🔍

Article

EGRILIKNING UMRI QISQA.

By Qahramon Ibrohimov, Viloyat prokuraturasi bo‘lim … • in 2005

Ma’lumki, $$O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi$$ yil boshida “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturi to‘g‘risida qaror qabul qilib, keng ko‘lamli tadbirlar rejasini tasdiqlagan edi. Shu asosda ishlab chiqilgan dastur viloyat hokimi tomonidan ham tasdiqlanib, maxsus qaror qabul qilindi. Xo‘sh, bu dasturlar qanday bajarilmoqda? Umuman, $$O‘zbekiston Respublikasi$$ning “Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni viloyatimizda qay darajada amal qilayapti? Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar yetarli darajada amalga oshirilyaptimi? Buning natijasi qanday?

Toshkent viloyati prokuraturasi viloyat sog‘liqni saqlash tizimi va hokimliklarda qonun va dasturlar ijrosining ahvolini tekshirib chiqdi. E’tirof etish kerakki, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari, mahallalarda tibbiy targ‘ibot muayyan darajada olib borilmoqda. Aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bir muncha izchil tus olgan. Bu jarayonda homilador ayollarning 65,7 foizida kamqonlik kasalligi aniqlanib, ularni davolash va sog‘lomlashtirish uchun dori-darmonlarga 110 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratildi. Umuman, o‘tgan muddat mobaynida 45,3 ming ayol sog‘lomlashtirildi.

Bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun 77,3 ming bola qizamiqqa, 8,8 ming bola gepatitga, 8,3 ming bola sholga qarshi emlandi. Bu muhim tadbirni amalga oshirish uchun 7,1 million so‘m sarflandi.

Shu bilan birga “Sihat-salomatlik yili” viloyat dasturining bajarilishida jiddiy kamchiliklar sodir bo‘lmoqda. Dasturda sog‘lom turmush tarzi falsafasi bo‘yicha xalqning, Sharqning buyuk mutafakkirlari ma’naviy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirilishi belgilangan, lekin olib borilayotgan ishlar ko‘p hollarda yuzaki tashkil etilyotir.

Viloyat hokimining 2003–2005 yillarda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash haqidagi qarori ham zarur darajada bajarilmayapti. Shu yilning 10 may holatiga yettita tez tibbiy yordam bo‘limi ta’mirlanib, bu ishlarga 264,7 million so‘m sarflangan. Lekin mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan 57 ta sog‘liqni saqlash muassasasi binosining faqat 35 tasida ishlar yakunlangan.

Achnarlisi shundaki, davolash-profilaktika muassasalarida mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish mobaynida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilib kelingan. Chunonchi, Quyichirchiq tuman markaziy shifoxonasi va tug‘ruq majmuasi binolarini mukammal ta’mirlash yuzasidan 98,9 million so‘mlik shartnomalar imzolangan. Shu yilning martigacha bo‘lgan sakkiz oy mobaynida “Monolit” kichik korxonasiga 68,8 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan. Lekin markaziy shifoxonani ta’mirlash ishlariga 1,4 million so‘m qo‘shib yozilib, pudratchi korxona rahbari [S. Saydullayev], buyurtmachi — bosh shifokor [N. Xoliqov], uning o‘rinbosari [A. Bo‘ronboev], tuman hokimining birinchi o‘rinbosari [M. Ro‘ziqov]lar byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yganlar.

Yangiyo‘l shahridagi poliklinika, tug‘ruq majmuasi, teri-tanosil kasalliklari dispanserini ta’mirlash mobaynida ham shunday talon-torojliklar yuz berdi. Bosh shifokor [V. Abdullaev]ning “engil” qo‘li bilan pudratchi — “Iriston” xususiy firmasi sakkiz oyda 104,5 million so‘m o‘tkazib olgan. Lekin birgina poliklinika va tug‘ruq majmuasida bajarilgan ta’mirlash ishlariga 3,6 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari qo‘shib yozilgan. Shu tariqa xususiy firma rahbari [K. Pattaev] bilan bosh shifokor [V. Abdullaev]larning o‘zaro til biriktiruvlari oqibatida byudjetga katta hajmda zarar yetkazilgan.

Chinoz tumanida markaziy, Olmaliq shahrida “Kimyogar” shifoxonalarini ta’mirlash jarayonida ham shunday qonunbuzilish holatlari kuzatilgan. Albatta, bu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Mamlakatimizda ayollar sog‘lig‘i, onalik va bolalikni himoyalash borasidagi ishlarning ko‘lami yil sayin kengaytirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayollar va o‘sib kelayotgan avlod sog‘lig‘ini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, viloyat hokimining uning ijrosini ta’minlashga qaratilgan qarorlari asosida muayyan ishlar amalga oshirildi. Lekin tahlillar shuni ko‘rsatadiki, joriy yilning 1 yanvariga qadar fertiliy yoshdagi ayollarning yarmiga yaqini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 152 951 ayolda ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Yuqorida ko‘rsatilgan qarorlar qabul qilinganidan keyingi uch yil mobaynida ularning uchdan ikki qismidan bir oz ortig‘ida shunday kasalliklar aniqlangan, o‘smir qizlarning esa 40 foizigina davolangan, xolos.

Nikoħlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasida ham sustkashliklar sodir bo‘lmoqda, ishlab chiqilgan tadbirlar to‘la bajarilmayapti. Nikohlanayotgan shaxslarni sil, psixik, narkologik, tanosil kasalliklari, OIV, OITS bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ayrim shahar va tumanlar sog‘liqni saqlash muassasalarida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan. Chunonchi, Qibray tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan qonlar OITS tashxis qo‘yish laboratoriyasiga yuborilmasdan, zaxm yuzasidan tekshirilmasdan nikohlanayotganlarga tibbiy ko‘rikdan o‘tganliklari haqida ma’lumotnomalar berilganini qanday baholash mumkin?

Viloyatda ayrim kasalliklarning ortib borishi kuzatilmoqda. Lekin aholi o‘rtasida tibbiy targ‘ibot, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishini ta’minlash ustidan yetarli ish olib borilmayapti. Ba’zi hollarda homilador ayollarning sog‘lig‘ini yaxshilash, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish borasida ham jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Chirchiq, Olmaliq, Yangiyo‘l shaharlari, O‘rtachirchiq, Qibray, Chinoz, Quyichirchiq tumanlarida shunday e’tiborsizlik tufayli onalar va go‘daklar o‘limi kamaymayapti.

Ayniqsa, Bo‘ka tumanida yuz bergan voqea nihoyatda achinarli. Vrach-terapevt, akusher-ginekolog va patronaj hamshiraning beparvoligi va o‘quvsizligi tufayli yoshgina ayol hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Quyichirchiq tumanida 19 yoshli homilador ayol ham davolash jarayonida shifokorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatoliklar tufayli vafot etdi.

Shahar va tumanlarning prokuratura idoralari sog‘liqni saqlash muassasalarida o‘tkazgan tekshiruvlarda ham jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, Toshkent tumanida shifokorlarning malakasini oshirish bilan izchil shug‘ullanilmaydi. [G‘iyos Umarov] va [Nodir Boymuhamedov] nomli shifokorlik punktlari birinchi tibbiy yordam uchun o‘ndan ortiq nomdagi dori-darmonlar bilan muntazam ta’minlanmaydi. Tug‘ruq majmuasida bemorlarni qabul qilish chog‘ida yuvinish uchun sharoit yaratilmagan. Zangiota tumanidagi Bo‘zsuv qishloq vrachlik punkti hanuzgacha ichimlik suviga ulanmay, ariqlardan foydalanib kelmoqda. Binolari ta’mirtalab, tibbiy uskunalar davlat standarti ko‘rigidan o‘tkazilmagan. “Mustaqillik” qishloq vrachlik punktida esa sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun alohida xona jihozlanmagan, bakteriologik analizlar uchun muzlatkich mavjud emas. Albatta, bu shifoxonalarning rahbarlari ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Piskent tuman markaziy poliklinikasi binosi yaroqsiz holga kelgan. Ichimlik suvi yo‘q, ustiga ustak isitish tizimi ham ishdan chiqqan. Bolalar poliklinikasi ham to‘liq ta’mirga muhtoj. Tekshiruvlar Ohangaron, Quyichirchiq, Chinoz tumanlarining ba’zi davolash muassasalari faoliyatida ham jiddiy qonunbuzilish holatlari yuz berib kelganligini ko‘rsatdi. Angren shahridagi Yangiobod shifoxonasida 2000 yildan buyon ruxsatnoma olmasdan pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanilgan. Shu davr mobaynida 7,6 million so‘m daromad olingan. Shahar prokurori ushbu holat yuzasidan bosh shifokor [R. Shokirxонов] va bosh buxgalter [R. Rahmatulina] ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Xalqimiz shifokorlarga alohida hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Yangilanayotgan jamiyatimizda aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmatni yaxshilash ustuvor yo‘nalish maqomiga ega, davlatimiz va homiy tashkilotlar sohani rivojlantirish vazifalari bilan izchil shug‘ullanmoqdalar. Afsuski, salohiyatli, halol va vijdonli shifokorlarimiz qatorida ayrim orsiz, egri qo‘l shaxslar uchrab qolmoqda. Tashvishlanarli jihati shundaki, Gippokrat qasamini buzuvchilarga chora ko‘rish, kamchiliklarni qat’iyat bilan bartaraf etishga vakolatli ba’zi mas’ul xodimlar ham o‘z burchlarini unutib, gohida ularga hamtovoq bo‘lib qolmoqdalar. Bunday xatarli holatlarning oldini olish payti keldi. Shunga erishish kerakki, el sog‘ligini saqlash, tibbiy xizmat darajasini ko‘tarishga ajratilayotgan million-million so‘m mablag‘lar aniq maqsadlarga xizmat qilsin.

Total words

963

Unique words

651

Annotated anthroponyms

11

Toponyms

2

TTR

0.676

Hapax

502

Distribution

Top frequency chart

Dataset