Qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish, yangi zamonaviy qurilish materiallari, konstruktsiyalari va buyumlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda uning turlarini kengaytirish, kadrlar tayyorlash, maktab ta’limi va uy-joy qurilishini rivojlantirish umumxalq dasturlarini amalga oshirishni hisobga olgan holda ichki bozorning qurilish materiallariga bo‘lgan talab-ehtiyoji qondirilishini ta’minlash, shuningdek eksport salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar 2010 yilgacha bo‘lgan davrda qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
birinchi navbatda ustuvor umumxalq ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish uchun iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholi qurilish materiallariga bo‘lgan talab-ehtiyojlari to‘liq qondirilishini nazarda tutgan holda ularni ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish;
qurilish materiallari ishlab chiqarishning yangi zamonaviy texnologiyalarini, jumladan, respublikamizda amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni rivojlantirish asosida joriy etish va o‘zlashtirish;
tarmoq korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini nihoyasiga yetkazish, xususiy korxonalar barpo etishni rag‘batlantirish hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘li bilan qurilish materiallari bozorini monopoliyadan chiqarish hamda raqobat muhitini vujudga keltirish;
hududlarning ehtiyojlari va istiqbolda mahalliy qurilish xomashyo resurslarining yangi konlarini o‘zlashtirishni hisobga olgan holda qurilish materiallari korxonalarining oqilona hududiy joylashtirilishini ta’minlash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, «Davarkhitektqurilish» qo‘mitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, umumta’lim maktablari, bolalar sporti, uy-joy va sanoat-fuqaro qurilishini rivojlantirish dasturlarining parametrlariga asosan ishlab chiqilgan 2005–2010 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
respublika mintaqalarida 2005–2010 yillarda qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirish va qurilish materiallarining yangi turlarini yaratish bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxati;
joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy rivojlanish dasturlari va sanoat-fuqaro qurilishining parametrlaridan kelib chiqqan holda 2005–2010 yillarda respublika mintaqalarida qurilish materiallari ishlab chiqarishni qo‘shimcha ravishda ko‘paytirish bo‘yicha maqsadli vazifalari;
2005–2010 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun o‘zlashtirilayotgan yangi noruda xomashyo konlari ro‘yxati;
2005–2010 yillarda qurilish materiallari eksportining maqsadli ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish borasidagi istiqbolli investitsiya takliflari ro‘yxati ma’qullansin.
4. «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi huzurida yangi texnologiyalar hamda qurilish materiallarining yuqori samarali yangi turlarini ishlab chiqarish sohasidagi amaliy ilmiy tadqiqotlar va konstruktorlik-texnologiya ishlanmalarini markazlashtirilgan tartibda moliyalashtirish uchun byudjetdan tashqari maxsus Jamg‘arma tashkil qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu maxsus Jamg‘armani shakllantirish manbalarini aniqlasin, mazkur Jamg‘armani shakllantirish va uning mablag‘laridan maqsadli foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi korxonalari tomonidan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan va mazkur Farmonda ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan uskunalar va yordamchi materiallar 2006 yilning 1 yanvaridan boshlab ikki yil muddatga bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) ozod qilinsin.
Belgilansinki, bo‘shaydigan mablag‘lar qurilish materiallari sanoati korxonalarini yangilash va texnika bilan qayta qurollantirishga maqsadli foydalanish uchun yo‘naltiriladi.
6. 2005–2009 yillarda qurilish materiallari sanoati korxonalariga noan’anaviy xomashyo turlarini yetkazib berish qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamasdan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda:
qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish borasidagi istiqbolli investitsiya loyihalari to‘g‘risidagi axborotni mahalliy va xorijiy investorlar, manfaatdor korxona va tashkilotlarning keng doirasiga yetkazsinlar;
yangi ishlab chiqarishlarni tashkil qilish hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishning yuqori unumli va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda tadbirkorlik subyektlariga yordam ko‘rsatsinlar.
8. Qurilish sohasida islohotlarning amalga oshirilishi monitoringi va faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha Respublika komissiyasi ([A.H. To‘xtayev]) ishlarning muvofiqlashtirilishini hamda 2010 yilgacha bo‘lgan davrda qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish jarayonlari, shuningdek ushbu Farmon bilan beriladigan imtiyoz va preferensiyalardan to‘g‘ri, maqsadli va samarali foydalanilishi monitoringi tegishli darajada olib borilishini ta’minlasin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari [A.H. To‘xtayev] zimmasiga yuklatilsin.