparvarlik oyligi" davomida tantanali yig‘ilishlar, anjumanlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari, muqaddas qadamjoylarga tashriflar, faxriylar holidan xabar olish kabi tadbirlar uyushtirilmoqda.
O‘ylaymizki, bu rang-barang bayram shodiyonalarini yanada ko‘tarinki ruhda o‘tkazamiz. Chunki 2012-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 20 yilligi tantanali nishonlanadi. Respublika Prezidentining 2011-yil 28-oktabrdagi shu masalaga oid farmoyishi va Markaziy kengash ishlab chiqqan dastur asosida viloyat kengashining 2011–2012 yillarda "Vatan himoyachilari kuni"ni nishonlash borasidagi chora-tadbirlari belgilab olingan bo‘lib, ularning ijrosi boshlab yuborildi.
Bugungi kunda milliy armiyaga yetuk va malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning professional darajalarini oshirish muhim va dolzarb masalalardan biridir. Shu maqsadda o‘tgan davrda joylarda "Professional Qurolli Kuchlar deganda nimani tushunasiz?", "Harbiy xizmat: yangicha sharoit, yangicha talablar", "Jamiyatdagi barqarorlik — O‘zbekistonni yanada rivojlantirish kafolati" kabi mavzularda tadbirlar tashkil etildi.
Bosh vazifamiz yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ekan, bizdan talab qilinadigan asosiy vazifa — ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarimizning saviya va ta’sirchanligini yanada oshirishdir. Qolaversa, viloyatimizdagi kuchli ilmiy, ijodiy va ijtimoiy salohiyatimiz bu borada imkoniyatlarimiz yuqoriligidan dalolat beradi.
Bizning asosiy yo‘nalishlarimiz, yoki ta’bir joiz bo‘lsa, moliyaviy ahvolimiz negizini tashkil etadigan omillardan biri — jamoatchilik uchun ommaviy kasb xodimlarini tayyorlab berishdir. "Vatanparvar" tashkiloti Nizomida belgilangan ma’naviyat va ma’rifat, yoshlar bilan tarbiyaviy ishlar olib borish hamda sport musobaqalarini tashkil etish kabi vazifalarni moliyaviy jihatdan ta’minlash manbai bo‘lgan ushbu sohaga yangicha yondashish davr talabiga aylanib bormoqda.
Avvalo, 2011-yil "Vatanparvarchilar" uchun sermahsul keldi. 2011-yilning 1-aprelidan "Vatanparvar" tashkilotlariga haydovchilik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga keluvchilar ko‘paydi. Natijada ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foiz oshdi.
Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijrosini ta’minlash jarayonida tashkilotlarimizning moddiy negizi yanada mustahkamlandi. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida o‘quv sinflari yangi, zamonaviy ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlandi. Bekobod, Parkent, Piskent, Yuqori Chirchiq tumanlari va Chirchiq shahar kengashlari hamda Eshonguzar o‘quv sport-texnika klublari joriy ta’mirlandi, yangi o‘quv binolari barpo etildi.
Yangiyo‘l avtomobil maktabining o‘quv va yotoqxona binolari kapital ta’mirlandi. Viloyat kengashi tasarrufidagi haydovchilar tayyorlanayotgan 18 ta o‘quv muassasalardagi 19 ta "Yo‘l harakati qoidalari va harakat xavfsizligi", 26 ta "Avtomobil tuzilishi va ishlatilishi", 3 ta "Avtomobil tuzilishi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar" xonalari va 4 ta "O‘quv-mashq maydonchasi" to‘liq ta’mirlanib, Vazirlar Mahkamasi qarorlaridagi [Nizom] talablari asosidazamonaviy ko‘rgazmali qurollar bilan qayta jihozlandi.
Tasarrufimizdagi quyi tashkilotlarda o‘tgan yillar davomida xalq xo‘jaligi uchun jami 36 mingdan ziyod malakali mutaxassislar tayyorlashga erishildi. Shu jumladan, "VS", "V" toifa haydovchilar tayyorlanib, rejalar ortig‘i bilan bajarildi.
Haydovchilik mutaxassisligini egallash istagini bildirgan aholi talabini qondirish va ularni yana-da ko‘proq qamrab olish maqsadida yangi o‘quv sport-texnika klublari tashkil etilmoqda. Yaqin kunlarda Olmaliq shahri va Bo‘ka tumanida shunday yangi klublar faoliyat boshlaydi.
Tizimimizda texnik va amaliy ahamiyatga ega sport turlarining ommaviyligini oshirish, ularga mahalliy yoshlarni, ayniqsa, qishloq yigit-qizlarini ko‘proq jalb etish va muntazam shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bugungi kunda viloyat kengashi tizimidagi barcha shahar, tuman kengashlari va avtomobil maktablarida 58 ta sport seksiyasi va 26 ta sport to‘garagi ishlamoqda.
Ularda 3000 ga yaqin bola muntazam shug‘ullanmoqda. O‘tgan davrda 420 ta klub-lararo, 283 ta shahar va tuman birinchiligi, 54 ta viloyat va 40 taga yaqin respublika musobaqalari o‘tkazildi. Viloyat terma jamoasi 120 marta respublika birinchiligi va chempionati musobaqalarida ishtirok etib, ko‘plab yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Umuman, terma jamoamiz viloyat va respublika musobaqalarida 11 marta 1-o‘rinni, 20 marta 2-o‘rinni, 18 marta 3-o‘rinni egalladi.
Bunday yutuqlarga erishishda O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari va Bekobod shahri kengashlari, Angren va Keles o‘quv sport-texnika maktablari sportchilari salmoqli hissa qo‘shmoqdalar. Yangiyo‘l avtomaktabida ham sport sohasida ijobiy siljishlar kuzatilmoqda.
Yoshlarning mehnatsevar, yetuk sportchi va haqiqiy vatanparvar bo‘lib yetishishlarida chaqiriluvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan harbiy-amaliy ko‘pkurash musobaqalarining ahamiyati katta. Unda yoshlar bir vaqtning o‘zida yengil atletika, o‘q otish, avtomobil haydash va suzish kabi 10 ga yaqin sport amallarini bajaradilar. 2010-yilgi respublika musobaqasida vakillarimiz 1-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Tizimda o‘quv muassasalari va kengashlar faoliyatini takomillashtirishda, albatta, malakali kadrlar alohida o‘rin tutadi. Umuman, tizimimizdagi har bir rahbar, o‘qituvchi, amaliy mashq ustasi, murabbiy, yo‘riqchi xodimlarning malaka va ko‘nikmalarini, kasb mahoratlarini oshirib borishlari hozirgi davr talabidir. Buni amalga oshirish nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi taraqqiyotimiz uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Vaqt to‘xtash bilmagani kabi, insonlar ham tinimsiz oldinga intiladilar, — dedi suhbat pirovardida [Karim Vahobov]. — Biz ham navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, albatta, 2012-yil va umuman bundan buyon birinchi navbatda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ustuvor vazifalarimizni puxta o‘ylab, rejalashtirmoqdamiz.
Avvalo, "O‘zbekiston mudofaaga ko‘maklashuvchi 'Vatanparvar' tashkiloti viloyat kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi ijrosini to‘la ta’minlashga asosiy e’tibor qaratishimiz lozim. Tizimdagi ma’naviy muhitning sog‘lomlashuvi, rahbar va xodimlarning ma’naviy tafakkuri, huquqiy bilim va madaniyatini oshirib borishni izchil davom ettiramiz.
Qurolli Kuchlarga harbiy-texnik mutaxassislar tayyorlash jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish orqali o‘quv muassasalarida ta’lim sifatini oshiramiz. Ommaviy texnik kasb xodimlarini tayyorlashda o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish uchun o‘quv sinflari va ko‘rgazmali qurollarni yangilab, bugungi talablar darajasiga ko‘tarish niyatadmiz.
Albatta, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish hamda keng ommalashtirish, buning uchun viloyatdagi mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanish, ommaviy sport turlariga, ayniqsa, qishloq yoshlarini ko‘proq jalb etish ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.