MAMLAKATDA $$O‘zbekiston Respublikasi$$ning "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi yangi Qonuni kuchga kirganidan so‘ng Respublika Vazirlar Mahkamasining "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi. Shundan buyon oradan besh yildan ko‘p vaqt o‘tdi.
Xo‘sh, ushbu qonun va qaror viloyatimizda qanday amal qilmoqda?
Muxbirimiz iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi raisi ^^Gulchehra Abbasova^^ga shu mavzuda bir necha savol bilan murojaat qildi.
– ^^Gulchehra Xolisovna^^, har qanday qonun mohiyatan inson manfaatlariga xizmat qilishi lozim. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?
– Aslida ham shunday. Yurtimizda barpo etilayotgan demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining pirovard maqsadi qonun ustuvorligi va uning barcha uchun baravarligini ta’minlashdir. Jumladan, "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun ham shu maqsadga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan qarori yuqoridagi qonun talablarini butun xalq ongiga singdirishni nazarda tutadi. Nega deganda, inson bor-ki, u – iste’molchi. Ammo, hech kim o‘z ehtiyojini o‘zi yuz foiz qondira olmaydi.
– Demak, hududiy birlashmaning asosiy vazifalaridan biri qonun ijrosini monitoring qilishdan tashqari uning talab va qoidalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ibot-tashviqot qilishdan iborat ekan-da?
– Shunday. Yuqoridagi qonun hamda hukumat qarori kuchga kirgan vaqtdayoq viloyat hokimligining ana shu qonuniy hujjatlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan qarori e’lon qilindi. Hududiy birlashmamiz shu asosda inson salomatligi va hayoti uchun xavfli bo‘lgan iste’mol tovarlari (ish va xizmatlar) savdoga chiqarilishi va sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirdi.
Biroq, alohida ta’kidlash joizki, har bir iste’molchi qonunning asosiy mazmun-mohiyati va talab-qoidalarini yaxshi anglab olmasa, o‘z haq-huquqini to‘la tushunib olmasa, qonunning ijrosi, hududiy birlashmalar sa’y-harakatlarining pirovard samaralari ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Shuni hisobga olib, biz barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari, o‘quv muassasalarida, iste’molchilarning oz-ko‘pligiga qarab, korxona va tashkilotlarda uchrashuvlar, savol-javob va davra suhbatlari tashkil etib, iste’molchilarning bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratayapmiz.
Bundan tashqari, viloyat tuman va shaharlaridagi yirik mahalla fuqarolar yig‘inlarida, korxona va tashkilotlarda, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida birlashmamizning tayanch guruhlarini tashkil etganmiz. Ular maxsus tadbirlar rejasini tuzib, shu asosda keng qamrovda ish olib bormoqda. Natijada jamiyatimiz a’zolari safi kun sayin kengayyapti..
– Bizga ma’lum qilishlaricha, jamiyat uyushtirayotgan "Eng iqtidorli yosh iste’molchi" ko‘rik-tanlovi yaxshi samara berayotgan ekan.
– Ha, ushbu tanlov kutilgan natijani berayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, bugungi yoshlar ertaga iste’molchilar safini to‘ldirishadi. Ular iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish jarayonlariga qanchalik erta va keng jalb etilsa, shunchalik yaxshi. Ko‘rik-tanlov aynan yosh iste’molchilarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etilib, yaxshi an’analardan biriga aylantirildi.
Hech mubolagasiz aytish mumkinki, biz "Eng iqtidorli yosh iste’molchi – 2008" uchinchi respublika ko‘rik-tanlovida faol ishtirok eta oldik. Xalqaro iste’molchilar kuniga bag‘ishlab uyushtirilgan ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida Yangiyo‘l shahar texnologiya-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi ^^Gavhar Akbarova^^ sovrinli ikkinchi o‘rinni egalladi, Chinoz tumanining Olmazor qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi [Lazizjon Boboyorov] "Eng zukko iste’molchi" nominatsiyasi bo‘yicha tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
– Ma’lumki, hududiy birlashmaning asosiy vazifasi – monitoring kuzatuvlarini olib borish. Bu sohada ahvol qanday?
– Monitoring kuzatuvlari turli soha va tarmoqlarda olib boriladi. Shu jumladan, non ishlab chiqarish uchun ajratiladigan un resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanishni muvofiqlashtirish maqsadida "O‘zstandart" agentligi, Davlat soliq inspeksiyasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda viloyat shahar va tumanlaridagi non ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati ustidan monitoring kuzatuvi o‘tkazilmoqda.
Mutaxassislar ta’minotchi korxona vakillari bilan birgalikda tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suv tarmog‘iga noqonuniy ulangan yuridik va jismoniy shaxslarni aniqlab, kamchilik va nuqsonlarini o‘z joyida hal etishmoqda.
Respublika Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, "O‘zstandart" agentligi, Davlat bojxona va soliq qo‘mitalari, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati federatsiyasi respublika ichki bozorida sifatsiz, inson salomatligi uchun xavfli o‘yinchoqlar sotilishining oldini olish yuzasidan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasining ijrosi ustidan tuman va shaharlarda monitoring o‘tkazilib, natijalari federatsiyaga taqdim etildi.
– Nihoyat, so‘nggi savol: iste’molchilarning ariza va shikoyatlari bilan ishlash qanday tartibda yo‘lga qo‘yilgan?
– Ariza va shikoyatlar bilan jiddiy shug‘ullanish, ularni qonuniy hal etish – hududiy birlashmamiz mutaxassislarining doimiy va eng muhim vazifasi. Shu yilning birinchi choragida viloyat hududiy birlashmamizga, tuman va shahar jamiyatlariga iste’molchi sifatidagi manfaatlariga ziyon yetkazilgan fuqarolardan 121 ta yozma, og‘zaki hamda ishonch telefonlari orqali murojaat, ariza va shikoyat tushdi. Uning 100 dan ziyodi ijobiy hal etildi. 20 ta ariza-murojaat iste’molchilar foydasiga hal bo‘ldi.
Shu jumladan, viloyat tuman va shahar jamiyatlari tomonidan 19 ta ariza mustaqil, bitta ariza esa boshqa nazorat organi orqali hal qilib berildi. Bunday ijobiy yechimlar iste’molchilarda o‘z haq-huquqlari uchun qonun yo‘li bilan kurashish ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.