Respublika Prezidentining 2004-2006 yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risidagi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2004-2006 yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori hamda viloyat hokimining ushbu farmon hamda qarorning ijrosini ta’minlashga qaratilgan qarori e’lon qilinganiga besh oy bo‘ldi. Ana shu qonuniy hujjatlarga muvofiq bu yil viloyat bo‘yicha 21 ta istiqbolsiz shirkat xo‘jaligi negizida yuridik maqomga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklarini tashkil etish rejalashtirilgan edi.
Bu boradagi tashkiliy ishlar qanday amalga oshirildi? Muhbirimiz respublika dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi viloyat vakilligi rahbari [Abduqahhor Qurbonovga] shu haqida bir necha savol bilan murojaat etdi.
— Bundan bir yil muqaddam mamlakatimiz Prezidenti qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni jadallashtirish va yanada chuqurlashtirishning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan edi, — dedi [A. Qurbonov]. — Asosiy e’tibor fermerlarni faqat son jihatdan ko‘paytirishga emas, ularning faoliyatini sifat jihatidan takomillashtirishga qaratilgan edi. Ya’ni fermer xo‘jaliklarini shakllantirish, ularga ko‘rsatiladigan servis xizmatlarini har tomonlama kuchaytirish vazifasi qo‘yilgandi. Prezidentning 2004-2006 yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risidagi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining ushbu konsepsiyaning ijrosiga bag‘ishlangan qarori ana shu yo‘ldagi yana bir amaliy qadam bo‘ldi.
Muhimi shundaki, rejalashtirilgan 21 ta istiqbolsiz shirkat xo‘jaliklari negizida tashkil etilgan yangi fermer xo‘jaliklari avvalgilariga nisbatan bir necha baravar yiriklashtirildi. Ayni paytda, paxta va g‘alla yetishtiradigan fermerlarning har biriga o‘rtacha 55 gektardan, sabzavotchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan tumanlarda esa 9,7 gektardan yer taqsimlab berildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Prezidentning Farmoni va Vazirlar Mahkamasining qarori qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni chuqurlashtirishda nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanligini hayotning o‘zi isbotlamoqda. Ikki yil avval viloyatimizda 11 ta, ya’ni Yuqorichirchiq tumanida beshta, Bekobod, Bo‘ka, Chinoz, Pskent, Yangiyul, Ohangaron tumanlarida bittadan iqtisodiy nochor xo‘jalik tugatilib, o‘rnida fermer xo‘jaliklari tuzilgan edi. Tez orada bu tadbir yaxshi samara berib, o‘zini oqladi va eng to‘g‘ri, eng istiqbolli yo‘l ekanligini amalda ko‘rsatdi. Avvalo, egalik hissi paydo bo‘lib, yerga, ishlab chiqarish jarayonlariga munosabat o‘zgardi. Sarf-xarajatlarni imkon qadar kamaytirib, arzon va sifatli mahsulot yetishtirishga intilish kuchaydi. Natijada iqtisodiy samara ortdi.
Masalan, faqat 2003 yilning o‘zida tugatilgan 6 ta shirkat xo‘jaligi hududida faoliyat yuritgan fermer xo‘jaliklarida bir gektar g‘o‘za ishlov berishga sarflangan neft mahsulotlari 2002 yildagidan 20,6 foizga, o‘g‘it sarfi 15,3 foizga qisqardi. Rentabellik 4,3 foizga oshdi. Ta’kidlash joizki, bunday iqtisodiy samara hosildorlikni pasaytirmagan holda erishildi. Aksincha, sarf-xarajatlar kamayishi bilan bir vaqtda hosildorlik ham oshdi. Masalan, Yuqorichirchiq tumanidagi [U. Yusupov] nomli shirkat xo‘jaligi tugatilishidan avvalgi yili 4,5 million so‘m zarar ko‘rgan bo‘lsa, fermer xo‘jaligiga aylantirilgan yili 36 million so‘m sof foyda bilan chiqdi. G‘alla hosildorligi 42 sentnerga ko‘tarildi.
— Istiqbolsiz shirkat xo‘jaliklari o‘rnida yiriklashtirilgan fermer xo‘jaliklarini tashkil etish tamoyillari, tartib-qoidalari belgilab qo‘yilgan. Tashkiliy jarayonda ana shu talablarga qayer darajada amal qilindi?
— Prezident Farmoni va hukumat qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan viloyat hokimining qaroriga muvofiq istiqbolsiz xo‘jaliklar negizida fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularga xizmat ko‘rsatadigan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmalarini tuzish dasturlari ishlab chiqildi. Uni amalga oshirishda mutasaddi tashkilotlarga amaliy yordam berish uchun har bir hududga viloyat boshqarmalari rahbarlari biriktirildi.
Bundan tashqari shirkatlarni fermer xo‘jaliklariga aylantirish jarayonida qonun talablariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash maqsadida tumanlarga viloyat adliya va prokuratura organlari vakillari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari mas’ul vakil qilib tayinlandi.
Viloyat hokimining qaroriga binoan bu yil Bekobod tumanida 6 ta, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida 4 tadan, Bostanliq va Pskent tumanlarida ikkittadan, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq va Yangiyul tumanlarida bittadan xo‘jalik tugatilishi belgilangan bo‘lib, ularning barchasida shirkat a’zolarining umumiy majlislari o‘tkazildi va har bir xo‘jalik bo‘yicha tuzilgan qayta tashkil etish komissiyalari tarkibi ularga tanishtirildi. Tashkiliy jarayonlarning barchasi ochiq va oshkora kechishi uchun tugatilayotgan shirkatlarning a’zolariga yangi fermer xo‘jaliklarini tashkil etish tartib-qoidalari to‘liq ma’lumot berildi.
Qayta tashkil etish komissiyalari tugatilayotgan xo‘jaliklarning yer fondlari, mol-mulklari, texnika vositalari, ijtimoiy infratuzilmalari, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari hamda barcha aktiv va passivlarini belgilangan muddatda qayta hatlovdan o‘tkazdi va asosiy vositalarni qayta baholab chiqdi. Tugatilayotgan shirkatlarning jami 5154,7 million so‘mlik mol-mulkidan 434,1 million so‘mlik ijtimoiy obyektlar mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazildi. 1448,5 million so‘mligi kimoshdi savdosi orqali sotilib, kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga yo‘naltirildi. Qolgan mol-mulk qiymati yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga taqsimlab berildi.
— Farmon va qarorga muvofiq fermerlikka nomzodlarni tender, ya’ni tanlov asosida tanlash lozim edi. Demak, da’vogarlar ko‘p bo‘lishi kutilgandi. Aslida shunday bo‘ldimi?
— Da’vogarlar soni kutilganidan oshib ketdi. 30 277 gektar yer uchun komissiyalar tomonidan 2765 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Ya’ni bitta yer uchastkasiga o‘rtacha 3,7 nafar da’vogar to‘g‘ri keldi. Tanlov jarayonida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tavsiya etilgan talablarga qat’iy rioya qilindi. Asosiy e’tibor da’vogarning ma’lumoti, mutaxassisligi, ish tajribasi (staji), yoshi, oilasidagi ishlovchilar soni, pul mablag‘i va texnikasining bor-yo‘qligi kabi shartlarga qaratildi. Shu bilan bir vaqtda ilgari aynan shu shirkat xo‘jaligida ishlagan talabgorlarga ustuvorlik berildi. Pirovardida 2765 da’vogardan 753 nafari tenderda yutib chiqib, viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar safiga qo‘shilishdi.
— Endi ularning tarkibiga bir nazar tashlasak. Chunki, tugatilgan 21 ta shirkat xo‘jaligi orasida paxtachilik va g‘allachilikdan tashqari sabzavotchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashganlari ham bor.
— Yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklarining 532 tasi paxtachilik va g‘allachilik, 202 tasi bog‘dorchilik, qolganlari sabzavotchilik bilan shug‘ullanadi. Eng muhimi, tenderda yutib chiqqan fermerlarning 475 nafari yoki 64 foizi aynan shu xo‘jalikda oilaviy pudratchi bo‘lib ishlab kelgan mahalliy aholi vakillaridir.
— Darvoqe, iqtisodiy nochor xo‘jaliklar tugatilishi munosabati bilan minglab a’zolarining doimiy ish joylari — ya’ni muqim daromad manbalaridan mahrum bo‘lishlari tabiiydir. Masalaning bu muhim ijtimoiy jihati qanday hal etildi?
— Masalaning bu tomoni viloyat hokimligining qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan dasturda aniq hisobga olingan edi. Shu bois shirkat xo‘jaligi a’zoligidan bo‘shatilgan aholini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlash hech qanday qiyinchiliksiz, muammolarsiz hal etildi.
Tugatilgan 21 ta shirkat xo‘jaligining a’zoligidan bo‘shatilgan 12 478 nafar kishining 11 475 nafari yoki 92 foizi yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga shartnoma asosida ishga qabul qilindi. 479 a’zo tumanlarning mehnat birjalari orqali boshqa sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. 544 kishi esa, yoshi yetganligi munosabati bilan pensiyaga chiqarildi.
— Yangi fermer xo‘jaliklari shu yildan to‘la kuch bilan ishga kirishib ketishi uchun ularga xizmat ko‘rsatadigan ta’minotchi tashkilotlarni bir yo‘la shakllantirish lozim edi. Tadbirlar belgilangan bu vazifa qanday uddalandi?
— Past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan istiqbolsiz shirkat xo‘jaliklarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish masalasiga bag‘ishlab 2003 yil 11 noyabrda o‘tkazilgan yig‘ilish qarori bilan viloyat hokimligi agrosanoat majmui, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, Markaziy bank va boshqa tegishli tijorat banklari viloyat bo‘limlari, viloyat Qishloq xo‘jalik kimyotaminot, O‘zneftmahsulot unitar korxonalari, viloyat MTPlar birlashmasi, tuman hokimliklari zimmasiga tugatilayotgan har bir xo‘jalik hududida yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga servis xizmati ko‘rsatadigan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmalarini shakllantirish va ishga tushirish vazifasi yuklangan edi. Shunga muvofiq fermerlar uchun qulay bo‘lgan hududlarda 21 ta muqobil MTP, 18 ta mini-bank, 20 ta neft mahsulotlari va 21 ta mineral o‘g‘it sotish shoxobchalari, 21 ta suvdan foydalanuvchilar uyushmasi, 11 ta naslli mollarni sotish va zooveterinariya xizmati ko‘rsatish shoxobchasi, 4 ta axborot-konsalting xizmati shoxobchasi ochildi.
Paxtakor tumanlarda shirkat hamda yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklarini zarur texnika vositalari bilan ta’minlash uchun amaliy choratadbirlar ko‘rildi. Chunonchi, shu yil yanvar oyidan boshlab, Toshkent traktor zavodidan 35 ta TTZ-80-11 chopiq traktori imtiyozli bank kreditlari hisobidan, 35 tasi esa, 7 yil muddatga 6 foizli lizing usulida olinib, fermer xo‘jaliklariga berildi. Yana 230 ta shunday traktorlar olish rejalashtirilgan. Bundan tashqari Rossiyaning Oltoy o‘lkasidan 100 ta zanjirli T–4A rusumli haydov traktori keltirish yuzasidan kelishilgan bitim kuchga kirib, hozir 48 tasi qabul qilindi. Qolgan 52 ta traktor ham yaqin kunlarda yetib keladi. Bular ham mablag‘i bor shirkat va fermer xo‘jaliklari hamda MTPlarga tarqatiladi.
Hozirgi kunda yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari servis tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida o‘z faoliyatlarini boshlab yubordilar. Biroq, ularning faoliyatini keng yo‘lga qo‘yib, to‘la kuch bilan ishlab ketishlarini ta’minlash uchun yangi tashkil etilgan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmalarida servis xizmatini ko‘rsatishni har tomonlama yaxshilab, fermerlarning talab-ehtiyojlarini to‘la qondiradigan darajaga yetkazish uchun hali ko‘p ish qilishimiz lozim.