$$O‘zbekiston$$ o‘z mustaqilligiga sari intilganida, ayollar bu kurashning oldingi saflarida borishgani, ozodlik, erk, saodat uchun kurashganlarini dalillovchi misollar oz emas. Milliy mustaqillik o‘zbek ayoliga chinakam erk berdi, “qaddingni tikla, baxtingni izla, saodatingga yetish!” — dedi. Istiqlol g‘oyalarini yurakdan qabul qilgan yuzlab, minglab ayollar yangilanayotgan jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun harakat boshladi. Piskentlik tadbirkor ^^Sayyora Mo‘minova^^ ana shunday ayollarimiz sirasiga kiradi.
— ^^Sayyora^^ har tomonlama yetuk, barkamol inson, — deyishadi hamqishloqlari. — “Bog‘ishamol” fermer xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar ko‘lami maqtasa arzigulik. Bog‘, paxta, g‘alla, tegirmon, tikuvchilik va to‘qish tsexlari... Ayniqsa, aholining ish bilan ta’minlanishdek dolzarb muammoning hal etilishiga hissa qo‘shadigan bunday faoliyat har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Hindistonning Dehli shahrida o‘tkazilgan tovar ishlab chiqaruvchilarning xalqaro konferensiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, katta taassurotlar bilan qaytgan ^^Sayyora Mo‘minova^^ning g‘ayratiga [g‘ayrat] qo‘shildi. Yaponiya tadbirkorlari bilan 2006 yil uchun hamkorlik shartnomasi tuzildi. Unga ko‘ra, gilam to‘qish uslublari yanada takomillashib, yoshlarni kompyuter bilan ishlashga o‘rgatish ko‘lami ham ortib bormoqda. Bunday tadbirkor ayollarimiz safi yil sayin kengaymoqda.
Bugun — mustaqilligimizning o‘n to‘rtinchi yili bo‘sag‘asida istiqlolning sharofati bilan jahon tomon yuz tutgan, dunyo ko‘rgan o‘zbek ayoli, u erishgan obro‘-e’tibor haqida, uning buyuk kuch-qudrati haqida har qancha so‘zlasang oz. Haqiqatan ham, muhtaram Yurtboshimiz aytganlaridek, ayol timsolida biz buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan qadriyatlar va urf-odatlarga, nasl-nasabimiz va qonimizga singib ketgan buyuk hayotbaxsh kuchga egamiz.
O‘zbek ayoli o‘z elining ravnaqi, farovonligini, jahon afkor ommasi oldidagi obro‘-e’tiborini o‘ylab, davlatimiz siyosatini har jihatdan ma’qullamoqda. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mohiyati ham mamlakatimizda ayollarga bildirilib kelinayotgan katta ishonch, umid belgilaridan biridir. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan dastur xotin-qizlar tomonidan ko‘tarinki ruh bilan kutib olinganligi bejiz emas, albatta.
Bu hujjat erkin demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda ayollarimizning oila, jamiyat va davlat qurilishidagi mavqei hamda nufuzini yanada oshirish, ularning barcha sohadagi haq-huquqlarini amalda kafolatlash, bu ishlarga bosh-qosh bo‘lib, atrofiga minglab ayollarni birlashtirgan Xotin-qizlar qo‘mitasi obro‘sini yanada ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, jamiyat taraqqiyotining barcha sohalarida, oila, jamiyat va davlat qurilishida xotin-qizlar faolligini ta’minlash, ularga turli imkoniyatlar yaratib berish boshqa davlatlarda kamdan-kam uchraydigan hol.
Fikrimizning dalili sifatida quyidagi raqamlarni keltirish kifoya: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanganlarning 30 foizi, xalq deputatlari viloyat kengashlarida ish olib borayotgan vakillarning 20,3 foizi, shahar va tuman kengashlari deputatlarining 18,5 foizi — ayollar. Bugun ular viloyatimizda istiqomat qilayotgan bir million uch yuz mingga yaqin ayollarga barcha sohada bosh-qosh, ham maslakdoshdir.
Sanoat, qurilish, transport, aloqa, qishloq xo‘jaligi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida ayollarimizning o‘rni beqiyosdir. Ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirib, har tomonlama yetuk, siyosiy madaniyatli insonlar darajasiga ko‘tarishda xotin-qizlar qo‘mitalarining ahamiyati ortib bormoqda.
Ayniqsa, mahallalarda Prezident farmoniga binoan diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlarining joriy etilganligi va bu vazifalarga o‘z sohasining bilimdonlari bo‘lgan salohiyatli ayollarning jalb etilishi ayni muddao bo‘ldi.
Ular yoshlar tarbiyasi, voyaga yetmaganlarni kasb-hunarga, ilm olishga yo‘naltirish, ma’naviy barkamol, navqiron avlodni tarbiyalash masalalari bilan shug‘ullanmoqdalar. Maqsad — yoshlarni iymon-e’tiqodli, axloqan pok inson qilib shakllantirish, muqaddas islom dini haqida to‘g‘ri tushuncha berish, ularni turli oqimlar ta’siridan saqlab qolish, xotin-qizlar haq-huquqlarining himoya qilinishiga, mahallalarda ma’naviy muhitning sog‘lom bo‘lishiga erishishdan iborat. Zero, oila, mahalla tushunchasi Vatan tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Farzandlar tarbiyasini, avvalo, oilada to‘g‘ri olib borish ko‘proq ayollar, onalar zimmasidagi mas’uliyatdir. Shu bois viloyat, shahar va tumanlarning xotin-qizlar qo‘mitalarida ayollarimizning ma’naviy-siyosiy dunyoqarashini shakllantirish, diniy ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish, ayollar bilan ishlash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. “Ayol va ma’naviyat”, “Ogohlik davr talabi”, “Diniy ekstremizm va aqidaparastlikning oldini olish” mavzularidagi suhbat, uchrashuv va seminarlar aholining barcha qatlamlari vakillari, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Inson — mehnati bilan aziz. Ayollarni ish bilan ta’minlash masalasi hukumatimiz va xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan nazorat ostiga olinganligi o‘z samarasini bermoqda. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi Tadbirkorlik palatasi, ijtimoiy ta’minot, mehnat va aholining bandligi boshqarmasi bilan hamkorlikda bu borada qadam-baqadam ish olib bormoqda. Ayollarni ish bilan ta’minlash masalalarini hal etish, ayniqsa, qishloq joylarda ularning mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilyapti.
Viloyat “Tadbirkor ayol” uyushmasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan biznes-klublar, uchrashuv va treninglarning ta’siri ham katta bo‘layotgani shubhasiz. Bugungi kunda viloyatimiz tadbirkor ayollari chet davlatlarda o‘tkazilayotgan anjumanlarda ham muvaffaqiyatli qatnashmoqdalar. Ular Misr, Turkiya, [Isroil], Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘z malakalarini oshirib kelishayotgani, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishlari bugungi o‘zbek ayolining yuksak kamolotidan darak emasmi?!
O‘zlarining tadbirkorlik salohiyatlarini namoyish etib, viloyat, respublika miqyosida o‘tayotgan ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyat qozonayotgan Ohangaron tumanidagi “^^Gulchehra^^” fermer xo‘jaligi raisi ^^Gulchehra Po‘latova^^, Yangiyo‘l tumanidagi “^^Mahliyo plyus^^” xususiy firmasi rahbari ^^Nargiza Jamolova^^ kabi ayollarning yurtda qadrlanayotgani ayni haqiqatdir. Tadbirkorlarni emin-erkin faoliyat yuritishga jalb qilishda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bir qator shahar va tumanlarda, jumladan Angren, Olmaliq, Yangiyo‘l, Chirchiq shaharlarida, Yangiyo‘l, Zangiota, Yuqorichirchiq, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Toshkent tumanlarida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy-mehnat huquqlarini himoya qilish muammolarini hal etish bo‘yicha harakat dasturining tuzilgani ham ayni muddao bo‘ldi.
Shu o‘rinda yana bir gap: ayol — eng avvalo ona, u oila sog‘lomligi va barqarorligiga kafildir. Shu sabab mamlakatimizda ayollar salomatligiga bo‘lgan e’tibor katta. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 iyuldagi “Oilada tibbiy madaniyatni oshirish, ayollar sog‘ligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni tarbiyalashning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2003 yil 25 avgustdagi “Nikohlanayotgan yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nizomini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlarining bajarilishi qat’iy nazoratda.
Zero, bu hujjatlarda xotin-qizlarning sog‘ligini saqlash, sog‘lom oilani shakllantirish, ayollar va umuman oila sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Bugungi kunda viloyatda ikkita reproduktiv salomatlik markazi, 20 ta tug‘ruq majmuasi, 257 ta ayollar maslahatxonasi, 174 ta qishloq vrachlik punkti ishlab turibdi. 433 nafar akusher-ginekolog, 796 nafar akusher-pediatr ayollar salomatligi yo‘lida mehnat qilmoqda.
Sog‘lom turmush tarzi — barkamollik omili. Shu ma’noda “Otam, onam va men” shiori ostida o‘tkazilayotgan marafonlar, “Oilam — faxrim”, “Oila — muqaddas”, “Oilada otaning o‘rni” kabi tadbirlar, “Barkamol avlod” sport musobaqalari ayollar, yoshlar salomatligini tiklashda muhim omil bo‘lmoqda. Viloyatimizda bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod” sport musobaqalari nafaqat mamlakatimizda, balki qo‘shni respublikalarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, iqtidorli qizlarni rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimiz Farmoni bilan ^^Zulfiyaxonim^^ nomidagi davlat mukofotining ta’sis etilgani ko‘plab iste’dod egalari kashf etilishiga turtki bo‘lmoqda. Viloyatimiz qizlaridan ^^Ruxsora To‘laboyeva^^, ^^Mastura Umirova^^, ^^Ekaterina Ablaeva^^, ^^Dilnoza Turg‘unboyeva^^, ^^Shahnoza Shojalilova^^, ^^Sofiya Bermagambetova^^ ana shunday yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lishdi.
Xullas, xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi o‘rni muttasil mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston mustaqilligining o‘n to‘rt yilligi bayrami arafasida jamiyatning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanayotgan ayollarimizning el-yurt oldidagi mavqei, obro‘-e’tibori, ta’siri ortib, ular tinch, totuv va farovon turmushimiz sababchilari ekanliklari faxr bilan e’tirof etilmoqda.