🔍

Article

YUZAKICHILIK

By Jo‘ra Sa’dullaev, «Toshkent haqiqati» muxbiri. • in 2006

Sababsiz oqibat bo‘lmaydi. Aks holda, $$Ohangaron tuman Davlat soliq inspeksiyasi$$ning boshlig‘i [A. Abdurahmonov] bilan yuridik shaxslardan to‘lovlarning byudjetga to‘lanishini nazorat va tahlil qilish bo‘limining boshlig‘i [Yu. Usmonov] ma’muriy javobgarlikka tortilmas, birlari jarima to‘lab, ikkinchilari «hayfsan» olishmasdi. Xullas, ular o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida yuzakichilikka yo‘l qo‘yganliklari uchun javob berishdi.

Bu yog‘ini so‘rasangiz, «Yangi hayot» ochiq aksiyadorlik jamiyatida soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanishi bo‘yicha 2004 yilgi faoliyatni tekshirish mobaynida soliqchilar — bo‘lim boshlig‘i [Yu. Usmonov] bilan shu bo‘lim xodimi [Z. Sayfutdinov] bu muammoni xo‘jalik o‘zlariga taqdim etgan hujjatlar va tanlanma asosida ko‘rib chiqishdi. Ular xo‘jalikdan 72 million 255,4 ming so‘m miqdoridagi qo‘shimcha hisoblangan soliq hamda majburiy to‘lovlar, moliyaviy va ustama jarimalar undirish haqida taklif kiritishdi.

Soliq inspeksiyasining boshlig‘i [A. Abdurahmonov] o‘z xodimlari taqdim etgan dalolatnoma va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqib, «o‘rganib va tahlil qilib», 2005 yil 7 may kuni yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘ni xo‘jalikdan undirish, materiallarni prokuraturaga topshirish haqida qaror qabul qildi.

Tabiiyki, tekshiruv yakuni va bu qaror ikkinchi tomonda jiddiy e’tirozlar tug‘dirdi. «Yangi hayot» ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi soliq idorasi bilan o‘rtada kelib chiqqan kelishmovchiliklarni bartaraf etib, masalani oydinlashtirishga va muammoni ham davlat, ham xo‘jalik manfaatlarini ko‘zlab, qonunan hal qilishga obdon urindi. Biroq vaqt o‘tib bordi-yu, murodbek orzular amalga oshaverdi.

Shu o‘rinda «Yangi hayot» xo‘jaligi, uning o‘sha 2004 yilgi faoliyatiga to‘xtalib o‘tishning ayni payti. To‘liq xorijiy sarmoya asosida tashkil etilgan ochiq aksiyadorlik jamiyatining nizom jamg‘armasi o‘sha kezlari 94,7 million so‘mni tashkil etardi. U to‘la «DEMIR METAL QURILISH TEXNIKA TIKLASH TISAYET A.A.» kompaniyasiga taalluqli edi.

Soliq idorasi bilan o‘zaro munosabatni oydinlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlashga o‘zining kuchi yetmagach, xo‘jalik birinchi qadam sifatida xolis auditorlik tashkilotiga murojaat qildi. Auditorlar tegishli hujjatlar asosida xo‘jalikning byudjet bilan hisob-kitoblari, boshqa jamg‘armalarga to‘lovlarini tahlil qilib, 13 oktyabr kuni o‘z qonuniy xulosalarini berishdi. Shu asosda xo‘jalik boshqaruvi soliq idorasining «Soliqlarni undirish va moliyaviy jazolarni qo‘llash haqida»gi qarori yuzasidan o‘z qonuniy huquqlarini amaliy jihatdan himoya qilishni so‘rab, 19 oktyabrda viloyat adliya boshqarmasiga e’tiroznoma yozdi.

— Qonun talablariga va uning soliqchilar tomonidan noto‘g‘ri qo‘llanilishi oqibatida kelib chiqqan bu ziddiyatli holat xodimlarimiz tomonidan chuqur va atroflicha o‘rganib chiqilgach, moliyaviy jazo chorasi qo‘llashdagi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishni so‘rab, 21 noyabrda Ohangaron tuman Davlat soliq inspeksiyasiga taqdimnoma kiritildi, — deydi viloyat adliya boshqarmasi Xorijiy investitsiyalar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish bo‘limining boshlig‘i [Ma’murjon To‘ychiev]. — Unda, e’tibor bergan bo‘lsangiz, shunday bosiq bir jumla bor: «Qaror (Ohangaron tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘ining 2005 yil 7 maydagi qarori — muallif izohi) amaldagi qonun va me’yoriy hujjatlar talablariga zid ko‘rinadi».

Aniq, lo‘nda, e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan, adolatli xulosa. Xo‘sh, tekshiruvni tashkil etayotib, soliqchilar yo‘l qo‘ygan xatoliklar va qonunbuzilish holatlari nimadan iborat?

Avvalo, «Yangi hayot» xo‘jaligida ishga kirishayotib, soliqchilar xo‘jalikka o‘z faoliyat rejalari va tekshiruvlarni muvofiqlashtiruvchi komissiya xat-hujjatidan ko‘chirma taqdim etishmadi. Qanday qilib bo‘lsa ham qilidan qiyiq topishga urinishdi. Aks holda xo‘jalik pudratchilar oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini bajara olmagach, ular urug‘lik va mineral o‘g‘it sotib olishga sarflangan, keyinchalik o‘zaro shartnoma talabi asosida dehqonlarga qaytarilgan 51,99 million so‘m ishlab chiqarish xarajati ham soliqqa tortilarmidi?
Hatto rejadagidan yuqori hosil yetishtirganligi tufayli natura holida pudratchilarga berilgan bug‘doy ham pulga chaqilib, soliq undirilishi lozim bo‘lgan daromad sifatida ko‘rsatilgan. Holbuki, bu mablag‘ xo‘jalikning ish haqi fondiga kirmaydi.

Yana bir holat kishini taajjublantiradi. Gap shundaki, soliqchilar yettita hisob-faktura bo‘yicha xo‘jalikni bu hujjatlarni bank MFOsini ko‘rsatmasdan rasmiylashtirganlikda ayblashgan va har bir holat bo‘yicha eng kam oylik ish haqining o‘n barobari miqdorida, jami 457,1 ming so‘m jarima solishgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nahotki, «qilni yarq yoruvchi» soliqchilar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2003 yil 29 apreldagi «Ishlab chiqarilgan va sotilgan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lash haqida»gi yo‘riqnomasi hisob varaq-fakturalarini to‘ldirishga doir tartibidan bexabar bo‘lishsa? Axir unga ko‘ra bank MFOsi majburiy rekvizitlar sirasiga kirmaydi-ku.

Soliqchilarning «javobgardan jarima undirishga» doir yana bir taklifi kishini lol qoldiradi. Emishki, xo‘jalik 2004 yili 1,15, 2005 yili 2,2 million naqd tushum pulini bankka topshirmay, noqonuniy ishlatib yuborgan. Shu bois bu mablag‘ 100 foiz jarima sifatida undirilsin.

Shunday taklif bilan chiqqan soliqchilar hatto «Savdogarbank»ning tuman bo‘limi xo‘jalik 1,15 million so‘mni 2004 yil 8 avgustda neft mahsulotlari, 2,2 million so‘m naqd pulni 2005 yil 1 fevralda elektr energiyasidan bo‘lgan qarzni qoplash uchun topshirganligiga doir ma’lumotnomalarni ham inkor etishgacha borib yetishdi.

Adliya boshqarmasi taqdimnomasida tekshiruvchilarning asl xatosi yaxlit bayon qilib berilgan. Unga ko‘ra, 2004 yil xo‘jalik 62 million so‘mdan ortiqroq ish haqi hisobidan soliq to‘lagan. Soliqchilar esa, o‘zaro hisob-kitobdan kelib chiqqan 75 million 352,8 ming so‘mni ham qo‘shib, ish haqini 137 million 978,9 ming so‘m deb ko‘rsatishgan.

Holbuki, 75,3 million so‘mning 51,99 millioni, yuqorida aytganimizdek, oilaviy pudratchilar bilan shartnomaviy hisob-kitob mablag‘idir. Bundan tashqari, 566,8 ming so‘mi pudratchilarga natura holida to‘langan bug‘doy puli. Shu sabab jami 52,5 million so‘mga yaqin mablag‘ ish haqi hisobiga kiritilmasligi hamda soliq va jarimalar undirilishi lozim deb ko‘rsatilgan 75,3 million so‘mdan chiqarib tashlanishi kerak. Shunda soliqqa tortilishi qonuniy bo‘lgan 22 million 788 ming so‘m qoladi. Ana shu mablag‘dan jami 10 million 220 ming so‘m to‘lovlar va jarimalar undirilishi mumkin.

Afsuski, Adliya boshqarmasining mana shu taqdimnomasidan kelib chiqadigan talablar ham Ohangaron tuman Davlat soliq inspeksiyasining boshlig‘i tomonidan inobatga olinmadi. Abduhalil Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 2 maydagi «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori talablariga ko‘ra ilgari qabul qilingan qarorini bekor qilish, «Yangi hayot»dan faqat 10 million so‘mdan ortiqroq soliq, boshqa to‘lov va jarimalar undirish, kelgusida bunday qonunbuzilish holatlari takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rish o‘rniga yana masalani xaspo‘shlashga urinaverdi.

Adliya boshqarmasining ishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdorlarni intizomiy javobgarlikka tortish so‘ralgan takroriy taqdimnomasiga ham tuman soliq idorasi 15 o‘rniga roppa-rosa 40 kunda javob qaytardi.

Lekin [Abdurahmonov] mana shu qarorida ham masalaning naqd pul «kirim qilinmaganligi» bo‘yicha qo‘llanilgan moliyaviy jazoni bekor qilish, kelgusida bunday xato va kamchiliklar takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rish, ishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortishga doir qismlarini «unutib» qoldirdi.

Nihoyat, Adliya boshqarmasi shu yilning 17 may kuni yo‘llab, besh kunlik muddatda taqdimnoma bo‘yicha ijro hujjatlarini ilova qilgan holda ko‘rilgan choralar xususida to‘liq ma’lumot berishni qat’iy talab qildi. Ushbu xat ma’lumot uchun va ijrosini nazorat qilish tartibida viloyat Davlat soliq boshqarmasiga ham yuborildi.

Mana shundangina [Abdurahmonov] «Yangi hayot»dan soliq, turli to‘lov va jarimalar undirish haqida 2005 yil 7 mayda qabul qilingan qarorini bekor qildi. Tekshiruvni o‘tkazgan bo‘lim boshlig‘i Yu. Usmonovga hayfsan e’lon qildi. Lekin... soliq, to‘lov va jarimalar yana 18,65 million so‘m miqdorida qoldirila berdi.

Shundan keyin «Yangi hayot» ochiq aksiyadorlik jamiyatining rahbariyati viloyat Davlat soliq boshqarmasining ekspert kengashiga murojaat qilib, soliq bo‘yicha davom etayotgan nohaqliklar bartaraf etilishini so‘radi. Faqat mana shu nufuzli kengash aralashuvidan keyingina Ohangaron tuman Davlat soliq inspeksiyasi 5 may kuni «Yangi hayot»da o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga doir uchinchi qarorni qabul qildi.
Ilgarigi qarorlardagi o‘z vaqtida bank muassasasiga topshirilmagan, go‘yo xo‘jalik rahbarlari tomonidan «yashirilgan» deb topilib, 100 foiz moliyaviy jarima qo‘llanilgan band shu tariqa bekor bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, ayni shu qarorga bo‘lim boshlig‘i [Yu. Usmonov] ham imzo chekkan.

Masalaga yuzaki yondashgan, muammo yechimini sansalor qilgan soliq idorasining boshlig‘i [Abduhalil Abdurahmonov] ham javobgarlikdan quruq qolmadi. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan unga o‘rtacha oylik ish haqining 20 foizi miqdorida jarima solindi.

Ha, qonun barchaga barobar. Bu haqiqatni Ohangaron tuman Davlat soliq idorasidagilar endi yaxshi uqib olishgan bo‘lsa ajabmas. Darvoqe, bu voqea boshqa nazorat idoralarining mas’ul xodimlari uchun ham saboq bo‘lishi kerak.

Total words

1,176

Unique words

676

Annotated anthroponyms

10

Toponyms

1

TTR

0.575

Hapax

485

Distribution

Top frequency chart

Dataset